Sport Maydon logo

NBA Sharqiy konferensiyasidagi eng kuchli 10 start beshlik

Sharq yana markazga aylandi. Endi NBA xaritasida diqqatni tortayotgan tomonda na San-Fransiskodagi sobiq sulola, na Los-Anjelesdagi yulduzlar yarmarkasi turibdi. Sharqiy konferensiya nihoyat o‘zini bosh sahnaga uloqtirdi.

Golden State Warriors davri yopildi, LeBron James boshchiligidagi Lakers allaqachon tarix sahifalariga ko‘chib bo‘ldi, Clippers’ning hech qachon ro‘yobga chiqmagan “potensiali” esa afsonaga aylandi. Nikola Jokic va Denver Nuggetsning raqib mudofaalarini titratgan hujumi endi unchalik qo‘rqinchli emas, Victor Wembanyama va Spurs atrofidagi apokaliptik vahima esa shunchaki bo‘rttirilgan rivoyat bo‘lib chiqdi.

2026-27 mavsumi arafasida kuch markazi Sharqda. Knicks 53 yildan keyin ilk bor chempionlik nishonladi, LeBron o‘zining oxirgi bobini endi Philadelphia’da yozmoqchi, Giannis Antetokounmpo South Beach’ga ko‘chib o‘tdi, Kawhi Leonard esa “uy — yurak qaerda bo‘lsa, o‘sha yer” degan gapning ma’nosini qayta esladi.

G‘arbda ham yirtqichlar qolgan — Oklahoma City Thunder va Spurs o‘z oynalari hali yopilmaganini isbotlashga tayyor. Lekin hozirgi sahna, drama va intriga — barchasi Sharqda. Shunday paytda, ko‘z ochib yumguncha tugab qoladigan off-sezon chog‘ida, Mississippi sharqidagi eng yaxshi start beshliklarni saralashdan zo‘r fursat bo‘lishi mumkinmi?

1. Philadelphia 76ers

  • Tyrese Maxey
  • VJ Edgecombe
  • Jaylen Brown
  • LeBron James
  • Joel Embiid

Philadelphia yozni shunchaki yaxshi o‘tkazmadi — tarixiy darajada o‘tkazdi. “Title Town”dagi tartibsizlikdan foydalanib, klub tarixiy raqibi safidan Jaylen Brown’ni tortib oldi, so‘ngra LeBron James’ni ham o‘zining so‘nggi bobini shu shaharda yozishga ko‘ndirdi. 250 yil avval Thomas Jefferson Mustaqillik Deklaratsiyasini imzolagan shahar endi LeBronning xotima sahifalarini ko‘rishga tayyor.

Aslida ham 76ers kelayotgan mavsum oldidan yomon ko‘rinmasdi. Tyrese Maxey va VJ Edgecombe’dan iborat yosh bekkort yana bir sakrashga hozir edi. Lekin bu jamoaning haqiqiy shiftini har doimgidek sobiq MVP — Joel Embiidning tizzalari belgilaydi. U Celticsga qarshi birinchi raundda ritm topdi, keyin esa New Yorkka qarshi ikkinchi raundda yana skameykada, navbatdagi jarohat bilan “o‘z ritmini” topdi.

Ha, James 41 yoshda, Embiidning tizzalari esa allaqachon 50ga kirgandek. Ammo Maxey, Edgecombe va Brown — yosh, chidamli, atletik. Ularning tranzitsiyadagi zarbasi raqiblarni larzaga soladi, bu esa kattalarga yukni bo‘lishishga yordam beradi. Agar sog‘liq chidaydigan bo‘lsa, bu beshlik nafaqat Sharqda, balki butun ligada kuzatiladigan asosiy hikoyaga aylanishi turgan gap.

2. New York Knicks

  • Jalen Brunson
  • Mikal Bridges
  • Josh Hart
  • OG Anunoby
  • Karl-Anthony Towns

Amaldagi chempionni ikkinchi o‘ringa qo‘yish biroz g‘alati tuyulishi mumkin. Ayniqsa, ularning asosiy zarbasi aynan start beshlikdan kelganini hisobga olsak. Lekin ikkita MVP va ikkita Finals MVP jamlangan beshlikdan bir pog‘ona past turish — fojia emas.

Yana bir bor Knicksning yuragi start beshlik bo‘ladi. Bu beshlik muntazam mavsumda ligada ikkinchi eng ko‘p daqiqa maydonda birga bo‘ldi (541 daqiqa), lekin bu vaqtda atigi +2,3 net reyting qayd etdi.

Ammo bu jamoa bir narsani boshqalardan yaxshiroq biladi: yutishni. 1983 yilgi N.C. State “Cardiac Kids” jamoasini eslatadigan Knicks oxirgi daqiqalarda yurakni qo‘lga olib o‘ynashga o‘rganib bo‘lgan. Ular “clutch” vaziyatlarda 21-13 natija qayd etdi, so‘nggi daqiqalarda ligadagi uchinchi eng yaxshi net reytingni ko‘rsatdi (20,5). Ular uchun katta farq yo‘q: ustunlikni ushlashmi, yo‘qotilgan farqni yopishmi. Raqibning kafti terlay boshlagan zahoti, aynan o‘sha “New York asablari” ishga tushadi.

3. Cleveland Cavaliers

  • James Harden
  • Donovan Mitchell
  • Jaylon Tyson
  • Evan Mobley
  • Jarrett Allen

LeBronning ikkinchi qaytishi ertak bo‘lib qolgani bilan, Cleveland baribir xavfli. Harden bilan to‘liq bir mavsum — kamida muntazam chempionatda — bu jamoani yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarishi mumkin.

7-fevraldan, ya’ni Harden Clippers’dan kelgan kundan boshlab, Cavaliers ligada to‘rtinchi eng yaxshi hujum reytingini qayd etdi (121,8). Jamoa o‘z o‘yinini to‘liq “Harden tizimi” atrofida qayta sozladi. Natija? Konferensiya finali. LeBronsiz davrdagi eng chuqur pley-off yurishi va umuman olganda, all-time yulduzsiz uchinchi marta shu bosqichga chiqish.

Kliberland yozda bozorni uncha larzaga keltirmadi. Ular qanotdagi “bo‘shliq”ni LeBron qaytib keladi degan umid bilan ushlab turgandek taassurot qoldirdi. Biroq ba’zan aynan hech narsa qilmaslik — to‘g‘ri qaror. Ayniqsa, mavjud tarkib seni “final to‘rtlik”ka olib chiqqan bo‘lsa. Agar Harden “katta”lar bilan kimyani yanada mustahkamlasa, Mitchell esa ligadagi eng xavfli dribbling bilan kirib boruvchi himoyachilardan biri sifatida o‘z sehrini davom ettirsa, Cavaliers yana yuqorida bo‘ladi.

4. Indiana Pacers

  • Tyrese Haliburton
  • Andrew Nembhard
  • Aaron Nesmith
  • Pascal Siakam
  • Ivica Zubac

Bir yil tanaffus, bir yil alam. Pacers NBA-ABA birlashganidan beri ilk chempionlikka atigi 48 daqiqa yetmay qolganini unutgani yo‘q. Eng so‘nggi ko‘rinishimizda Tyrese Haliburton 7-o‘yinda parketga quladi — yirtilgan Axilles payi bilan. Endi esa u yana zalda, qaytishga tayyorgarlik ko‘ryapti.

Haliburton — bu jamoaning butun falsafasi. Uning o‘yini atrofida qurilgan tizim to‘xtovsiz yugurish, tez tranzitsiya va yuqori tempga tayangan. Tarkib deyarli o‘sha-o‘sha, demak, bu ritm yana qaytadi.

Bitta katta farq — markazda. Indiana Clippers’dan Ivica Zubac’ni olib kelish uchun top-4 himoyalangan birinchi raund tanlovini tikdi. Omad yuz o‘girdi: pik beshinchi bo‘lib tushdi, “blue-chip” iqtidor esa qo‘ldan chiqdi. Zubac esa Los-Anjelesda Harden bilan pick-and-rolllarda bo‘sh maydonni yeb bitirardi. Endi xuddi shunday roldan Indiana ham umidvor — Haliburton bilan ham bu juftlik ishlashi kerak.

5. Miami Heat

  • Davion Mitchell
  • Tim Hardaway Jr.
  • Andrew Wiggins
  • Giannis Antetokounmpo
  • Bam Adebayo

Giannis uchun kurashgan jamoalardan g‘olib chiqqan klub baribir nimadandir voz kechishi aniq edi. Miami ham shunday qildi. Tyler Herro, Jaime Jaquez Jr., Kel’el Ware va Kasparas Jakucionisni berib yuborish — chuqurlikdan sezilarli bo‘shliq. Lekin NBAning besh eng yaxshi o‘yinchisi qatoriga kiradigan yulduzni olish uchun bu xavf o‘zini oqlaydi.

Antetokounmpo va Adebayo boshchiligidagi old chiziq — ligadagi eng qo‘rqinchli bloklardan biri. Bir tomonda raqibni ustiga bostirib boradigan fizik kuch, ikkinchi tomonda esa ichki perimetrni har xil uslubda himoya qila oladigan duet. Ustiga-ustak, Andrew Wiggins uchlik va himoyani birlashtirgan to‘liq shakllangan “three-and-D” bo‘lib ulg‘aydi, Davion “Off Night” Mitchell esa perimetrda raqib yulduzlarni o‘chirib qo‘yishga qodir. Kelasi mavsum bu jamoa eng zo‘r mudofaalar qatorida turishi ajab emas.

Miami yozda yana bitta og‘riqli nuqtani yopishga urindi — tashqi zarba. Tim Hardaway Jr. kelishi bilan uchlikdagi tahdid oshadi. Bam Adebayo ham perimetrdan 5,5 ta zarba tashlay boshladi, garchi o‘tgan mavsumda atigi 31,8 foiz bilan bo‘lsa-da. Savollar ko‘p, ammo Pat Riley nihoyat yana bir superyulduzni olib keldi. Balki aynan shu savollarga javobdir?

6. Toronto Raptors

  • Immanuel Quickley
  • RJ Barrett
  • Kawhi Leonard*
  • Scottie Barnes
  • Jakob Poeltl

Bu o‘rinni birdaniga izoh bilan boshlashga to‘g‘ri keladi: Raptorsning bu reytingdagi pozitsiyasi Kawhi Leonard transferiga bog‘liq. Hozirgi holatda ularning shiftini ko‘rish qiyin emas — birinchi raunddan nariga o‘tish mushkul.

Lekin Leonard qo‘shilsa, hammasi o‘zgaradi. Toronto nihoyat kerakli superyulduzni topadi. Kechki soatlarda, o‘yin taqdiri hal bo‘ladigan lahzalarda kim savatga boradi, kim qarorni o‘z zimmasiga oladi — shu savolga javob paydo bo‘ladi. 35 yoshga kirayotganiga va tibbiy tarixida “oq dog‘lar” borligiga qaramay, Kawhi o‘tgan mavsum hamon ligadagi eng kuchli o‘ntalikdan joy olishini isbotladi: 27,9 ochko, 6,4 ribaund, 3,6 assist — bu uning butun karerasidagi eng samarali ko‘rsatkichlardan biri.

Bunga Scottie Barnes’ning pley-offdagi “missiya rejimi”ni qo‘shing. U butun jamoaning ruhini ko‘targan, har bir to‘p uchun kurashgan liderga aylandi. Raptorsning “itboz” himoyaviy identiteti saqlanib turibdi. Shunday jamoa Kawhi bilan Sharqda jiddiy tahdid bo‘lmasligi qiyin.

Shu bilan birga, Jakob Poeltl atrofidagi savollar hamon ochiq. Ba’zi kuzatuvchilar bu jamoa haqiqiy kuchini aynan chuqurligida, zaxira o‘rindig‘ida ko‘radi, start beshlikda emas. Shuning uchun ham reytingda biroz pastroq turishadi.

7. Atlanta Hawks

  • C.J. McCollum
  • Nickeil Alexander-Walker
  • Dyson Daniels
  • Jalen Johnson
  • Onyeka Okongwu

Mavsumning ikkinchi yarmida liganing “sevimli ertagi” aynan Hawks bo‘ldi. Atlanta 2025-26 yilgi kampaniyani 19-5 yakuniy spurt bilan tugatib, Sharqda oltinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Bu biroz “ayirish orqali qo‘shish” effektiga o‘xshadi. Jamoa franchaiza yuzini — Trae Young’ni — Washington Wizards’ga jo‘natgach, nihoyat o‘zini topdi. Himoyaga tayangan identitet paydo bo‘ldi, unda Youngning o‘zi ham, uning zaifligi ham joy topmasdi. Transfer dedlaynidan keyin Hawks ligada to‘rtinchi eng yaxshi himoya reytingini qayd etdi (110,9), hujumda esa to‘qqizinchi bo‘ldi (119,1).

Jalen Johnson — hamma ishni qila oladigan yangi yulduz sifatida o‘sib chiqmoqda. Nickeil Alexander-Walker esa “eng ko‘p rivojlangan o‘yinchi” darajasiga ko‘tarildi. Ha, bu jamoada hali ham top-10 yoki top-15 darajadagi mutlaq superyulduz yo‘q. Lekin Hawks o‘zining qismlardan ko‘ra yaxlit holda kuchliroq ekanini isbotlab bo‘ldi. Eng muhimi — ular Knicksning chempionlik yo‘lida mag‘lub bo‘lgan yagona Sharqiy jamoa bo‘lib qoldi.

8. Boston Celtics

  • Derrick White
  • Payton Pritchard
  • Paul George
  • Jayson Tatum
  • Mitchell Robinson

Yozgi bozorning eng katta mag‘lubi? Shunday deyish mumkin. Jaylen Brown kabi franchaiza forvardidan voz kechib, evaziga “hozir yutish”ga yordam beradigan teng kuchli yulduz olmaslik — Boston uchun og‘ir zarba.

