
Tyson Fury: Ichki kurash va shizofreniya haqida
Tyson Fury Netflix’dagi hujjatli filmida o‘ziga shizofreniya tashxisi qo‘yilganini ochiqlagach, endi bu og‘ir davr tafsilotlarini yanada kengroq bayon qildi. U “The Louis Theroux Podcast” dasturida o‘sha paytdagi ruhiy ahvolini eslar ekan, bir og‘iz jumla bilan hammasini aytib berdi: “Boshimda ovozlar menga o‘zimni o‘ldirishni buyurardi”.
U o‘zini “Gypsy King” deb ataydigan og‘ir vazn chempioni ringda hech qachon orqaga chekinmagan. Lekin tayyorgarlik jarayonida, sportga qaytish arafasida u butunlay boshqa jangga tushib qolgan: ko‘rinmaydigan, ammo halokatli raqib – o‘z ongiga qarshi.
“Butunlay aqlimdan ayrildim”
Fury o‘sha davrni “qorong‘i va iblisday makon” deb tasvirlaydi. U nafaqat tushkunlik, balki to‘liq ishonchsizlik girdobiga tushganini tan oladi. Uning tasavvurida eng yaqin odamlari ham unga qarshi “fitna uyushtirayotgandek” ko‘ringan.
Uning aytishicha, boshidagi ovozlar uni ishontirib qo‘ygan: rafiqasi Paris uni o‘ldirish uchun tuzoq qurayotgan emish. Shubha shu qadar kuchayganki, Fury hatto otasi va eng yaqin do‘sti Dave’ni ham shu “reja”ga aloqador deb o‘ylagan.
“Otamni ham, eng yaqin do‘stim Dave’ni ham shu ishga aralashgan deb bildim. Butunlay aqlimdan ayrildim, boshimni yo‘qotdim”, deya eslaydi u Louis Theroux bilan suhbatda.
Bu nafaqat sportchining, balki insonning ichki qulash nuqtasi edi. Ringda raqibni yiqitgan zarbalar bu yerda yordam bera olmasdi.
“O‘lim oson yo‘ldek tuyulardi”
Theroux uning boshidagi ovozlar nimalar deyayotganini so‘raganda, Fury javobi bilan tinglovchini muzdek qotirib qo‘yadi. “Ovozlar menga o‘zimni o‘ldirishni buyurardi. Bu juda-juda qorong‘i, iblisday joy edi. Hech qachon, hech qachon qaytib bormoqchi bo‘lmagan joyim. Men aynan shunday holatda yashadim. Va yakunda o‘zimni yumshoq devorli xonada ko‘ramandeb o‘ylardim yoki… o‘lik holda”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘lim varianti hatto “oson yo‘l” bo‘lib ko‘ringan. Ammo uni eng ko‘p qo‘rquvga solgan narsa boshqa edi. “O‘lim, aslida, osonroq variantdek edi. Lekin o‘zimni to‘liq bog‘lab, to‘nkarilgan holatda, ruhiy kasalliklar shifoxonasida ko‘rishimga ishonganman. Meni aynan shu narsa dahshatga solgan”, deydi u.
Bu qo‘rquv uni tirik qoldi. Lekin kurashni ham og‘irlashtirdi.
“Jannat sindromi”: Klitschko ustidan g‘alabadan keyingi bo‘shliq
Furyga rasmiy ravishda shizofreniya tashxisi qo‘yilgan. Bu – gallyutsinatsiyalar, aldanishlar va real hayot bilan aloqaning uzilishi bilan kechadigan surunkali ruhiy kasallik. Bunga qo‘shimcha ravishda unda bipolyar buzilish, depressiya, tashvish buzilishi, obsesiv-kompulsiv buzilish va diqqat yetishmovchiligi va giperaktivlik sindromi (ADHD) ham borligi aytilgan.
Bunday ro‘yxat har qanday odamni larzaga solishi mumkin. Ammo Fury uchun bu rasmiy tashxislar ichkarida allaqachon avjiga chiqqan bo‘ronning nomlanishi xolos.
Britaniyalik bokschi 2015-yilda Wladimir Klitschko ustidan qozongan g‘alabasini eslar ekan, o‘sha kecha kutgan quvonch o‘rnini kutilmagan bo‘shliq egallaganini tan oladi. Og‘ir vazn toifasida jahon chempioniga aylanish – bolalikdan orzu qilingan cho‘qqi. Ammo u cho‘qqiga chiqqan kuni o‘zini yengil va befarq his qilgan.
“Bo‘shashib qolgandek bo‘ldim, befarq edim. Xuddi: ‘Xo‘p, raqibimni yengdim, tamom. Boshqa hech narsa yo‘q’, degandek. Atrofdagilar: ‘Keling, yana balandroq marraga chiqamiz, davom etamiz, ishlaymiz’, deyishardi, lekin bu juda qiyin edi”, deydi Fury.
U o‘xshash holatni boshdan kechirgan boshqa odamlar bilan gaplashganini, ular bu holatni “paradise syndrome” – “jannat sindromi” deb atashini aytadi. “Bu shunday holatki, butun hayotingizni bitta lahzaga tikasiz. Hammasini bitta kartaga qo‘yasiz. Odamlar ko‘p xato qilishadi: go‘yoki men kamarlar, unvonlar haqida qayg‘urgandek. Yo‘q. Men faqat bitta narsani xohlaganman – Wladimir’ni yengishni”, deya tushuntiradi u.
Maqsad bajarildi. Orzu ushaldi. Va shu bilan birga, ichkarida tayanch nuqta yo‘qoldi. Shundan keyin zulmat yaqinlashdi.
Cardiff sari: yangi jang, eski soyalar
Bugun Fury yana ringda. Uning ismi yana sarlavhalarda, navbatdagi katta to‘qnashuv esa allaqachon belgilangan: 2026-yil 11-dekabr, Cardiffdagi Principality Stadium. Raqib – Anthony Joshua.
Bu sanani bokschi olami kutyapti. Og‘ir vazn taxti atrofidagi bahslar, uslublar to‘qnashuvi, avlodlar qarama-qarshiligi… Hamma narsa bu kechani katta voqea qilishga tayyor.
Ammo Fury hikoyasi endi faqat kamarlar va rekordlar haqida emas. U ringga har safar chiqqanida, tomoshabinlar faqat zarbalar va raundlarni emas, balki uning ichki jangini ham ko‘rishadi. Bir paytlar “o‘lim oson yo‘l” bo‘lib ko‘ringan odam endi yirik stadionda navbatdagi superjangga tayyorlanmoqda.
Savol endi faqat shuki: u Cardiff kechasida navbatdagi raqibini yengadimi yoki yo‘qmi, emas. Asl savol boshqacha: Tyson Fury o‘zi bilan olib kelayotgan soyalarni ham bir umrga ortda qoldira oladimi?
