West Ham muxlislaridan Manor Solomon atrofidagi shiorga chek qo‘yish talab qilinmoqda
West Ham yangi mavsumni nafaqat maydonda, balki tribunada ham qat’iy ohangda boshladi. Klub rahbariyati Burnleyga qarshi ochilish uchrashuvida eshitilgan, Manor Solomonga oid siyosiy mazmundagi shiorni darhol nishonga oldi va muxlislardan uni butunlay tark etishni talab qildi.
Gap Turf Moor’dagi 2:2 hisobidagi durang paytida mehmon sektoridan yangragan, falastinliklarga qarshi mazmun kasb etgan qo‘shiq haqida ketmoqda. Klub bu shiorni “haqoratli va ajratuvchi” deb atadi va uni West Ham nomiga mutlaqo yarashmaydigan holat sifatida ko‘rsatdi.
Klubdan qat’iy bayonot
Shanba kuni bo‘lib o‘tadigan, Charlton’ga qarshi mavsumdagi ilk uy uchrashuvi arafasida West Ham rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda klub muxlislarni o‘zini tutish borasida yanada mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi.
Bayonotda shunday deyiladi: har bir muxlis klubni to‘g‘ri namoyish etishga mas’ul, har bir tomoshabin esa elchi. Klub o‘zining rang-barang, turli madaniyat va qarashlarga ega bo‘lgan muxlislar bazasini eslatib, stadionga kelgan har bir kishi o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlash jarayonidan qo‘rquv, kamsitish yoki haqoratdan xoli ravishda bahra olishi kerakligini urg‘uladi.
West Ham rahbariyati shior va qo‘shiqlar futbol madaniyatining ajralmas qismi ekanini tan oladi. Lekin chiziq aniq chizilgan: klaret va ko‘k libosdagi futbolchilarni baland ovozda qo‘llab-quvvatlash — ha, ammo bu boshqa muxlislarni kamsitish yoki bo‘lib tashlash hisobiga bo‘lmasligi shart.
Solomon: siyosat soyasiga tushgan yangi kelgan
Bahs markazida turgan Manor Solomon yozda Tottenham’dan kelib qo‘shilgan. Isroil terma jamoasi vingeri avvalroq Fulham va Leeds safida ijarada o‘ynagan, Shakhtar Donetsk bilan Ukrainada uch marta chempionlik nashidasini surgan.
27 yoshli futbolchi Isroil terma jamoasi safida 49 o‘yin o‘tkazgan. U Angliyada ham o‘z nomini eshittirishga ulgurgan: Fulhamdagi ijaradan so‘ng Leeds tarkibida 2024–25 yilgi mavsumda Championship g‘olibligiga hissa qo‘shgan.
Endi esa u West Ham libosida yangi bobni boshlamoqda. Klub esa bu bob siyosiy shiorlar va nafratga yo‘g‘rilgan qo‘shiqlar bilan emas, futbol bilan esda qolishini istaydi.
Charlton’ga qarshi o‘yin arafasida savol shunday: London klubining muxlislari bu chaqiriqqa quloq tutadimi va London stadionidagi atmosfera West Ham o‘zini ko‘rishni istagan qadriyatlarga mos bo‘ladimi?