Ichkarida va ichkarida nimalar bo‘lganini, kiyinish xonasidagi kayfiyatni, rahbariyat qarorlarini biz oradan yillar o‘tib, avtobiografiyalardan bilamiz. Hozircha esa Celtics sahifani yopishi, Tatum atrofida yangi bob yozishi kerak.

Shunga qaramay, sog‘lom Jayson Tatum bilan to‘liq bir mavsum — bu har qanday jamoa uchun mustahkam poydevor. O‘tgan mavsum “oraliq” yil bo‘lishiga qaramay, Boston 56-26 bilan muntazam chempionatni yakunladi. Ular o‘z uslubidan — uchlikka tayanishdan — voz kechmadi. Tatumning 58,2 foizlik true-shooting ko‘rsatkichi va pas berish qobiliyati uni aynan shu tizimga Brown’ga qaraganda yaxshiroq moslashtiradi.

Biroq xavotirlar bor. Derrick White bir qadam orqaga chekingandek bo‘ldi. Paul George va Mitchell Robinson ko‘pincha formasidan ko‘ra ko‘proq ko‘cha kiyimida ko‘rinadi. Tatum esa Axilles jarohatidan shoshilib qaytgach, odatdagidan sekinroq ko‘rindi. O‘tgan mavsumda ham Celticsdan ko‘pchilik umid uzgan, ular esa kutganlardan oshib tushgan. Bu safar vazifa bundan ham qiyinroq bo‘lishi mumkin.

9. Orlando Magic

  • Jalen Suggs
  • Desmond Bane
  • Franz Wagner
  • Paolo Banchero
  • Wendell Carter Jr.

Qog‘ozda bu jamoa Sharqda ilk oltitalik uchun kurashishi kerak. Parket esa hali boshqa narsa ko‘rsatmoqda.

Paolo Banchero va Franz Wagner alohida olganda katta potensial ko‘rsatdi. Lekin ular birga maydonda bo‘lganda, hali hamon “portlash” darajasiga chiqishgani yo‘q. O‘tgan mavsumda ikkalasi birga tushgan atigi 24 o‘yinda Magic 113,7 hujum, 109,3 himoya reytingi qayd etdi. Yomon emas, lekin “wow” ham emas. Ikkalasi ham asosan chiziq ichida ishlaydi, maydonni bir xil zonalarda egallaydi. Desmond Bane keltirilishi spacingni biroz yaxshiladi, ammo baribir Orlando ligada uchlik bo‘yicha to‘rtinchi eng yomon foizni qayd etdi — 34,3.

Magic har gal “mana endi sakraydi” degan pallada qoqilib tushadi. Tarkibda, ayniqsa start beshlikda, keskin o‘zgarish bo‘lmagani, qo‘shimcha shuterlar olinmagani sharoitida ularni bundan yuqoriga qo‘yish qiyin.

10. Detroit Pistons

  • Cade Cunningham
  • Isaiah Joe
  • Ausar Thompson
  • Ron Holland
  • Jalen Duren*

Katta rasmga qarasak, o‘tgan mavsumdagi 60 g‘alaba kelajakda tarixiy “istisno”ga o‘xshab qolishi mumkin. Detroit juda tezda o‘zini yo‘qotmaslik uchun hozirdan chora ko‘rishi kerak.

Motownda yoz tinch o‘tdi. Juda ham tinch. Franchaiza yulduzi Cade Cunningham atrofida jiddiy yordam ko‘rinmaydi. Tobias Harris Spurs’ga ketdi, ikkinchi to‘liq hujum boshlovchi hamon yo‘q, eng muhimi — Jalen Duren bilan yangi shartnoma hamon imzolanmadi. Bu eng qiziq nuqta. Uchinchi yil markazi o‘tgan mavsum ilk marta all-star va all-NBA darajasiga ko‘tarildi, lekin pley-offda so‘nib qoldi. Endi klub o‘ylamoqda: maksimal shartnoma berish arzirmi? Muzokaralar cho‘zilgan sayin, Detroitning kelasi mavsum oldidan ko‘rinishi shubhali bo‘lib boryapti.

Cunningham o‘zi ham bu jamoani munosib natijaga olib chiqishi mumkin. Ausar Thompson va Ron Holland esa ligadagi eng xavfli yosh himoyaviy tandemlardan biriga aylanmoqda. Lekin yozgi harakatlar darajasi — deyarli nol. Shunday sharoitda Pistons’ni yuqoriroqqa qo‘yish uchun asos topish qiyin.

Sharqda kuchlar nisbati o‘zgardi. Endi savol bitta: shu ro‘yxatdagi qaysi beshlik kelasi bahorda sahnani butunlay egallab oladi?