Sport Maydon logo

Infantino ostida chayqalayotgan tron: futbol siyosatidagi keskin burilish

Futbolning eng qudratli mintaqaviy uyushmalari FIFA ichida hokimiyat uchun ochiq kurashga yaqinlashmoqda. UEFA, AFC va CONCACAF doiralarida Gianni Infantino’ga ishonchsizlik votumi masalasi allaqachon jiddiy muhokama qilinayotgani aytilmoqda. Maqsad bitta: amaldagi prezidentni lavozimdan tushirish.

Bu endi kulis ortidagi g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir emas, balki aniq siyosiy frontga aylanib bormoqda. Xususiy investorlar uchun FIFA musobaqalarida, jumladan Jahon chempionati huquqlarida ulush sotish rejasidan keyin sabr kosasi to‘lgandek.

Bir manbaning Reuters’ga “Hech qanday yo‘l qolmadi” deb aytgani vaziyat qanchalik keskinlashganini ko‘rsatib turibdi. “Yoki u tinch yo‘l bilan, mart oyida nomzodini qo‘ymaslikka qaror qiladi, yoki qattiq yo‘l bilan ketadi”, — deya davom etgan u, ishonchsizlik votumiga ishora qilib.

Favqulodda kongress soyasi

FIFA nizomiga ko‘ra, FIFA Kengashi istalgan paytda Favqulodda Kongress chaqirishi mumkin. Agar 211 a’zodan kamida beshdan biri kun tartibini aniq ko‘rsatgan holda yozma talab yuborsa, Kengash buni qilishga majbur.

Shundan keyin uch oy ichida Favqulodda Kongress o‘tkazilishi kerak, unda qatnashayotgan har bir assotsiatsiya bittadan ovozga ega bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, nizomda prezidentga nisbatan ishonchsizlik votumini alohida tartibga soluvchi modda yo‘q. Ya’ni yo‘l bor, lekin u aniq chizilmagan.

FIFA bu boradagi savollarga javob berishga shoshilmadi. UEFA ham ishonchsizlik votumi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirmadi, biroq ilgari e’lon qilingan pozitsiyasini eslatdi: tashkilot rahbariyati va boshqaruvini “tubdan va chuqur” qayta ko‘rib chiqish kerak, “hech bir variant stol ustidan olinmasligi lozim”.

CONCACAF ham shunga o‘xshash yo‘lni tanladi — bevosita izoh o‘rniga UEFA va AFC bilan birgalikdagi avvalgi bayonotiga ishora qildi. O‘sha bayonotda FIFA rahbariyati “ishonchning fundamental buzilishi”da ayblangandi. AFC esa Al Jazeera’ning so‘roviga javob qaytarmadi.

Mart 2027 yaqinlashmoqda, lekin muxolifat kuchaymoqda

Gianni Infantino mart oyida bo‘lib o‘tadigan 2027-yilgi FIFA Kongressida qayta saylanish niyatini oshkora e’lon qilgan. U hanuz ko‘plab assotsiatsiyalarning, ayniqsa Afrika konfederatsiyasi CAF’ning sezilarli qo‘lloviga ega.

FIFA xususiy investitsiya loyihasini yuritishdagi xatolar uchun a’zolaridan uzr so‘radi. O‘tgan hafta esa Qatar va 2030-yilgi Jahon chempionati hamkori Marokashni o‘z ichiga olgan olti arab futbol assotsiatsiyasi Infantino’ni ochiq qo‘llab-quvvatladi. Marokashda o‘tgan inqiroz yig‘ilishidan so‘ng FIFA rahbariyati ham prezidentga to‘liq ishonchini yana bir bor tasdiqladi.

Shu bilan birga, UEFA, AFC va CONCACAF ichida ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatlash kayfiyati ustun ekani aytilmoqda. Lekin ular bir narsadan cho‘chimoqda: agar urinish muvaffaqiyatsiz tugasa, bu Infantino’ni yanada kuchaytirishi, uning saylovoldi mavqeini mustahkamlashi mumkin.

Infantino bosim ostiga tushishining markazida aynan o‘sha qulagan loyiha turibdi: yangi tijoriy tuzilma orqali Jahon chempionati va boshqa FIFA musobaqalarining tijoriy huquqlarida xususiy investorlar uchun ozchilik ulushini sotish rejasi. Bu tuzilma futbolning eng katta brendini – Jahon chempionatini – boshqarishi kerak edi.

FIFA 2023–2026-yillar tsikli bo‘yicha tushum 15 milliard dollardan oshishini kutmoqda, uning asosiy qismi aynan 2026-yilgi Jahon chempionati hisobiga shakllanadi. Shunday paytda bosh turnirning tijoriy boshqaruvini xususiy kapitalga yaqinlashtirish g‘oyasi ko‘plab konfederatsiyalar uchun “qizil chiziq” bo‘ldi.

Kadrlar inqirozi va ichki isyon

Inqiroz bu hafta yangi burilish oldi. FIFA Bosh operatsion direktori Kevin Lamour lavozimini tark etdi. U avvalroq investitsiya loyihasini tanqid qilgan, xodimlar “aldanganini” aytgan, bu tashabbusni “bitta odam loyihasi” deb ta’riflagan edi. FIFA uning ketishi bo‘yicha hech qanday sabab ko‘rsatmadi.

Bundan keyin yana bir zarba keldi. FIFA vitse-prezidenti Sandor Csanyi Infantino’ni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi va Lamourning ketishini “so‘nggi tomchi” deb atadi. Bu endi shunchaki tashqi bosim emas, markaziy doiralardagi ochiq norozi kayfiyatga aylandi.

Shu bilan birga, muxolifatning o‘zi ham to‘liq shakllanib bo‘lgani yo‘q. 18-noyabrdagi nomzod ko‘rsatish muddati yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, Infantino’ga qarshi biror raqib ochiq maydonga chiqmadi. Siyosiy irodasi borlar bor, lekin ularni bayroq ostida birlashtiradigan nom hali yo‘q.

CAF prezidenti Patrice Motsepe esa o‘tgan hafta Afrikaning Infantino’ni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi va uning kelajagi saylovda, FIFA a’zolarining ovozi bilan hal qilinishi kerakligini aytdi.

Bekor qilingan investitsiya loyihasiga ko‘ra, assotsiatsiyalar infratuzilma, murabbiylik, milliy jamoalar, musobaqalar, ommaviy futbol va ayollar futboli uchun bir martalik 20 million dollargacha kapitalga ega bo‘lishi mumkin edi. Pul va’da qilingan, lekin narxi juda yuqori bo‘lib chiqdi.

Klublar sahnaga chiqmoqda

Bosim endi faqat ovozga ega federatsiyalar bilan cheklanib qolmayapti. Yevropa klublari ham chiziqdan o‘tishga tayyor turibdi.

Paris Saint-Germain prezidenti Nasser Al-Khelaifi raisligidagi European Football Clubs (EFC) uyushmasi 800 dan ortiq klubni birlashtiradi va UEFA hamda boshqa o‘zgarish talab qilayotgan tomonlar bilan bir safda ekani aytilmoqda. Ular FIFA’ga aniq signal yubordi: boshqaruv va klublar bilan munosabatlar bo‘yicha xavotirlar bartaraf etilmasa, kelajakdagi erkaklar va ayollar Club World Cup turnirlarida ishtirok etmasliklari mumkin.

Klublarning FIFA’da ovozi yo‘q. Lekin sportiy va tijoriy ta’siri ulkan. Jahon chempionatlarida yulduzlar klubdan keladi, televideniye huquqlarining qiymati ham ko‘p jihatdan aynan shu yulduzlar bilan o‘lchanadi. Ular yo‘q bo‘lsa, turnirning jozibasi ham so‘nadi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining sobiq marketing rahbari Michael Payne buni keskin savol bilan ifodaladi: hatto Infantino saylovda g‘alaba qozonsa ham, bo‘linishlar yo‘qoladimi? U “kichik davlatlarning 51 foizlik ko‘magi bilan zo‘rg‘a g‘alaba qozonib, barcha futbol superkuchlari sizga qarshi bo‘lgan holatda tashkilotni qanday boshqarasiz?” degan fikrni ochiq aytdi.

Homiylar jim, savollar esa ko‘paymoqda

Qiziq tomoni shundaki, birorta yirik FIFA homiysi hozircha Infantino’ni ommaviy tanqid qilgani yo‘q. Lekin savollar yopiq eshiklar ortida yangrayotgani aniq.

Payne homiylar kayfiyatini shunday ifodalagan: “Bunday muvaffaqiyatli Jahon chempionatini o‘tkazib, keyin o‘zingga o‘zing o‘q uzganingni qanday tushuntirasan?” Ularning ko‘z o‘ngida aynan shunday manzara turibdi.

FIFA 15 milliard dollarlik tsikl sari borar ekan, siyosiy bo‘linish, ichki isyon va klublar tahdidi fonida savol yanada keskinlashmoqda: Infantino bu inqirozni o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun burib yubradimi yoki aynan shu inqiroz uning davriga nuqta qo‘yadimi?

Javob endi faqat bir kishiga emas, butun futbol sayyorasining qanday yo‘l tanlashiga bog‘liq.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling