St. Pauli: qulash va yangi mavsumga tayyorgarlik
2024/25 mavsumida tarixiy saqlanib qolish. Oradan bir yil o‘tib esa – tubanlik. St. Pauli 2025/26 yilda atigi 6 g‘alaba, 8 durang va 20 mag‘lubiyat bilan 2. Bundesliga ga qulab tushdi va turnir jadvalining eng past pog‘onasida yakunladi. 1995/96 yildan beri ko‘tarilib, keyingi mavsumdayoq tushib ketmagan klub uchun bu zarba og‘ir bo‘ldi.
Qulash bilan birga tozalash ham boshlandi. Bir nechta yetakchi futbolchilar ketdi, bosh murabbiy Alexander Blessin esa mavsum tugaganidan ko‘p o‘tmay iste’foga chiqarildi. Millerntor atrofida kayfiyat og‘ir, lekin umidsiz emas. Yangi murabbiy, yangi transferlar, yangi mavsum. Savol bitta: bu safar Die Kiezkicker qanday javob qaytaradi?
Transferlar: afsonalar ketdi, mas’uliyat boshqalar zimmasida
Yozgi oynaning eng katta zarbasi – Jackson Irvine ketishi bo‘ldi. 153 o‘yin, 15 gol, 21 golli uzatma. Kapitanlik, 2023/24 yilda ko‘tarilish, tribunalar bilan alohida aloqadorlik. U nafaqat maydonda, balki klub ruhining bir bo‘lagi edi.
Shu bois uning Cerezo Osaka ga o‘tish so‘rovi ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Ayniqsa, transfer St. Pauli ning yangi mavsumdagi ilk o‘yinidan bir haftadan ham kamroq vaqt qolganda e’lon qilingani fonida.
Chuqurroq qarasak, yo‘qotishlar ro‘yxati bundan ham uzunroq. Darvozada – Nikola Vasilj, 167 o‘yin va 43 “quruq” uchrashuvdan so‘ng erkin agent sifatida Al-Diriyah safiga ketdi. Himoyaning markazida tayanch bo‘lgan Karol Mets ham bepul ravishda Bochum ga yo‘l oldi (91 o‘yin). O‘ng qanotdagi energiya Manolis Saliakas 1,3 million yevro evaziga Olympiacos ga ketishi bilan yo‘qoldi (120 o‘yin). Himoya liderlaridan yana biri Hauke Wahl 2 million yevroga Wolfsburg ga o‘tdi (105 o‘yin), hujumkor yarim himoyachi Daniel Sinani esa erkin transfer orqali Sampdoria tarkibini to‘ldirdi (70 o‘yin).
Bu darajadagi yo‘qotishlar odatda klubni larzaga soladi. St. Pauli esa javob qaytarishga majbur edi.
Oldinga chiziqni kuchaytirish uchun klub tajribali forvard Branimir Hrgota ni Fürth dan olib keldi. Bu shunchaki tajribali futbolchi emas. U – klub tarixida Germaniya futbolining ikki oliy ligasida eng ko‘p gol urgan Fürth hujumchisi: 238 o‘yinda 69 gol va 41 golli uzatma. Aynan u 2020/21 mavsumida 16 gol va 7 assist bilan Fürth ni tarixida atigi ikkinchi marta Bundesliga ga olib chiqqan. Eng muhimi – u bepul kelgan.
Bu St. Pauli uchun yutuq. Irvine ketishi fonida kiyinish xonasida tajriba, maydonda esa gol sezilarli darajada yetishmasligi mumkin edi. Hrgota ikkala bo‘shliqni ham to‘ldirishga urinadi.
Himoya chizig‘iga esa Magdeburg ning ko‘p ko‘rgan markaziy himoyachisi Marcus Mathisen bepul qo‘shildi. Yo‘qotishlar fonida bu transfer ham zarurat, ham imkoniyat sifatida ko‘rinadi: Rapp tizimida uchlik himoya uchun ishonchli, tajribali o‘yinchi kerak.
