Sport Maydon logo

Hamza Abdelkarim: Barcelona'da yangi to‘qqizlik

Hansi Flickning birinchi to‘liq yozgi yig‘ini hali endi qiziyapti, lekin bir ism allaqachon Barcelona ichkarisida baland ovoz bilan yangray boshladi: Hamza Abdelkarim. Misrlik hujumchi shu paytgacha faqat istiqbol sifatida tilga olinardi, endi esa u Camp Nou atrofidagi suhbatlarda real variantga aylanmoqda.

Birminghamga qarshi kecha – hujumchining vizit kartasi

Barcelona yozgi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ko‘plab yoshlarni sinab ko‘ryapti, lekin ikki o‘yinni ham asosiy tarkibda boshlaganlardan biri aynan Hamza bo‘ldi: Europa (4:1) va Birmingham Cityga qarshi bahslar. Bu ishonch darajasi yosh futbolchi uchun o‘ziyoq signal.

Angliyadagi Birmingham Cityga qarshi o‘yin esa uning uchun alohida sahna bo‘ldi. To‘liq hujumchi qanday bo‘lishi kerak – Hamza maydonda aynan shuni ko‘rsatdi. Orqa tomoni bilan to‘pni yopishi, raqib himoyachilarini gavdasi bilan surib chiqarishi, yuzlanib olgach esa ularga qarshi yugurib borishi – bularning barchasi murabbiy shtabini ishontirgan, katalon nashri “Sport” buni “juda ishontiruvchi” o‘yin deb ta’rifladi.

Birinci bo‘lim davomida uning harakati to‘xtamadi. Tezlik, doimiy harakat, jarima maydoni ichida bo‘sh hudud izlash – hammasi rejadagidek ishladi. Oxiri bosim o‘z samarasini berdi: raqib himoyachisi harakatini oldindan o‘qib, penalti ishladi.

To‘pni qo‘liga oldi. Orqaga qaramadi. Chap oyog‘i bilan pastdan, aniq zarba – Birmingham darvozaboni James Beadle ojiz qoldi. Yozgi o‘rtoqlik o‘yinlaridagi uning ilk goli shunday tug‘ildi.

Kurash, sariq kartochka va Flick talab qiladigan “ochlik”

Hamzaning ochko‘zligi faqat hujumda emas, pressingda ham ko‘rindi. Birinchi bo‘limdagi Barcelona tomonidan qilingan olti xatolikdan uchtasi aynan uning hissasiga yozildi. Oxirgisida esa hakam kartochkaga qo‘l cho‘zdi – sariq. Raqibni qo‘yib yubormaydigan, yo‘q joydan ham kurash topadigan hujumchi obrazi aynan shunday chiziladi.

Bu ogohlantirish uni to‘xtatmadi. Aksincha, xarakterini yanada ochib berdi. Flick hujumchilardan talab qiladigan narsa – old chiziqda agressiv pressing, tana bilan kurash, raqibni tinimsiz siqish. Hamza aynan shuni taklif qilyapti.

Ikkinchi gol esa uning kechasini to‘liq yakunlab berdi. Jarima maydoni chetidan Roony kuchli zarba yo‘lladi, darvozabon qaytargan to‘p bo‘sh hududga tushdi. Hamza birinchi bo‘lib vaziyatga yetib bordi. Shoshilmadi, texnik jihatdan toza zarba bilan hisobiga dubl yozib qo‘ydi.

Barcelona hujumi uchun haqiqiy sinov

Hamza Abdelkarim qishda Al Ahly safidan Barcelona tizimiga kelganida, ko‘pchilik buni kelajak uchun qilingan, sokin transfer sifatida qabul qilgandi. Hozir esa vaziyat boshqacha. Klub yozgi bozor davomida sof markaziy hujumchi izlayotgan bir paytda, ichkaridan chiqqan bunday nom murabbiylar uchun yoqimli bosh og‘rig‘i.

Pozitsiya uchun raqobat juda keskin. Klub rahbariyati hali yakuniy qarorlarni qabul qilgani yo‘q, yoz oyning oxiri bu borada hal qiluvchi bo‘ladi. Lekin har bir daqiqa, har bir o‘yin Hamza uchun imkoniyat. U esa hozircha ularni boy bermayapti.

Uning yozgi yig‘indagi chiqishlari Hansi Flickni chuqurroq o‘ylashga majbur qilmoqda: yangi hujumchini tashqaridan izlash shartmi yoki javob allaqachon o‘z qo‘llari ostidami?

Savol ochiq qolmoqda. Maydonda esa javobni berishga tayyor bo‘lgan bitta yigit bor. Ismi – Hamza Abdelkarim.