Newcastle United yangi davrga qadam qo‘ydi
Taynsaydda bir davr tugadi. Ko‘pchilik esa buni Bristol City bilan o‘sha 4:1 hisobidagi mag‘lubiyat paytida ham sezmagan edi.
Samolyot orqaga – uyga qaytayotgan payt. Eddie Howe ekranga tikilgancha, Ashton Gate’dagi o‘sha mash’um o‘rtoqlik uchrashuvining bo‘laklarini yana va yana ko‘rib chiqardi. Jismonan holdan toygan, ruhiy jihatdan ham charchagan murabbiy baribir javob izlardi: nimasi noto‘g‘ri ketdi, nega shunchaki “navbatdagi” yozgi o‘yin ham bunchalik og‘riqli bo‘ldi?
Ertasi tongda hammasi oshkor bo‘ldi. Howe iste’foga chiqqani e’lon qilindi.
U klub rahbariyatiga bu qarorini bir necha hafta avval aytgan, lekin voris topilmaguncha – Matthias Jaissle kelguncha – qolishga rozi bo‘lgan edi. Aslida esa Newcastle United allaqachon yangi aylanishga kirib ulgurgan edi.
Yangi model, eski og‘riq
O‘tgan yozgi transfer oynasi klubni qattiq charchatdi. Ichki chempionatdagi mashaqqatli mavsum ham o‘z izini qoldirdi. Shundan so‘ng Newcastle yo‘nalishni keskin o‘zgartirdi.
Endi klub qit’a bo‘ylab yosh futbolchilarga ko‘z tikmoqda, ma’lumotlar tahlili bo‘limi kengaytirildi, savdo modeli yo‘lga qo‘yildi. Bu esa shunchaki zamonaviy tendensiya emas – Uefa moliyaviy qoidalarini buzganidan keyingi cheklovli kelishuv tufayli zaruratga aylangan mexanizm.
Og‘riqsiz bo‘lmadi, albatta.
Sandro Tonali va Anthony Gordon’ning Tottenham Hotspur hamda Barcelona’ga ketishi klub uchun og‘ir qaror bo‘ldi, ammo haqiqiy qayta investitsiya qilish uchun zarur bo‘lgan qurbonlik sifatida qabul qilindi. Biroq sardor Bruno Guimaraes’ning Arsenal sari yo‘l olishi rejaga kirmagan zarba bo‘ldi.
Transfer bozorida boy berilgan nishonlar ham yetarli: Ispaniya vingeri Victor Munoz Liverpool’ni tanladi, Shveytsariya markaziy yarim himoyachisi Johan Manzambi esa Aston Villa bilan qo‘l siqishdi.
Shunga qaramay, yoz bo‘yi besh nafar qiziqarli futbolchi kelib qo‘shildi: darvozabonlar Lukas Hornicek va Ewen Jaouen, yarim himoyachilar Aladji Bamba va Sean Steur, hujumchi Bazoumana Toure. Biroq sport direktori Ross Wilson hali ishlar tugamaganini yaxshi biladi.
Uning so‘zlari qisqa, lekin aniq: “Bu yerda raqobatlasha oladigan, g‘alaba qozona oladigan model qurishimiz kerak. Lekin shu bilan birga, bizga mos, biz xohlamagan futbolchilarni sotishga majbur qilmaydigan va Uefa sanksiyalariga olib kelmaydigan model bo‘lishi zarur”.
Shu nuqtada Jaissle sahnaga chiqadi.
Jaissle davri: tezlik, bosim, qayta yuklash
Red Bull Salzburg davrida u yosh futbolchilarni tarbiyalash bo‘yicha kuchli obro‘ qozongan. Taynsaydda aynan shunday profil kerak edi. Klub ham, murabbiy ham bir-birini sinchiklab o‘rgandi – intervyu jarayonida ham, Jaissle o‘zi olib borgan tahlillar davomida ham Howe bilan o‘xshash nuqtalar aniq ko‘rindi.
Baribir bu tizim uchun shok bo‘ldi.
Premier League ochilish o‘yini – 23 avgust kuni Liverpool’ga qarshi bahs – tobora yaqinlashayotgan paytda, 38 yoshli mutaxassis Saudi Pro League vakili Al-Ahli’dan ketdi va dam olish kunida jamoaning Ispaniyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga “parashyut bilan tushdi”.
Performance direktori James Bunce vaziyatni “speed dating”ga o‘xshatdi: har lahza muhim, har soniya hisobda.
