
Aston Villa’da Garnacho dramasi: Unai Emeryning keskin qarori
Alejandro Garnacho uchun Aston Villa’dagi mavsum allaqachon yakuniga yetgandek. Galatasarayga qarshi Istanbuldagi mag‘lubiyat – va undan ham ko‘proq, murabbiy Unai Emery qarori – argentinalik vinger kelajagiga qalin chiziq tortib qo‘ygandek bo‘ldi.
Champions League safariga Garnacho umuman kiritilmadi. Na “start” tarkib, na zaxira. Hatto ro‘yxatga ham. Emery esa, qiziq tomoni shundaki, uni zaxiraga yozish o‘rniga ikki nafar zaxira darvozabonga joy topdi va bitta o‘rinni butunlay bo‘sh qoldirishni ma’qul bildi. Bu esa oddiy taktik qarordan ko‘ra ancha keskin signal bo‘lib ko‘rindi.
Majburiy transfer xavfi va sovuq qaror
Garnacho bu mavsumni Chelsea’dan ijarada o‘tkazmoqda. Shartnomada ma’lum shartlar bajarilsa, transfer majburiy ravishda doimiyga aylanishi kerak. Bu bandlar murakkab emas, erishish oson bo‘lgan ko‘rsatkichlar sifatida qaralgan edi.
Endi esa aynan shu osonlik unga qarshi ishlayotgandek. Emery uni tizimida ko‘rmayapti, degan xulosa tobora ravshanlashmoqda. Umumiy hisobda 96 daqiqa. Hammasi zaxiradan tushib. Hech bir o‘yin boshlang‘ich tarkibda emas. Bunday fon ostida murabbiy Istanbulga olib bormaslikni tanladi.
Matbuot anjumanida Garnacho jarohat olganmi, degan savolga Emery qisqa va sovuq javob berdi: “Bugun bu yerda biz bilan bo‘lishi kerak bo‘lgan eng yaxshi futbolchilar bor edi.” Ortiqcha izohsiz.
Bu vaziyat o‘tgan mavsumdagi Harvey Elliot holatini yodga soladi. O‘shanda ham Emery Liverpool’dan ijaraga olingan futbolchini majburiy transfer bandini ishga tushirmaslik uchun amalda muzlatib qo‘ygandi. Endi xuddi shunday ssenariy Garnacho uchun ham takrorlanayotgandek.
Ijtimoiy tarmoqlardagi jim qarshilik
Maydondagi daqiqalar qisqarar ekan, Garnacho o‘z noroziligini boshqa yo‘l bilan bildirdi. U ijtimoiy tarmoqlardagi barcha Aston Villa bilan bog‘liq kontentni o‘chirib tashladi. Klub logosi, mashg‘ulot suratlari, o‘yin kadrlari – hammasi yo‘q.
Rasmiy bayonot yo‘q, shov-shuvli intervyu ham emas. Lekin bugungi futbol olamida bunday “tozalash” ko‘pincha so‘zdan ham balandroq jaranglaydi. Ayniqsa, murabbiy uni hatto bo‘sh joy turgan zaxiraga ham kiritmagan kechadan so‘ng.
Istanbul mag‘lubiyati va cho‘zilgan inqiroz
Garnacho dramasidan tashqari, Aston Villa uchun Istanbul kechasi sport nuqtai nazaridan ham og‘ir bo‘ldi. Galatasaray 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va bu natija Villa’ning Champions League pley-off bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish umidlarini jiddiy ravishda so‘roq ostiga qo‘ydi.
Emery boshchiligidagi qayta qurish jarayoni mavsum boshida umidli ko‘ringan edi, lekin hozir jiddiy to‘siqqa urildi. Jamoa ketma-ket oltita o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti. O‘yinlarda ayrim yorqin bo‘laklar bor, lekin to‘liq, barqaror 90 daqiqa yo‘q.
Himoyachi Tyrone Mings buni yashirmadi: “Hozir biz o‘zimizga xos erkin, oqimli o‘yinimizni ko‘rsatayotganimiz yo‘q. Hammasi jamoaviy mas’uliyat. Bu haqiqiy jamoaviy ish. Hozir biz o‘z yo‘limizni topishga urinayapmiz, avvalgi o‘yinlardan o‘rganib, shu paytgacha bizga muvaffaqiyat olib kelgan narsalarni yana tiklashga harakat qilyapmiz.”
U davom etdi: “Hozircha buni faqat ayrim bo‘laklarda topayapmiz, lekin yetarlicha barqaror emas. Bugungi o‘yin ham shuning yana bir misoli. Nimalarga qodir ekanimizni ayrim epizodlarda ko‘rsatdik, lekin bu bu darajadagi raqibga qarshi yetarli emas. Juda hafsalani pir qiladi, lekin vaziyatni o‘zgartirish, nima qila olishimizni ko‘rib chiqish – bu bizning zim-mamizda.”
Endi nima bo‘ladi?
Klub ichida bosim ortib bormoqda: natijalar pastga qarab ketmoqda, Champions League yo‘li xavf ostida, kiyinish xonasida esa atrofida shov-shuv ko‘tarilgan, o‘yin amalda berilmayotgan yosh vinger bor.
Garnacho uchun bu mavsum Aston Villa’da yangi sahifa bo‘lishi kerak edi. Hozircha esa u sahifa yopilgan, hatto yirtilib tashlangandek. Endi savol bitta: Emery o‘z qaroridan qaytadimi yoki argentinalikning Birminghamdagi sarguzashti yakuniga allaqachon nuqta qo‘yildimi?
