Sport Maydon logo

Trabzondagi 11 yil avvalgi hujum: yangi hibslar e’lon qilindi

Turkiya futbolini larzaga keltirgan, 11 yil davomida javobsiz qolayotgandek tuyulgan ish yana kun tartibiga qaytdi. Adliya vaziri Akin Gurlekning ma’lum qilishicha, Trabzonda Fenerbahce jamoasining avtobusiga uyushtirilgan qurolli hujum bo‘yicha besh nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Vazir bu xabarni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi. Unga ko‘ra, tergovchilar dalillarni yangi texnologik imkoniyatlar va yangilangan surishtiruv usullari yordamida qayta ko‘rib chiqqan. Shundan so‘ng Trabzon Bosh prokuraturasi ko‘rsatmasi bilan gumonlanuvchilarning manzillarida reydlar o‘tkazilgan.

Uy-joylar tintuv qilingan, turli materiallar musodara qilingan, zarur sud jarayonlari boshlab yuborilgan. Gurlekning ta’kidlashicha, maqsad bitta: 11 yil avval sodir etilgan “jirkanch hujum” ortida turgan shaxs yoki shaxslarni aniq, ishonchli dalillar bilan fosh etish.

Viadukt ustidagi dahshatli daqiqa

2015-yil 4-aprel. Fenerbahce Turkiya Super Ligida chempionlik poygasida. Safarda Caykur Rizespor ustidan 5:1 hisobidagi yirik g‘alaba, Galatasaray bilan kurash davom etmoqda. Jamoa Rizedan Trabzon aeroportiga yo‘l olayotgan, kayfiyat ko‘tarinki bo‘lishi kerak edi.

Ammo Surmene yaqinidagi viadukt ustida hammasi bir zumda o‘zgardi.

Avtobusga o‘q uza boshlandi. O‘qlar haydovchining yuziga tegdi, u rul ustidan nazoratni yo‘qotish yoqasiga keldi. Viadukt – yon bag‘ri jarlik. Bir lahzalik bo‘shashish butun jamoa uchun fojia bo‘lishi mumkin edi.

Shu payt haydovchi o‘zini qo‘lga oldi, avtobusni butunlay boshqaruvdan chiqib ketishidan saqlab qoldi. Yonida o‘tirgan Fenerbahce xavfsizlik xizmati boshlig‘i esa tormozni bosib, avtobusni chekkadan qaytardi. Jamoa a’zolari jarohat olmadi, haydovchi esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazildi.

Avtobus pastga qulashi mumkin bo‘lgan o‘sha soniyalar Turkiya futboli xotirasida alohida sahifa bo‘lib qoldi. O‘yinchilar, murabbiylar, klub xodimlari – barchasi halokat yoqasida turgandi.

“Suikast urinish” va to‘xtab qolgan liga

Hujumdan so‘ng Fenerbahce rahbariyati keskin pozitsiya bildirdi. Klub bu voqeani “suikast urinish” deb atadi va hodisa to‘liq yoritilmaguncha maydonga tushmasligini ma’lum qildi, liganing to‘xtatilishini talab qildi.

Turkiya Futbol Federatsiyasi – TFF – ham befarq qaramadi. Oliy liga va kubok uchrashuvlari bir haftaga to‘xtatildi. Federatsiya bu hujumni terror harakati sifatida baholadi.

Ammo o‘sha paytdagi surishtiruv natijasi futbol jamoatchiligini qoniqtirmadi.

Dalil yetarli emas degan qaror va yopilgan ish

2015-yil 9-apreliga kelib ilk gumonlanuvchilar sudga olib chiqildi. Prokuratura ularni hibsga olishni so‘radi, lekin sud boshqacha qaror qabul qildi: “etarli va ishontiruvchi dalil yo‘q” deya ularni sud nazorati ostida ozod qildi.

Yillar o‘tdi. Tergov cho‘zildi, savollar ko‘paydi, javoblar esa topilmadi. Oxir-oqibat, hujumdan besh yildan ortiq vaqt o‘tib, ish bo‘yicha “jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik” haqida qaror chiqarildi. Shunday qilib, rasmiy darajada ish yopilgandek bo‘ldi.

Fenerbahce o‘yinchilari va klub rasmiylari bunga ko‘nishmadi. Ular Turkiya Konstitutsiyaviy sudiga yakka tartibdagi murojaatlar bilan chiqdi. Arizalarda hukumat organlari samarali tergov o‘tkazmagani, hayot huquqi buzilgani haqida da’vo qilindi.

2026-yilda qayta ochilgan ish va bugungi burilish

Bosim, savollar, adolat talabi oxir-oqibat natija bera boshladi. Adliya vazirligi 2026-yil may oyida bu ishni yana stol ustiga qo‘ydi. “Yechilmagan jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi” orqali avvalgi “jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik” qarori bekor qilindi, ishni qayta ko‘rib chiqish yo‘li ochildi.

Shu asosda yangi tergov boshlangan, endi esa birinchi jiddiy qadam – besh nafar gumonlanuvchining qo‘lga olinishi haqida e’lon qilindi.

Gurlek o‘z bayonotida 2015-yil 4-aprelda Trabzonda Fenerbahce avtobusiga uyushtirilgan qurolli hujum “xalqimiz vijdonida chandiq bo‘lib qolganini” eslatdi. U haydovchi og‘ir yaralanganini, futbolchilar va klub rasmiylari esa katta xavf ostida qolganini yana bir bor ta’kidladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tergov endi biror klub, futbolchi yoki muxlislar guruhi bilan bog‘liq raqobat doirasidan tashqariga chiqadi. Zo‘ravonlik kimga qarshi qaratilganidan qat’i nazar, bu ish oxirigacha yetkazilishi kerak.

Savol esa o‘sha-o‘sha: 11 yil davomida javobsiz qolgan o‘q izlari bu safar adolat sari yetaklay oladimi? Turkiya futboli aynan shuni kutyapti.