Sport Maydon logo
Smartphone displaying football tournament information

Footbao: Yangi Raqamli Futbol Maydoni

Janubiy Amerikada paydo bo‘lgan, ammo markazi Shveytsariyada joylashgan yangi raqamli maydon – Footbao – futbol bozorini tinchgina, lekin jiddiy o‘zgartira boshladi. Telefon bilan olingan oddiy video endi murabbiy yoki skautning ko‘ziga tushish uchun yetarli bo‘lishi mumkin.

Bu ilova istagan yosh futbolchiga o‘yin yoki mashg‘ulotdagi epizodlarini bir necha bosishda yuklash imkonini beradi. Qolgan ishni esa sun’iy intellekt bajaradi: har bir klip texnik, taktik, jismoniy va mental sifatlar bo‘yicha tahlil qilinadi, raqamlashtiriladi va hisobotga aylanadi. Shundan keyin saralangan ma’lumotlar professional skautlar oldiga chiqadi.

G‘oya Shveytsariya investorlariga tegishli. Footbao dastlab 2023 yilda Braziliyada ishga tushirilgan, oradan ko‘p o‘tmay Argentina, Urugvay va Kolumbiyada ham paydo bo‘ldi. Raqamlar uning qanchalik tez ildiz otganini ko‘rsatadi: ilova hozirning o‘zida 182 500 dan ortiq foydalanuvchiga ega, faqat Braziliyaning o‘zidan har hafta qariyb 3 000 ta yangi video kelib tushadi. Buni kompaniya bosh ijrochi direktori, britaniyalik Nick Rappolt shu hafta Tsyurixdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Hamkorlar ro‘yxati ham bejiz emas. Footbao bilan 80 dan ortiq klub ishlamoqda, ular orasida Braziliyaning sobiq jahon chempionlari – Santos va Corinthians ham bor. Ilova endi Janubiy Amerikadan tashqariga chiqishga tayyorlanmoqda: yanvardan boshlab dastur Yevropada ishga tushiriladi, avval Germaniya, Avstriya va Shveytsariyada, so‘ngra butun qit’a bo‘ylab yoyilishi rejalashtirilgan.

Rappoltga ko‘ra, iqtidorli bolalar Instagram yoki TikTok orqali o‘zini ko‘rsatishi mumkin, lekin ularni “kerakli odamlar” ko‘rishi – butunlay boshqa masala. Footbao aynan shu bo‘shliqni to‘ldirishga urinmoqda. Ilova skautlarni almashtirishni emas, ularning ishini tezlashtirishni, saralash jarayonini aniqlashtirishni maqsad qilgan.

Kompaniya Shveytsariyaning Zug kantonida joylashgan. Investorlar orasida yirik shaxslar ko‘rinadi: shveytsariyalik bankir Boris Collardi (sobiq Julius Baer xususiy banki bosh ijrochi direktori), sobiq FC Basel prezidenti Bernhard Burgener va Shveytsariya terma jamoasi bosh murabbiyi Murat Yakin.

Yakin bu loyihaga faqat sarmoyador emas, balki murabbiy sifatida ham qaraydi. U ko‘p bora orzusi ushalmay qolgan, imkon topolmagan iste’dodlarni ko‘rganini aytadi. Uning fikricha, aynan shunday futbolchilar uchun Footbao ikkinchi eshik bo‘lishi mumkin: maydondagi harakatlarini raqamlarda ko‘rish, o‘z kuchli va zaif tomonlarini boshqalar bilan solishtirish, murabbiy yoki skautdan hech qachon yetib kelmagan fikr-mulohazani raqamli platforma orqali olish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.

Yosh futbolchi uchun bu oddiy ilova emas, ehtimol, kariyera burilish nuqtasi. Savol bitta: endi telefon kamerasi va sun’iy intellekt ularning orzusini murabbiy nigohiga yetarlicha yaqinlashtira oladimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil