Sport Maydon logo

Gianni Infantino va Jahon chempionati: yangi mojarolar

Gianni Infantino uchun devorlar tobora yaqinlashmoqda. Bir necha oy ichida emas, bir kunda. Avvaliga uning eng yaqin maslahatchilaridan biri iste’foga chiqdi, oradan ko‘p o‘tmay esa Fifa’ning o‘z bosh operatsion direktori ochiqchasiga prezidentni tanqid ostiga oldi.

Gap faqat bitta mojaro haqida emas. Gap – Jahon chempionatining o‘zidan “ulushlar sotish” rejasida.

Jahon chempionati sotuvga qo‘yildimi?

Infantino bir necha haftadan beri Fifa’ning eng muqaddas brendi – Jahon chempionati va boshqa turnirlaridan xususiy investorlar uchun paketlar sotishni taklif qilmoqda. Reja – Fifa Forward Enterprise (FFE) nomli yangi tuzilma orqali katta xususiy kapitalni ichkariga kiritish.

Ammo bu g‘oya futbol olamida bo‘ron ko‘tardi. Yevropa mamlakatlari allaqachon aniq pozitsiyani bildirdi: agar Infantino bu rejadan voz kechmasa, Fifa musobaqalarini boykot qilishga tayyor. Bu shunchaki siyosiy signal emas, balki ochiq tahdid.

Shu fon’da juma kuni yuz bergan ikki zarba – prezidentning o‘z ichki doirasidan chiqqan noroziliklar – uning hokimiyatini yanada larzaga keltirdi.

Cordeiro zarbasi: “Yomon bitim”

2021 yildan beri Infantino maslahatchisi bo‘lib ishlagan, sobiq US Soccer rahbari Carlos Cordeiro iste’foga chiqdi. U ketar chog‘ida so‘zini ayamasdan aytdi: bu loyiha Fifa a’zolari, futbolning o‘zi va o‘yin kelajagi uchun “yomon bitim”.

U Fifa jarayonidagi shaffoflik yetishmasligini tilga oldi, tashkilot katta, qarzsiz zaxiralarga ega ekanini eslatdi – bu mablag‘lar rivojlanish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan paytda nega investor izlanayotgani savol ostida.

“Bu bitim nega kerak? Nega aynan hozir? Qanday nazorat bo‘ladi? Kim yutadi? Tanlov jarayoni bo‘lganmi? Qanday boshqaruv tizimi joriy etiladi? Investorlar oxir-oqibat nimani qo‘lga kiritadi va bu futbolga qanday narxda tushadi?” – deya u bir nechta og‘riqli savollarni ketma-ket sanab o‘tdi.

Bu savollarga hozircha javob yo‘q. Aynan shu jimlik Infantino atrofidagi ishonchni yemiryapti.

Lamour chiqishi: “Bu Fifa loyihasi emas, bitta odamniki”

Ammo kunning eng og‘ir zarbasi keyinroq keldi. Fifa bosh operatsion direktori Kevin Lamour – Infantino bilan Fifa va avvalroq Uefa davridan beri yonma-yon ishlagan odam – ochiq bayonot bilan chiqdi va prezidentni o‘z xodimlarini ham aldashda aybladi.

Uning so‘zlari juda keskin bo‘ldi.

“So‘nggi kunlarda e’lon qilingan va so‘nggi oylar davomida yashirincha sodir bo‘lgan voqealar aql va tasavvurga sig‘maydi”, – dedi u. “Aniq aytaman: bu shuncha bahs va mojaro uyg‘otgan loyiha – Fifa loyihasi emas. Bu, ayniqsa, Fifa administratsiyasining loyihasi ham emas. Bu bitta odamning loyihasi”.

Lamourga ko‘ra, faqat vitse-prezidentlar, Kengash a’zolari, konfederatsiyalar, federatsiyalar, futbolchilar, ligalar, klublar va muxlislar emas – Fifa’ning o‘zi, ichki apparati ham chetda qoldirilgan.

“Ko‘p oylar davomida haqiqatni yashirish va yakka hokimiyat bilan ish yuritish arzimas holat emas. Bu ishonch yetishmasligidan, shaffoflik yetishmasligidan, vaziyatni to‘g‘ri baholay olmaslikdan, yaxshi boshqaruv tamoyillariga bepisandlikdan dalolat. Va bu chuqur hurmatsizlik”, – dedi u.

Lamour Fifa vazifasi “o‘zini Fifa deb o‘ylaydigan, aslida esa unga xizmat qilishi kerak bo‘lgan bir odamning shaxsiy manfaatlariga xizmat qilish emas”ligini ta’kidladi. U hamkasblari “mensimaslik va qo‘rqitish”dan ko‘ra yaxshiroq munosabatga loyiq ekanini aytib, shunday deya yakunladi: Fifa’da ishlashdan faxrlanish hissi ko‘pchilik uchun yo‘qolgan.

Bu so‘zlar uchun u ishdan bo‘shatilish xavfini ham ochiq tan oldi. Bu esa ichkarida kayfiyat qanchalik keskinlashganini ko‘rsatadi.

Uefa, AFC, Concacaf – qarshi front kengaymoqda

Infantino uchun muammo endi faqat Yevropada emas. Uefa allaqachon 55 a’zosini bir safga qo‘ydi va FFE rejasiga qarshi yagona front yaratdi. Boykot tahdidi shunchalik jiddiyki, futbol olamida “Jahon chempionati boykoti” iborasi ochiq muhokamaga chiqib bo‘ldi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi – AFC ham keskin bayonot bilan chiqdi. Ular Uefa va Concacaf pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, xususiy moliyalashtiriladigan Fifa Forward Enterprise rejasi bekor qilinishi kerakligini aniq aytdi.

“Aholi orasida Fifa Jahon chempionati boykoti ehtimoli jiddiy muhokama qilinayotgan darajaga yetgan bo‘lsa, bu o‘yinning kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir odamni tashvishga solishi kerak”, – deyiladi AFC bayonotida. “AFC fikricha, taklif etilayotgan FFE zarur darajadagi keng konsensus va birdamlikni ta’minlay olmaydi”.

AFC Fifa’ni boshqaruv va qaror qabul qilish tizimini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Ular hamkasblari singari asosiy qarorlar – xususan, Jahon chempionati mezbonligini belgilash – bo‘yicha maslahatlashuv deyarli bo‘lmaganini eslatdi.

64 jamoali mundial va shoshilinch tender

Juma kuni yuzaga chiqqan yana bir xabar futbol siyosatidagi taranglikni yanada oshirdi. Fifa Jahon chempionatini 64 jamoaga kengaytirishning iqtisodiy foydasini o‘rganish uchun tadqiqot kompaniyalariga tender e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi. Muddatlar esa favqulodda tezlashtirilgan.

Bu shoshilish ham konfederatsiyalarni xavotirga soldi. Bir tomondan, xususiy kapital bilan ishlash rejasi, ikkinchi tomondan – turnirni yana kattalashtirish. Hammasi bir vaqtda, hammasi yuqoridan tushirilayotgan qarorlar ko‘rinishida.

Uefa hozircha kutish taktikasini tanlagan. Ular birlashgan frontni yaratdi, endi esa Fifa qanday javob berishini kuzatmoqda. Dastlabki ishoralar esa kursning o‘zgarishi ehtimoli juda pastligini ko‘rsatmoqda.

Tunda Fifa ommaviy noroziliklar uchun aybni ommaviy axborot vositalariga yuklashga urindi, o‘zini “ochiq va demokratik maslahatlashuv” tarafdori sifatida ko‘rsatdi. Ammo bu bayonot raqib tomonlarda hech qanday taassurot qoldirmadi.

Prezidentni ag‘darish mexanizmi bor, lekin…

Nazariy jihatdan Infantino’ni muddatidan oldin lavozimidan chetlatish mexanizmi mavjud. 43 mamlakat talab qilsa, favqulodda Fifa Kongressi chaqirilishi va ishonch ovozi o‘tkazilishi mumkin.

Amalda esa konfederatsiyalar hozircha asosiy maqsadni boshqacha ko‘rmoqda: avval FFE rejasini to‘xtatish, keyin qolganini ko‘rish. Uefa va boshqa hududlar uchun birinchi vazifa – Jahon chempionati va Fifa turnirlarini xususiy investorlar qo‘liga qisman bo‘lsa-da topshirmaslik.

Kelasi yilgi Fifa prezidentlik sayloviga qarab esa kulis ortida ishlar boshlangan. Yevropa qo‘llab-quvvatlaydigan nomzod, katta ehtimol bilan, boshqa qit’adan bo‘ladi. Nomlar allaqachon tilga olinmoqda: Concacaf prezidenti Victor Montagliani, AFC rahbari Shayx Salman bin Ebrahim al-Khalifa – 2016 yilda Infantino’ga juda kam farq bilan yutqazgan nomzod.

Conmebol ham savol bilan chiqdi

Kun oxirida yana bir front harakatga keldi. Janubiy Amerika konfederatsiyasi Conmebol Fifa’dan Jahon chempionati va boshqa turnirlar bo‘yicha “ulush sotish” rejasiga oid qo‘shimcha ma’lumot talab qilganini ma’lum qildi va a’zo assotsiatsiyalar bilan kengaytirilgan maslahatlashuv jarayonini boshlab yubordi.

Conmebol Fifa’dan loyiha doirasi, tuzilmasi, boshqaruv tizimi va mumkin bo‘lgan oqibatlari bo‘yicha aniqroq tushuntirish so‘raganini aytdi. Ular yakuniy pozitsiyani qabul qilishdan avval hujjatlarni chuqur tahlil qilishini bildirdi.

“Futbol rivoji tijoriy va moliyaviy qarorlarni talab qilishini tan olamiz. Ammo bunday qarorlar har doim futbolga xizmat qilishi, hech qachon uning mohiyatidan ustun qo‘yilmasligi kerak”, – deyiladi Conmebol bayonotida.

Infantino qancha vaqtgacha chiday oladi?

Fifa esa hanuz federatsiyalarni o‘z tomoniga og‘dirishga urinmoqda va dastlab e’lon qilingan muddatni o‘zgartirmadi: loyihaga qo‘shilishni istaganlar uchun 19 sentyabr – oxirgi sana.

Ammo bugun bir narsa aniq ko‘rinib turibdi: bir paytlar deyarli “tegib bo‘lmaydigan” hisoblangan shveysariyalik prezident endi ittifoqchilarini birin-ketin yo‘qotyapti. Maslahatchi ketdi, bosh operatsion direktor ochiq qarshi chiqdi, uch konfederatsiya ochiq norozilik bildirdi, Yevropa boykot kartasini stolga qo‘ydi.

Savol endi bitta: Infantino bu bosim ostida rejasidan voz kechadimi yoki Fifa tarixidagi eng keskin siyosiy to‘qnashuvlardan biriga qarab borayaptimi?