Sport Maydon logo
Woman speaking in front of YouTube backdrop

WTA yulduzlarining tanaffusi: Maldiv orollaridan Los-Anjelesgacha

50 ta turnir, 26 ta mamlakat, bir butun yil davom etgan WTA Tour Driven by Mercedes-Benz mavsumi ortda qoldi. Endi esa raketkalar bir muddat chetga surildi. Kortdagi keskin almashinuvlar o‘rnini quyosh, dengiz, tog‘ yo‘llari va biroz shaxsiy hayot egalladi. Tanaffus rasman boshlandi – va yulduzlar bu fursatdan to‘liq foydalanmoqda.

Aryna Sabalenka: Los-Anjelesda “reset”

Dunyo reytingida 3-raqam ostida qayd etilgan Aryna Sabalenka quyoshli Los-Anjelesni tanladi. U yerda u tog‘ yo‘llarida sayr qildi, yaqin do‘stlari bilan vaqt o‘tkazdi, Lakers uchrashuvini tribunadan kuzatdi. Shuningdek, The Hollywood Roosevelt mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan YouTube Creator Premieres tadbirida qizil yo‘lakdan ham yurib o‘tdi. Kortdagi agressiv o‘yinchi bu safar shahar hayotidan zavq olayotgandek.

Iga Swiatek: Maldivlarda kitob va suv osti dunyosi

Olti karra “Grand Slam” chempioni Iga Swiatek esa tinchlikni tanladi. Uning manzili – Maldiv orollari. U bu yerda sho‘ng‘ish bilan shug‘ullanmoqda, suv osti manzaralaridan bahra olmoqda. Albatta, u kortdan tashqaridagi eng sevimli mashg‘ulotini ham tark etmadi: kitob o‘qish yana kun tartibining markazida.

Iva Jovic: futbol ruhidagi tanaffus

Dunyo reytingida 13-o‘rindagi Iva Jovic kortni bir muddat “San Siro” shovqini bilan almashtirdi. U Inter Milan o‘yinini stadiondan tomosha qildi va klubdan o‘z nomi tushirilgan maxsus futbolka ham qabul qildi. Tenischi uchun bu safar futbol maydoni yangi sahnaga aylandi.

Marta Kostyuk: plyajdan diplomatik sahnaga

Marta Kostyuk avvaliga Kosta-Rikada plyajda hordiq chiqardi. Quyosh, qum, dengiz – klassik tanaffus manzarasi. Lekin dam olish faqat shundan iborat bo‘lib qolmadi. U Bryussel va Strasburgga yo‘l olib, u yerda ukrainalik yoshlar manfaatini himoya qilish, ularning ovozini eshittirish uchun uchrashuvlarda qatnashdi. Tatil va missiya bir-birini to‘ldirdi.

Anastasia Potapova: Maldivlarda sokin ov

Dunyo reytingida 28-raqam bo‘lgan Anastasia Potapova ham Maldivni tanlaganlar safida. U nafaqat dam oldi, balki baliq ovlash bilan ham shug‘ullandi. Kortdagi raqobat o‘rnini bu safar dengizdagi sabr va osoyishtalik egalladi.

Leylah Fernandez va Karolina Muchova: tezlik va yangi o‘yinlar

Mavsumni kuchli yakunlagan Leylah Fernandez Las-Vegasga yo‘l oldi. Uning maqsadi aniq edi: Formula 1 Las Vegas Grand Prix poygasini jonli tomosha qilish. Shahar chiroqlari, bolidlar shovqini, maksimal tezlik – adrenalin bu yerda ham yetarli.

Dunyo reytingida 8-o‘rindagi Karolina Muchova ham o‘sha yerda bo‘ldi. U ham F1 muhitini his qildi, ham o‘zining Invisible Skin hamkori Priscilla Hon bilan birga pickleball o‘ynab, yangi sport zavqini sinab ko‘rdi. Kortdan chiqsa ham, raketka qo‘lidan tushmaydi.

Dayana Yastremska: Shimoliy Italiyada hovuz va manzara

Dunyo reytingida 102-o‘rinda qayd etilgan Dayana Yastremska Shimoliy Italiyani tanladi. U yerda u hovuz bo‘yida hordiq chiqardi, atrofdagi manzaralar esa istalgan sayyohni havasga soladigan darajada edi. Suv, tog‘lar, sokinlik – qayta kuch to‘plash uchun mukammal fon.