Jaissle uchun ham shunday bo‘ldi. Uning birinchi haftasi yakunida jamoa Mestalla’da Valencia bilan o‘rtoqlik o‘yiniga chiqadi. Mashg‘ulotlar odatda yangi murabbiy kelganda jonlanadi, lekin bu safar intensivlik mutlaqo boshqa darajada. Futbolchilar aytishicha, nemis mutaxassisning ikki mahal mashg‘ulotlari “me’yorlardan tashqarida”.
Jaissle uchun bu bahsli masala emas. U ham Howe kabi, mashg‘ulotni o‘yindek, o‘yinni esa mashg‘ulotdagidek shiddat bilan o‘ynashni talab qiladi.
Salzburgdagi davr bunga yaqqol dalil: ketma-ket chempionliklar, Chempionlar Ligasi nimchorak finali, raqib maydonida yuqori bosim. Statistikalar buni tasdiqlaydi: uning jamoasi Avstriya chempionatida har o‘yinda o‘rtacha 9,8 marta yuqori hududda to‘pni tortib olgan, uchinchi zonada esa 5,6 marta to‘pni qaytarib olgan.
Al-Ahli bilan ham raqamlar keskin: o‘rtacha 8,2 marta yuqori bosim ostida to‘pni egallash, har uchrashuvda 47,6 ta yakkakurash yutish. U yerda u o‘z uslubini moslashtirdi, lekin agressiyani yo‘qotmadi va ketma-ket Asian Champions League g‘alabalariga erishdi.
Endi esa savol bitta: shu muvozanatni Premier League’da qayta topa oladimi? Oldinga intilgan, vertikal futbol bilan ishonchli mudofaani uyg‘unlashtirish – uning Angliyadagi asosiy sinovi bo‘ladi.
Og‘ir oyoqlar, yengil soat
Jaissle allaqachon bir narsani alohida urg‘ulab bo‘yldi: “toza hisob” – asosiy tamoyillardan biri. Bir mashg‘ulotda futbolchilar tinmay ortga qaytish yugurishlari bilan charchab, maydondan “siqib olingandek” chiqishdi.
Payshanba kuni mashg‘ulot hajmi qisqartirildi. Bo‘ynida osilib turgan sekundomerga qarab, Jaissle o‘zi qaror qildi: oyoqlar “og‘irlashgan”. Bu ham boshqaruv, ham himoya.
Intervyularda u sokin, o‘lchovli gapiradi. Mashg‘ulot maydonida esa mutlaqo boshqa odamga aylanadi – ba’zan yordamchilarini ham jismonan joyidan surib, kerakli intensivlikni ko‘rsatib beradi. Tizim, masofa, pressing – hammasini o‘zi bilan birga olib kelgan.
U bilan birga klubga uch nafar yordamchi murabbiy – Alexander Hauser, Engin Yanova va Florens Koch, ikki nafar tahlilchi – Maximilian Fischer va Steffen Konrad hamda darvozabonlar murabbiyi Alexander Bade qo‘shildi. Lekin Jaissle ilk nutqidayoq klubda allaqachon ishlayotganlar ham “standartlarni ko‘tarishi” kerakligini ochiq aytdi.
Liverpool soyasi va yangi posbon
Liverpool yangi bosh murabbiy Andoni Iraola qo‘l ostida allaqachon ko‘proq vaqt ishlashga ulgurgan. Newcastle shtabi buni yaxshi biladi. Shuning uchun tayyorgarlik va tahlil ishlari kechasi bilan davom etmoqda.
Yangi darvozabon Lukas Hornicek bunga yorqin misol. Chexiya terma jamoasi posboni klubga atigi bir necha kun avval qo‘shildi, Braga’dan 25,7 million funt evaziga kelgan bu futbolchi Premier League standartlariga chaqmoq tezligida moslashishi kerak.
Unga standart vaziyatlarda bo‘ladigan kurashlar, jarima maydonida raqibning jismonan kuchli futbolchilari qanday “bosib kirishi” mumkinligi bo‘yicha alohida dars o‘tilmoqda. Bu liga yumshoq futbolchilarni kechirmaydi.
Savol o‘z-o‘zidan tug‘iladi: u bunga tayyormi?
Hornicekning javobi qisqa: “Albatta”.
Shu ruh Newcastle’ning yosh va qayta qurilayotgan jamoasiga keyingi haftalar, oylar, hatto yillarda ham kerak bo‘ladi. Chunki bu endi shunchaki yangi murabbiy haqida emas. Bu – butun klubning o‘zini qayta kashf etish jarayoni.