Eng katta o‘zgarish esa yon chiziqda. Klub 47 yoshli Marcel Rapp ni Holstein Kiel dan olib keldi. U 2023/24 yilda Kiel ni tarixida ilk bor Bundesliga ga olib chiqqan murabbiy. Qiziq paradoks: o‘sha mavsumda St. Pauli ham chempion bo‘lib, yuqoriga ko‘tarilgandi. Endi esa o‘sha ikki muvaffaqiyatli hikoyaning yo‘llari Millerntor da kesishdi.
Rappning yozgi sinovi: gollar, ishonch va birgina og‘riqli mag‘lubiyat
Yozgi o‘rtoqlik uchrashuvlari St. Pauli ning yangi yuzini birinchi bo‘lib ochdi. Rapp nima qurmoqchi? Qanday pressing, qanday ritm, qanday xatar?
Dastlabki sinov – shahardagi tanish raqib Altona 93 ga qarshi o‘yin. Natija ishonchli: 2:6. Hujum ishlayapti, gollar kelmoqda. Keyin Regionalliga Nord vakili Kickers Emden ga qarshi uchrashuv – 1:3 hisobidagi g‘alaba, lekin bu safar biroz qiyinroq kechgan sinov.
Uchinchi o‘yin – Babelsberg ga qarshi, tribunalar o‘rtasidagi do‘stlik bilan mashhur duel. Maydonda esa do‘stlik bo‘lmadi: St. Pauli 1:4 hisobida ustun keldi. Eng yorqin lahza – Abdoulie Ceesay ning birinchi bo‘limdayoq rasmiy hat-trigi. Yangi mavsum arafasida bu ismni eslab qolish kerakdek tuyuldi.
Keyingi raqib – Xorvatiyaning Gorica jamoasi. Bu safar ham g‘alaba: 2:1, gollar mualliflari Louis Oppie va Ricky-Jade Jones. Ammo shu o‘yin quvonch bilan birga xavotir ham olib keldi. Babelsberg ga qarshi uchrashuvda yulduzga aylangan Ceesay to‘piqdagi kapsula-boylam jarohati bilan maydonni tark etdi. Hujum chizig‘ida rejalashtirilgan variantlardan biri vaqtincha yo‘q.
Yozgi tayyorgarlikning eng jiddiy sinovi esa Premier League va Europa League ishtirokchisi Bournemouth ga qarshi bo‘ldi. Avstriyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda St. Pauli birinchi bo‘lib hisobni ochdi – 22-daqiqada Kaars gol urdi. Shundan so‘ng esa jamoa butunlay so‘ndi: 27 daqiqa ichida 4 ta gol o‘tkazib yuborildi va 4:1 hisobidagi mag‘lubiyat qayd etildi. Yozgi safardagi yagona, lekin juda esda qoladigan zarba.
Millerntor dagi mavsumoldi taqdimot esa LaLiga ga yangi ko‘tarilgan Deportivo de La Coruña ga qarshi o‘yin bilan bo‘ldi. St. Pauli ikki marta oldinga chiqdi – avval Taichi Hara, so‘ng Kaars gol urdi. Biroq 84-daqiqada ispaniyaliklar hisobni tenglashtirdi va uchrashuv 2:2 bilan yakunlandi. G‘alaba qo‘ldan chiqdi, lekin tomoshabinlar yangi jamoaning hujumdagi salohiyatini ko‘rdi.
Taktika va ehtimoliy tarkib: uchlik himoya, moslashuvchan hujum
Marcel Rapp o‘zining uchlik himoyali tizimidan voz kechmaydi, degan taxminlar bejiz emas. Aynan shu model uni Holstein Kiel bilan tarix yaratishga olib kelgandi.
St. Pauli da ham shunday bo‘lishi kutilmoqda. Himoyada 3 kishilik chiziq, qanotlarda faol, baland joylashadigan futbolchilar va oldingi chiziqda doimiy harakatlanish.
