Sport Maydon logo

FIFA siyosatidagi keskinlik: Al-Xelayfi chetga chiqdi, Infantino uchun imkoniyatlar

Global futbol siyosatidagi keskinlik yangi cho‘qqiga chiqdi. Sabab bitta: FIFA tijoriy huquqlarini alohida tijorat sub’yektiga ajratib, uning ulushlarini sotish rejasi. Tanqidchilar buni allaqachon bir ibora bilan atab bo‘ldi – “Jahon chempionatini sotish”.

Shu fon’da UEFA o‘zini bir savol bilan qiynab kelayotgandi: 2027-yil martidagi prezidentlik saylovida Gianni Infantino’ga qarshi kimni ringga chiqarish mumkin?

Al-Xelayfi – “ideal nomzod” edi. Qog‘ozda.

Politico xabariga ko‘ra, Yevropa futbol doiralari uchun bitta ism alohida ajralib turardi: Nasser Al-Xelayfi.

PSG prezidenti, BeIN Media Group’dagi ta’siri, Yevropa klublari uyushmasi – European Football Clubs (EFC) raisi sifatidagi mavqei bilan u Infantino’ning tijoriy rejalariga qarshi tabiiy bayroqdor sifatida ko‘rilayotgandi.

EFC allaqachon FIFA’ning tijorat ulushlarini sotish tashabbusiga ochiqchasiga qarshi chiqdi. Kontinental rahbarlar mantiqiy xulosa qildi: agar bu frontda eng baland ovoz Al-Xelayfiniki bo‘lsa, demak, saylovda ham aynan u momentumni davom ettirishi kerak.

Ammo sahna ortidan boshqa ovoz eshitildi.

RMC Sport orqali gapirgan, Al-Xelayfiga yaqin manba pozitsiyani aniq qilib qo‘ydi: “Nasser’da bu lavozimga nisbatan mutlaqo hech qanday ambitsiya, hech qanday niyat va hech qanday qiziqish yo‘q. U global va Yevropa futbol institutlarini tinchgina qo‘llab-quvvatashda davom etadi”.

Shu bilan UEFA orzu qilgan “og‘ir vaznli” nomzod rasman chetga chiqdi.

“Media shov-shuvi” va rad etilgan imkoniyat

EFC ichida Al-Xelayfi FIFA rejalariga qarshi eng keskin pozitsiyalardan birini egallab turgan paytda, uning nomzodi siyosiy maydonga o‘tishi deyarli tabiiy ko‘rinardi.

PSG ustidan nazorati, BeIN Media Group orqali global media bozoridagi og‘irligi – bularning barchasi uni saylovda haqiqiy raqibga aylantira olardi. Yevropa rahbarlari aynan shuni xohlagandi.

Ammo Al-Xelayfiga yaqin doiralar bu gap-so‘zlarni “media shov-shuvi” sifatida rad etdi. Ularning ta’kidlashicha, uning ustuvor yo‘nalishlari boshqa joyda.

Bir qarashda bu shunchaki shaxsiy tanlov. Aslida esa bu qaror FIFA ichidagi kuchlar muvozanatiga bevosita ta’sir qiladigan siyosiy signal.

Infantino’ni ag‘darish qanchalik qiyin?

Al-Xelayfining chetga chiqishi bitta haqiqatni yanada ravshanlashtirdi: Gianni Infantino’ni kursisidan tushirish nihoyatda murakkab vazifa.

So‘nggi o‘n yil ichida u hokimiyatni bosqichma-bosqich markazlashtirdi. FIFA daromadlarining rekord darajada o‘sishi ortida ham aynan uning nomi turibdi. RMC Sport ma’lumotiga ko‘ra, Afrika, Osiyo va Janubiy Amerika assotsiatsiyalari Infantino’ni keng miqyosda qo‘llab-quvvatlamoqda.

Sababi oddiy: uning davrida mablag‘lar qayta taqsimlanishi bu hududlarga sezilarli foyda keltirdi. Shunday sharoitda Yevropa boshchiligidagi har qanday “qo‘zg‘olon” matematik jihatdan ham, siyosiy jihatdan ham juda zaif ko‘rinadi.

Yevropa kuchli, lekin son jihatdan kam. Kongressda esa ovozlar soni hal qiladi, nomlar emas.

Saylov kampaniyasi – ochiladigan eski papkalar

Infantino’ga qarshi jiddiy saylov kampaniyasi bitta boshqa xavfni ham o‘z ichiga oladi: eski mojarolar papkasini qayta ochish.

FIFA atrofidagi har qanday prezidentlik poygasi avtomatik tarzda o‘tmishdagi barcha bahsli qarorlar, shubhali aloqalar va siyosiy bitimlarni yuzaga chiqaradi. Al-Xelayfi kabi global media va klub tizimining markazida turgan shaxs uchun bu, ehtimol, ortiqcha xavf.

Infantino esa siyosiy bo‘ronlarni yengib o‘tishga ko‘nikkan. Uning tarafdorlari bitta tezisni doim takrorlaydi: iqtisodiy natijalar – bu eng kuchli mandat. FIFA kassasi to‘layotgan paytda, uni kursidan tushirish uchun nafaqat kuchli nomzod, balki global koalitsiya kerak bo‘ladi.

Hozircha bunday koalitsiya ko‘rinmayapti.

UEFA endi kimga tikadi?

Bir narsa aniq: UEFA va FIFA o‘rtasidagi mojaro hali tugagani yo‘q. Jahon chempionati tijorat huquqlarini sotish rejasiga Yevropa tomoni keskin qarshi bo‘lib qolmoqda.

Ammo siyosiy jarayon endi Al-Xelayfisiz davom etadi. UEFA yangi nom izlashga majbur. Yevropaning ichida Infantino’ga qarshi chiqishga jur’at topadigan, shu bilan birga global saylov matematikasini o‘zgartira oladigan shaxs bormi o‘zi?

Savol ochiq turibdi. Va vaqt – hozircha Infantino tomonida oqmoqda.