Sport Maydon logo

Arsenal Arteta bilan yangi shartnoma

Premier League chempioni Arsenal bosh murabbiyi Mikel Arteta bilan yangi, yaxshilangan shartnoma borasida kelishuvga erishdi. Klub ichkarisida bu qaror allaqachon qabul qilingan, endi esa London jamoasi o‘z loyihasining bosh me’morini uzoq muddatga qo‘lida ushlab qolmoqda.

Ispaniyalik mutaxassisning amaldagi shartnomasi mavsum oxirida yakuniga yetishi kerak edi. Bir necha oydan beri davom etayotgan muzokaralar esa nihoyat yakuniga yetdi. BBC Sport bu oy boshidayoq tomonlar kelishuvga juda yaqin turganini xabar qilgandi. Endi esa Arteta va klub rahbariyati o‘rtasida so‘nggi nuqta qo‘yildi.

Rasmiy raviyda muddat ochiqlanmagan bo‘lsa-da, yangi bitim Artetani kamida klubdagi o‘ninchi yiligacha olib borishi kutilmoqda. U Emirates’ga 2019-yil dekabrida kelgan, shundan beri Arsenalni qayta qurib, yana chempionlik pog‘onasiga olib chiqdi. Endi bu loyiha qisqa muddatli tajriba emas, balki uzoq muddatli strategiyaning markaziga aylangan.

Yangi shartnoma murabbiy uchun moliyaviy jihatdan ham keskin sakrash bo‘ladi. Uning hozirgi yiliga 10 million funtlik maoshi va 5 million funt bonuslari yanada oshiriladi. Bu raqamlar bir narsani aniq ko‘rsatadi: klub rahbariyati Artetani nafaqat sport natijalari, balki butun tizimni boshqarayotgan markaziy figura sifatida ko‘radi.

Arteta o‘tgan hafta shartnoma mavzusiga qisqacha to‘xtalib, muxlislarning kayfiyatini bir jumla bilan tinchitgan edi: “Ular bu narsalar haqida xavotir olishi shart emas, chunki men bu yerda bo‘lishni xohlayman. Men bu yerda juda baxtliman va yonimda ishlayotgan odamlarga juda minnatdorman”, — degandi u.

Bu so‘zlar endi qog‘ozdagi kelishuv bilan mustahkamlandi. Arsenal uchun esa bu nafaqat murabbiy bilan yangi bitim, balki klub falsafasiga sodiqlik bayonoti. Endi savol bitta: uzoq muddatli ishonch va kuchaygan resurslar bilan Arteta yana nechta sovrin olib keladi?

Arsenal Arteta bilan yangi shartnoma
Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil