Jake Paul va Eddie Hearn ittifoqi: ayollar boksi uchun yangi sahifa
Jake Paul asos solgan Most Valuable Promotions (MVP) va Eddie Hearn boshchiligidagi Matchroom Boxing ayollar boksini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida kutilmagan, lekin kuchli strategik ittifoqqa qo‘l urdi.
Bu oddiy hamkorlik emas. Uzoq muddatli, aniq yo‘nalishga ega ittifoq.
Kuchlar birlashdi
MVP – Jake Paul va Nakisa Bidarian asos solgan promouterlik kompaniyasi – ayollar boksidagi eng yirik yulduzlarning bir nechtasini allaqachon o‘z qanoti ostiga olgan. ESPN reytingiga ko‘ra pound-for-pound ro‘yxatidagi eng yaxshi o‘ntalikdan oltitasi aynan shu yerda:
- Amanda Serrano
- Mikaela Mayer
- Chantelle Cameron
- Caroline Dubois
- Alycia Baumgardner
- Ellie Scotney
Bu ro‘yxatning o‘ziyoq ittifoqning og‘irligini ko‘rsatadi.
Matchroom esa allaqachon AQSh va Buyuk Britaniyada eng kuchli promouterlik markazlaridan biri sifatida tan olingan. Eddie Hearn ikki vazn toifasida mutlaq chempion bo‘lgan Katie Taylor karerasini boshqarib, ayollar boksini global sahnaga olib chiqqan promouter sifatida e’tirof etiladi.
Endi esa shu ikki kuch bir tomonga ishlaydi.
Raqobatdan – umumiy maqsad sari
Rasmiy bayonotda aytilishicha, MVP va Matchroom ayollar boksini rivojlantirish uchun “uzoq muddatli hamkorlik” asosida ishlaydi. Gap shunchaki janglarni tashkil qilishda emas, balki elita darajasidagi bokschilar uchun “karerani belgilovchi imkoniyatlar” yaratish, jahon chempionlik darajasidagi raqobatni yanada kengaytirish haqida ketmoqda.
Ikkala kompaniya ilgari ham bir sahnada bo‘lgan. Eng yorqin misol – Katie Taylor va Amanda Serrano o‘rtasidagi uch karra to‘qnashuv.
Taylor – Serrano trilogiyasi: raqamlar o‘zi gapiradi
Bu hamkorlikning potentsialini tushunish uchun faqat bitta raqamlar ketma-ketligi kifoya.
Trilogiyaning ikkinchi jangi Jake Paul va Mike Tyson kartasida o‘tkazildi. Netflix ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 74 million tomoshabin ushbu kechani kuzatgan. Bu ayollar boksida misli ko‘rilmagan auditoriya.
Uchinchi jang esa tarixiy bo‘ldi: Madison Square Garden arenasi to‘lib-toshdi, 19 mingdan ortiq muxlis zaldan tomosha qildi, translyatsiyani esa 6 million kishi ko‘rdi. To‘liq ayollar kartasi uchun bu – signal. Bozor bor, qiziqish bor, atmosfera esa erkaklar kechasidan kam emas.
Shu fon’da yangi ittifoqning ma’nosi yanada ravshanlashadi: bu raqamlarni istisno emas, norma qilish.
“Kelajakga sarmoya”
Jake Paul va Nakisa Bidarian o‘z bayonotida Matchroomning tarixiy rolini alohida ta’kidladi. Ularning fikricha, Matchroom ayollar boksini global darajada ko‘tarishda “asosiy vositachi” bo‘lgan, endi esa birga yanada yirik lahzalar yaratish imkoniyati paydo bo‘lgan.
Ular bu hamkorlikni sport kelajagiga sarmoya sifatida ko‘rsatmoqda: dunyoning eng yaxshi ayol bokschilari uchun yagona, eng nufuzli manzil yaratish – asosiy maqsad.
Eddie Hearn: kutilmagan, lekin mantiqli qadam
Eddie Hearnning o‘zi ham bu ittifoq ko‘pchilikni hayratda qoldirganini tan oldi. Lekin u buni sportning o‘sishi uchun “ajralmas” qadam deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq vaqt davomida Matchroom ayollar boksining bayrog‘ini deyarli yolg‘iz ko‘targan. So‘nggi yillarda esa MVP ham bu yo‘lda jiddiy ish qildi.
Endi esa savol boshqacha: nega raqobat qilish kerak, agar birlashib, yanada katta janglar, yanada katta sahnalar, yanada katta gonorarlar yaratish mumkin bo‘lsa?
Hearnning asosiy urg‘usi shunda – ayol bokschilar meros ortidan quvishi, eng yaxshilar bilan to‘qnashishi uchun bu ittifoq zarur. Matchroom va MVP shu yo‘lda birga ishlashga to‘liq tayyor ekanini bildirdi.
Ayollar boksi uchun bu hamkorlik yangi davr boshlanishimi yoki navbatdagi marketing g‘oyasimi – bunga faqat ring va raqamlar javob beradi. Ammo bir narsa aniq: endi eng katta sahnada ayollar ovozi yanada balandroq yangraydi.