Eric Smith ning sog‘lig‘i mavsum starti – Fürth ga qarshi o‘yin oldidan hanuz noaniq. Demak, orqa uchlikda Tomoya Ando yoki Adam Dzwigala asosiy tarkibda boshlashi ehtimoli yuqori. Yangi kelgan Marcus Mathisen bu blokning markazida muhim figura bo‘lishi kutilmoqda, yonida esa Nemeth bilan birga uchlikni to‘ldiradi.
Markaziy yarim himoyada Fujita asosiy tayanch bo‘lishi kutiladi. Uning yonida Rasmussen yoki Metcalfe dan biri start olishi mumkin. Qanotlarda esa Pyrka va Oppie ko‘rinish berishi ehtimoli katta – ikkalasi ham yuqori intensivlik, kenglik va tezkor o‘tishlar uchun mos futbolchilar. Zaxirada Lars Ritzka va Erik Ahlstrand kabi ishonchli variantlar bor, bu esa mavsum davomida rotatsiya uchun muhim.
Oldingi chiziqda variantlar ko‘p, lekin murabbiy uchun yoqimli bosh og‘rig‘i. Hrgota odatda chuqurroq joylashgan ikkinchi forvard sifatida Jones, Hara yoki Ceesay (sog‘aygach) bilan juftlikda o‘ynashi mumkin. Eng oldinda esa Kaars – yuqori pressing, bo‘sh zonalarga yugurish va yakunlash vazifalarini bajaruvchi asosiy nishon.
Kutilayotgan sxema shunday ko‘rinish olishi mumkin (3-4-2-1): Voll – Nemeth, Mathisen, Ando – Pyrka, Rasmussen, Fujita, Oppie – Hrgota, Jones – Kaars.
Bu tarkib qog‘ozda raqobatbardek ko‘rinadi. Savol – u qanchalik tez bir-birini tushunib, tizimga moslashadi?
Prognoz: tarix ogohlantiradi, tarkib esa umid uyg‘otadi
St. Pauli muxlislarini eslatmasdan bo‘lmaydi: klub oxirgi marta 2010/11 mavsumida tushib ketganida, Bundesliga ga qaytish uchun 13 yil kerak bo‘lgandi. Eng tezkor qaytish esa klub tarixida atigi ikki marta va har safar to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng ro‘y bergan.
Shu fonida hozirgi vaziyatga qarash boshqa. Bu safar ham shuncha kutish kerak bo‘ladimi? Yoki Millerntor bu safar tezroq javob qaytaradimi?
Haqiqat shuki, St. Pauli bir qator asosiy futbolchilarini yo‘qotdi. Lekin yadrosi saqlanib qoldi. Yangi qo‘shilganlar ham tajribali va maqsadli tanlangan. Yozgi o‘yinlar shuni ko‘rsatdiki, bu jamoa hanuz raqibidan kuchli o‘ynashni, bosim ostida ham oldinga qarab hujum qilishni biladi.
Yana bir fakt: hozirgi tarkib qiymati bo‘yicha St. Pauli 2. Bundesliga da ikkinchi o‘rinda turadi. Faqat Wolfsburg yuqorida. Ha, oradagi farq deyarli 200 million yevroga yaqin, lekin baribir bu liga miqyosida kuchli resurs.
Oldinga qarasak, raqobat shafqatsiz bo‘ladi. Wolfsburg chempionlik uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rinmoqda. 2- va 3-o‘rinlar uchun esa haqiqiy “it talash” boshlanishi mumkin: Hannover, Bundesliga dan yangi tushgan Heidenheim va boshqa ambitsiyali klublar safda.
Shu sharoitda St. Pauli uchun realistik maqsad – kamida kuchli oltitalik. Agar Hrgota tezda moslashsa, Ceesay sog‘ayib qaytsa, Rapp ning uchlik himoya tizimi esa jamoa tomonidan tez qabul qilinsa, kuchli uchlik ham mutlaqo haqiqatga yaqin ssenariy.
Millerntor tribunalarida esa bitta savol allaqachon yangrayapti: bu safar qaytish uchun necha yil kerak bo‘ladi?