Ann Li: kubokdan so‘ng – Madrid tribunalariga

Billie Jean King Cup doirasida AQSh terma jamoasiga Vengriyaga qarshi g‘alabada yordam bergan Ann Li tanaffusni Ispaniyada davom ettirdi. Madridga uchib borib, u yerda futbol uchrashuvini stadiondan tomosha qildi. Mamlakatlar, sport turlari, atmosferalar almashadi, lekin raqobat ruhi hamon yonida.

Emma Raducanu: tug‘ilgan kun, qaytish va orzu safari

Sobiq US Open chempioni Emma Raducanu uchun bu tanaffus alohida bosqich. U yanvarda United Cup musobaqasi orqali WTA Tour Driven by Mercedes-Benz doirasiga qaytishga hozirlik ko‘rmoqda. Shu orada u do‘stlari bilan 24 yoshini nishonladi – esda qoladigan tug‘ilgan kun. Shundan so‘ng esa u uzoq vaqtdan beri rejalashtirib kelgan orzu safariga – Abu Dhabi tomon yo‘l oldi.

Victoria Mboko: Los-Anjelesda ish va zavq muvozanati

Dunyo reytingida 21-o‘rindagi Victoria Mboko ham yaqinda United Cup orqali turga qaytadi. Hozircha esa u Los-Anjelesda shaklini tiklamoqda. Mashg‘ulotlar jadvali qattiq, ammo shaharni kezish, yaxshi taomlar tatib ko‘rish uchun ham vaqt topmoqda. Eng qiziq nuqtalardan biri – uning Crypto.com Arena kortida maydonga tushish imkoniga ega bo‘lgani.

Jessica Pegula: muzqaymoq “tahlili” davom etadi

Jessica Pegula tanaffusni o‘ziga xos tarzda o‘tkazmoqda. U do‘stlari davrasida, eng yaqinlar bilan. Va albatta, muzqaymoq. U turli ta’mlarini sinab ko‘rib, o‘ziga xos “shaxsiy reyting”ini tuzishda davom etmoqda. Uning dam olishi ham tartibli, ham zavqli.

Maja Chwalinska: orzu mavsumi va Maldiv mukofoti

Bu yil Maja Chwalinska uchun burilish nuqtasiga aylandi. U Roland Garros turnirida saralashdan finalgacha yetib bordi, so‘ngra Wuhan musobaqasida ilk karera chempionligini qo‘lga kiritdi. Shunday mavsumdan keyin savol tug‘ilmaydi: u qayerga borishi mumkin? Javob oddiy – yana Maldiv. Bu safar esa mukofot sifatida, o‘zini rag‘batlantirish uchun.

Zheng Qinwen: moda sahnasida

Dunyo reytingida 22-o‘rindagi Zheng Qinwen kortdan tashqarida ham yulduzga aylangan. Dior global elchisi sifatida u brendning Shanxaydagi do‘koniga tashrif buyurdi va u yerda yorqin fotosuratlar oldirdi. Tenis va moda – uning uchun endi yonma-yon yurayotgan ikki sahna.

Jelena Ostapenko: Dubayda dengiz bo‘yida

Dunyo reytingida 25-raqamli Jelena Ostapenko Dubayda dengiz bo‘yida vaqt o‘tkazmoqda. Qayiq, to‘lqinlar, issiq iqlim – uning tanaffusi ham shahar shukuhidan ko‘ra, suv va ufq manzarasi bilan esda qoladi.

Anna Kalinskaya: kortdan tashqaridagi eng katta qaror

Dunyo reytingida 26-o‘rindagi Anna Kalinskaya bu mavsum oralig‘ini hayotidagi eng katta qadamlaridan biri bilan belgiladi. U o‘zining Tomas Ferrari bilan unashtirilganini e’lon qildi. Bir qarashda tanaffus, aslida esa yangi bosqich boshlanishi.

Kortlar hozircha jim. Lekin Maldiv qumlarida, Las-Vegas tribunalarida, Los-Anjeles tog‘ yo‘llarida to‘plangan bu energiya tez orada yana raketka zarbalariga aylanadi. Savol bitta: kelayotgan mavsumda kim dam olishni kuchga, kuchni esa chempionlikka aylantira oladi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil