Maresca: Pepdan keyin kelish imtiyoz
Enzo Maresca yangi bosh murabbiy sifatida ilk bor matbuot qarshisiga chiqdi va birinchi gapidayoq mezonni baland qo‘ydi. U o‘zi egallagan lavozimning og‘irligini juda yaxshi tushunadi: Pep Guardiola’dan keyin kelish – bu oddiy ish emas. Lekin italiyalik mutaxassis buni yuk emas, imkoniyat deb ko‘rmoqda.
“Avvalo, bu – imtiyoz. Klub meni tanlagani uchun,” dedi u. “Pepni so‘nggi 20–25 yildagi eng yaxshi murabbiy deb hisoblayman.”
O‘n yil ichida 17 ta yirik sovrin, futbol tarixiga kirgan uslub, “eng buyuk” maqomi – shunday meros ortidan kelayotgan murabbiy uchun har bir savolning ostida bitta mazmun yotadi: sen bunga tayyormisan?
Ferguson va Wenger soyasi
Maresca bu savolni yaxshi biladi. U tarixdan misol keltirdi. Sir Alex Ferguson ketganidan keyin Manchester United qanday qiyinchiliklarga duch kelgani, David Moyes davrida klubning darhol pasayib ketgani hali ham yodlarda.
Xuddi shunday manzara London tomonida ham bo‘lgan. Arsène Wenger’dan keyingi Arsenal o‘z yo‘lini qayta qidirishga majbur bo‘ldi, Unai Emery davri oson kechmadi.
“It’s a challenge. It’s nice,” – dedi Maresca, o‘ziga xos xotirjamlik bilan. “Bir klubda ko‘p yillar ishlagan murabbiydan keyin hamisha biroz qiynalish bo‘ladi. Sir Alexdan keyin, Arsène’dan keyin ham shunday bo‘lgan. Lekin bu ham sinov – bu tashkilot, muxlislar, hamma uchun darhol to‘g‘ri ishlarni qilishga urinish sinovi.”
U o‘tmishdan qo‘rqmayapti. Aksincha, u yerdan saboq olyapti.
Barqarorlik – City quroli
Maresca bir narsani aniq aytdi: Manchester City ichki tuzilmasi unga bu sinovni yengib o‘tish uchun eng katta imkoniyatni beradi.
“Bu klubda eng asosiy narsa – tashkilot,” dedi u. “Bu tashkilot 17 yil ichida atigi uch nafar bosh murabbiyga ega bo‘ldi.” Roberto Mancini, Manuel Pellegrini, Pep Guardiola. Uch ism, uch davr, bitta yo‘nalish.
“Bu odatiy hol emas. Futbolda tez-tez uchramaydi. Men ishonaman, biz juda yaxshi ish qila olamiz. Roberto davridan boshlangan, keyin Manuel, so‘ng 10 yil davomida Pep olib borgan ishni davom ettiramiz.”
Gaplaridan bir narsa yaqqol seziladi: Maresca inqilob va’dasini bermayapti. U tizimni buzmoqchi emas. Uni davom ettirishni, o‘z imzosini esa shu barqarorlik ichida qo‘yishni istaydi.
Rodri – jarrohlik, ta’til va transfer shov-shuvi
Yangi mavsum arafasida eng katta yangiliklardan biri – markazdagi tayanch nuqta, Rodri holati. Maresca 30 yoshli futbolchi bel sohasidan jarrohlik amaliyotini o‘tkazishini tasdiqladi. Operatsiya dushanba kuni rejalashtirilgan, demak, u mavsum startini o‘tkazib yuboradi.
Bunday paytda savol tabiiy: kelajagi ham shu klubdami? Ayniqsa, Real Madrid qiziqish bildirayotgani fonida.
“Katta futbolchilar atrofida doim mish-mishlar bo‘ladi,” dedi Maresca. “Men bundan xavotir olmayman. Ular (Ispaniya) Jahon chempionatini yutishdi, u eng yaxshi futbolchi yoki eng yaxshilaridan biri bo‘ldi. Har bir murabbiy Rodriga ega bo‘lishni xohlaydi, chunki u yuqori darajadagi futbolchi.”
Shu bilan birga u aniq chiziq chizdi: hozircha gap transfer emas, sog‘liq haqida. “Endi u dushanba kuni operatsiya qiladi. Keyin ta’til, dam olish. Shundan keyin biz bilan qaytib birga bo‘ladi.”
City uchun bu – taktika va ritm nuqtai nazaridan jiddiy sinov. Lekin murabbiy ovozida vahima yo‘q.
Grealish va Trafford: eshik ochiq, lekin hozircha yopilmagan
Kadrlar masalasida ham savollar ko‘p. Ayniqsa, ikki ism atrofida: Jack Grealish va James Trafford.
Grealish o‘tgan mavsumni Everton safida ijarada o‘tkazdi va endi Cityga qaytdi. Trafford esa ikkinchi raqamli darvozabon sifatida turibdi, unga Leeds qiziqayotgani ma’lum.
“Jack hozircha Man City futbolchisi,” dedi Maresca. “Men doim bir narsani aytaman: qaysi klubga bormay, agar futbolchi klubga tegishli bo‘lsa, uni mashq qildirish mening burchim. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz.”
James Trafford borasida esa u alohida ohangda gapirdi: “Men Jamesni yaxshi bilaman, u City U-23 jamoasida bo‘lganimda mening darvozabonim bo‘lgan.” Ammo bu ham kelajak kafolati emas. “Transfer oynasi ochiq bo‘lsa – hozir bo‘lsin, yanvar bo‘lsin – hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ko‘ramiz. Hozircha u bizning darvozabonlarimizdan biri.”
Bu so‘zlar bir narsani ko‘rsatadi: Maresca hech kimni majburan ushlab qolmaydi, lekin hech kimni shoshilinch ravishda eshikdan chiqarib yubormaydi ham. Qaror – bozor, klub strategiyasi va o‘yinchining o‘zi bilan birga pishadi.
Pep soyasida emas, uning izidan
Manchesterning ko‘k tomonida yangi davr boshlanmoqda. Pep Guardiola nomi hanuz devorlarda, kuboklar vitrinasida, taktik qo‘llanmalarda yashab turibdi. Bu soyadan qochib bo‘lmaydi.
Maresca esa bu soyadan yashirinmayapti. U uni qabul qilyapti. O‘sha yo‘lni davom ettirishni, lekin o‘z ohangini qo‘shishni istayapti.
Endi savol bitta: bu barqaror tizim ichida u o‘zini qanday murabbiy sifatida ko‘rsatadi – Pep merosini saqlab qoladigan vorismi yoki Manchester City tarixida yangi bob ochadigan ismmi?


