Sport Maydon logo

Mark Zuckerberg ko‘lda UFC chempionlari bilan jang qildi

Mark Zuckerberg o‘zining eng noodatiy mashg‘ulotlaridan biriga yana qaytdi: ko‘l o‘rtasida suzib yurgan barjada UFC chempionlari bilan jangovar sparring.

Yakshanba kuni u Instagram’da 2024 yilgi UFC Bantamweight chempioni, gurjistonlik jangchi Merab Dvalishvili bilan sparring qilayotgan videosini ulashdi.

Drondan olingan kadrlar, turli burchaklardan tushirilgan tasvirlar — hammasi bir videoda. Ular zarba almashadi, tepishlar, olishuvlar, yiqitishlar ustida ishlaydi. Orqa fonda esa Macklemore va Ryan Lewis’ning “Can’t Hold Us” kompozitsiyasining instrumental varianti yangraydi, bu sahnaga yanada shiddat bag‘ishlaydi.

Bir payt kadrga Priscilla Chan kanoeda kirib keladi. Zuckerberg hazil aralash unga murojaat qiladi: Merab uni “jangchiga o‘xshashroq bo‘lsin” deb ko‘ylagini yechishga majbur qilganini aytadi.

Bu Zuckerberg uchun yangi sahna emas. U suzuvchi barjada jang qilayotgan videosini so‘nggi marta deyarli uch yil avval ulashgan edi. O‘shanda u yana ikki UFC chempioni — Alexander Volkanovski va Israel Adesanya bilan sparring qilgandi.

Zuckerbergning jangovar sportga qiziqishi pandemiya davrida boshlangan. U COVID-19 cheklovlari paytida jiu-jitsu bilan shug‘ullana boshladi va 2023 yilda haftasiga uch-to‘rt marta mashq qilishini aytgan. Shu yillar ichida u bir qator professional jangchilar bilan yaqinlashib, do‘stona aloqalar o‘rnatdi.

U 2024 yilda UFC janglaridan birida Alexander Volkanovski burchagida ham ko‘rinish bergan. Biroq bu lahza internetda memga aylangan: boshqa murabbiylar jangchiga jihozlar uzatayotgan bir paytda Zuckerberg burchakda biroz noqulay, nimadir taklif qilgandek bosh irg‘ab turgani tasvirlangan.

Yakungi videoga bo‘lgan qiziqish ham katta bo‘ldi. Sobiq yengil og‘ir vazn va og‘ir vazn toifasi chempioni Jon Jones izohlarda shunday yozdi: “Wow, you look great Zucky. Can definitely tell you've been grinding.”

Eng ko‘p layk to‘plagan izoh esa ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa “saga”ni eslatdi: “Elon been real quiet lately,” — deb hazillashadi foydalanuvchi, Zuckerberg va Musk o‘rtasidagi raqobatni nazarda tutib. 2023 yilda Zuckerberg Elon Musk’ning jang taklifiga rozi bo‘lgandi, hatto jang uchun Rimdagi Colosseum nomzod sifatida tilga olingan, ammo bu superjang hech qachon amalga oshmadi.

Shu bilan birga, bunday mashg‘ulotlar xavfsiz o‘yin emas. Ayniqsa bozor qiymati 1,5 trillion dollarga yaqin kompaniya rahbari uchun. Barja ustidagi har bir zarba, har bir yiqilish — bu nafaqat shaxsiy hobi, balki ulkan texnogigantning boshqaruvi bilan chambarchas bog‘liq xavf ham. Zuckerberg esa hozircha bu xavfni qabul qilayotganga o‘xshaydi — kameralar esa bu jasoratni har burchakdan qayd etishda davom etmoqda.

Mark Zuckerberg ko‘lda UFC chempionlari bilan jang qildi