
Dustin Poirier: Oblique kick va MMA kelajagi
Dustin Poirier: “Bu jang, aka. Qurollarni olib qo‘ymang”
UFC 318’dan keyin aralash jang san’atidan ketgan Dustin Poirier hali ham oktagon atrofidagi eng baland ovozlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa gap qoidalar, taqiqlar va jangni “yumshatish” haqida ketganda.
So‘nggi bahs — tizza tomon beriladigan mashhur oldingi tepki, ya’ni oblique kick atrofida. Yillar davomida bu zarba Jon Jones nomi bilan bog‘lanib kelgan, raqibning tizzasini “qulf” qilib, butun jangni buzib qo‘yishi bilan tanilgan. Endi esa bu zarba rasman taqiqlanishi mumkinligi haqida gap ketmoqda.
Poirier bunga qat’iy qarshi.
Oblique kick atrofidagi bo‘linish
Janjal Joe Rogan podkastida yana alanga oldi. U Paddy Pimblett ishtirok etgan sonlarda oblique kick tez orada taqiqlanishi kutilayotganini aytdi. Dana White ham bu fikrni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan.
California State Athletic Commission masalani UFC 331’dan keyin ko‘tarib chiqdi. O‘sha kechada Edmen Shahbazyan bir necha bor aynan shu zarbani qabul qilganidan so‘ng, komissiya tizzaga qaratilgan tepki bo‘yicha alohida majlis o‘tkazdi. Shundan beri sport ichida fikrlar ikki lagerga bo‘linib ketdi: kimdir jangchilarning sog‘lig‘ini himoya qilish kerak desa, boshqalar jang mohiyatining o‘zi yo‘qolayotganini aytmoqda.
Poirier ikkinchi lager safida. Va u bu pozitsiyasini juda sodda, juda aniq ifoda qildi.
“Keyin burunlar sinadi deb jabni ham taqiqlashadi,” — dedi u UFC’ning “Deep Waters” podkastida. “Biz urishyapmiz, aka, biz urishyapmiz… Bu qurol. Siz qurollarni olib qo‘yapsiz.”
“Bu Nickelodeon emas”
Poirier uchun bu faqat bitta zarba haqida emas. Bu butun sportning yo‘nalishi haqida.
“Bu no holds barred bo‘lishi kerak. Bu mixed martial arts,” — dedi u davom etib. “Biz buni Nickelodeon darajasiga tushirib, haddan tashqari yumshata olmaymiz.”
Uningcha, MMA’ni xavfsizroq qilishga qaratilgan har bir yangi qoidaning narxi bor — va bu narx, oxir-oqibat, sportning o‘zi bo‘lishi mumkin.
“Men kamroq qoidalar tarafdoriman… Biz bir-birimizni og‘ritishga harakat qilyapmiz, odam,” — dedi Poirier. “Agar shundan qo‘rqayotgan bo‘lsang, jang qilma. Olim bo‘l.”
Keskin, ammo Poirier uslubiga xos gaplar. U oktagonda hamisha shu falsafa bilan yurgan: qochish emas, kirish; chekinish emas, to‘qnashuv.
Tizzaga tepki – texnika yoki tahdid?
Oblique kick faqat nazariya darajasida qolmayapti. Hozirgi avlod yulduzlari bu zarbani faol ishlatyapti.
Ian Machado Garry raqiblarining oyoqlariga aynan shu zarba bilan ko‘p bora hujum qilgani bilan tanilgan. Uning oblique kick’lari Shavkat Rakhmonov uchun og‘ir oqibatlarga olib keldi: Qozog‘istonlik yulduz 2024 yil dekabrdagi jangdan beri oktagonga qaytmagan. Tizza zarbasi bu darajada ta’sir qilganda, sog‘liq va kariyera xavfi haqidagi savollar tabiiy paydo bo‘ladi.
2021 yilda Khalil Rountree Jr. ham bu texnikaning naqadar vayronkor bo‘lishini yaqqol ko‘rsatdi. Uning Modestas Bukauskas tizzasiga bergan oblique kick’i jangni darhol tugatdi va tomoshabinlar ekran orqali ham tizza qanday “bukilganini” ko‘rib, seskanib ketishdi.
Mana shunday misollar regulyatorlarni o‘ylantiryapti. Qoidabuzarlik emas, ruxsat etilgan zarba. Ammo natijasi — og‘ir jarohat va uzoq tiklanish.
Qayerda chiziq tortiladi?
Poirier uchun esa chiziq allaqachon chizilgan: MMA — bu jang. Unda xavf bo‘ladi. Bu xavfni butunlay yo‘qotishga urinish sportning ruhiga xiyonat, deb hisoblaydi u.
Uning fikri ko‘p jangchilar qalbiga yaqin. Chunki har bir taqiq — bu kimningdir sevimli quroli, yillar davomida ishlab chiqqan texnikasi, o‘ziga xos uslubi ustidan chizilgan chiziq. Bugun oblique kick, ertaga pastki leg-kick, keyin tirsaklar, keyin esa nima?
Komissiyalar va promouterlar esa boshqa tomonni ko‘ryapti: uzoq muddatli tizzalar, bo‘g‘imlar, miya salomatligi, millionlab dollar sarmoya kiritilgan yulduzlarning barvaqt yakun topgan kariyerasi.
Bahs keskinlashgani sari bitta savol tobora balandroq yangrayapti: MMA o‘zining “aralash jang san’ati” mohiyatini saqlab qoladimi yoki asta-sekin, qadam-baqadam, Poirier qo‘rqayotgan “Nickelodeon” versiyasiga aylanib boradimi?
