Sport Maydon logo

FIFA ichida bo‘ron: Lamour va Cordeiro Infantino rejasiga qarshi

Futbol siyosatining markazi – endi maydon emas, FIFA shtab-kvartirasi. Zürichdagi ofisda kunlar tinch o‘tmayapti.

FIFA bosh operatsion direktori Kevin Lamour tashkilot prezidenti Gianni Infantino taklif qilgan Jahon chempionati daromadlaridagi ulushni xususiy investitsiya fondlariga sotish rejasini ochiqchasiga tanqid qildi. U nafaqat rejaning o‘zini, balki bu jarayon qanday o‘tkazilganini ham keskin qoraladi.

Lamour xodimlar “aldanganini” yozdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi oylar davomida reja ustida ishlashda ochiqlik bo‘lmagan, FIFA apparati esa “mensimaslik va qo‘rqitish”ga loyiq emas.

“It is the project of one person,” – deb yozadi u. Bu ibora atrofida butun mojaro aylanyapti: Lamourga ko‘ra, gap FIFA manfaatlarida emas, bitta inson siyosiy irodasida ketmoqda.

Uningcha, loyiha to‘xtatilishi shart. Yana bir qadam oldinga borib, futbol siyosiy rahbarlarini “to‘g‘ri savollarni berishga va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga” chaqirdi. Bu – ichkaridan kelgan, juda aniq signal.

Cordeiro iste’fosi: ichkaridan kelgan ogohlantirish

Lamour bayonoti e’lon qilinishidan bir necha soat avval Infantino maslahatchisi Carlos Cordeiro lavozimidan ketdi. U – sobiq Goldman Sachs bankiri, FIFA nomidan Oq uyda Jahon chempionati bo‘yicha Task Force tarkibida ishlagan, AQSh futbol siyosatida taniqli figuradir.

“I cannot stand by while FIFA considers selling a stake in the World Cup,” – deb yozdi u. Unga ko‘ra, Jahon chempionatidan tushadigan daromadlarda ulush sotish g‘oyasida qatnashmagan, muzokaralarga ham jalb etilmagan.

Cordeiro bu reja asosida yaratilishi ko‘zda tutilgan 20 milliard dollarlik tijoriy sho‘’ba korxonasini “futbol uchun yomon kelishuv” deb atadi. Uning pozitsiyasi qat’iy: “Let me be clear. I had no involvement in this proposal, and I oppose it unequivocally.”

Uning iste’fosi – shunchaki shaxsiy norozilik emas, yuqori pog‘onadagi xodimlar orasidagi ishonch darajasi qanchalik pasayganini ko‘rsatadigan siyosiy signal.

Lamour: “Ishimdan ayrilsam ham, hamkasblarimni himoya qilaman”

Lamour Cordeiro kabi iste’fo bermadi. Biroq u ham xavfli chiziqni kesib o‘tdi: ochiqcha gapirdi va o‘z lavozimini garovga qo‘ydi.

U 2024 yildan beri egallab kelayotgan postidan ketishga tayyor ekanini aytib, “Agar bu ish joyimni yo‘qotishimni anglatadigan bo‘lsa, mayli shunday bo‘lsin. Hech bo‘lmaganda, bugun kechasi tinch uxlayman”, deya yozdi.

Lamour futbolga siyosatdan kelgan. U o‘ttiz yilga yaqin vaqt oldin o‘sha paytdagi UEFA prezidenti Michel Platini yordamchisi sifatida sahnaga chiqqan, keyinchalik Afrika va Osiyodagi FIFA a’zolari bilan aloqalar bo‘yicha xalqaro siyosiy vazifalarni bajargan. Bugun esa aynan o‘sha federatsiyalar Infantino taklif qilayotgan, har biriga 20 million dollardan ajratishni nazarda tutuvchi paket bo‘yicha 19 sentyabrgacha qaror qabul qilishi kerak.

Uning bayonoti aynan mana shu fon, mana shu muddat arafasida paydo bo‘ldi.

20 milliardlik savol: futbol kelajagi kim qo‘lida bo‘ladi?

Infantino rejasining markazida bitta g‘oya turibdi: FIFA’ning tijoriy faoliyatini – erkaklar va ayollar Jahon chempionatlari, Club World Cup va boshqa yirik musobaqalardan tushadigan daromadlarni – alohida sho‘’ba korxonaga ajratish. Taxminiy qiymat – 20 milliard dollar. Shu kompaniyaning 20 foizini xususiy investorlar sotib olishi ko‘zda tutilgan.

FIFA bu yerda “anchor investor” sifatida Joshua Kushner tuzgan Nyu-York investitsiya fondini ko‘rsatmoqda. Kushner – AQSh sobiq prezidenti Donald Trumpning kuyovi Jared Kushnerning ukasi. Futbol siyosati va AQSh siyosiy elitasining kesishgan nuqtalari yana bir bor ko‘zga tashlanmoqda.

Cordeiro raqamlarni stolga qo‘ydi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, FIFA bugungi kunda milliardlab dollar zaxira mablag‘larga ega va qarzdan xoli. So‘nggi to‘rt yilda, yaqinda yakunlangan erkaklar Jahon chempionati bilan bog‘liq davrda, tushum 15 milliard dollarga yetgan.

Shu fon bilan taqqoslaganda, Cordeiro fikricha, 4,2 milliard dollar yig‘ish uchun futbolning eng qimmat aktivida doimiy ulushni sotish “mantiqan mos kelmaydi”. U buni “futbol kelajagini garovga qo‘yish, lekin ishonarli asos va zarurat ko‘rsatmasdan” deb baholadi.

Ichki doiradagi chiziq yorildi

Infantino FIFA prezidentligida o‘n yildan ortiq vaqt o‘tkazdi. Kelasi yil mart oyidagi saylovlarda unga raqib chiqishi kutilmayotgandi. Shunga qaramay, tashkilot 18 noyabrgacha yangi nomzodlar uchun eshikni ochiq qoldirgan.

Lamour – 2016 yil fevralida bo‘lib o‘tgan, Infantino kutilmaganda g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlari kampaniyasi paytida uning eng yaqin doirasida bo‘lgan odam. Bugun esa o‘sha doira ichidan ovozlar bo‘linayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Cordeiro ham, Lamour ham bir narsani urg‘ulayapti: FIFA ichida “fidoyi, tamoyilli, o‘yinni chin dildan yaxshi ko‘radigan” odamlar bor. Cordeiro ularni ham gapirishga chaqirdi: “Umid qilamanki, ular ham o‘z fikrini bildiradi, chunki bunday miqyosdagi qarorlar futbol manfaatlari yo‘lida, emas, undan foyda ko‘radiganlar manfaati yo‘lida qabul qilinmasligi kerak”.

Savol endi shunday: bu chaqiriq ovoz bo‘lib qoladimi yoki harakatga aylanadimi? Futbolning eng katta turniri kelajakda ham umumjahon merosi bo‘lib qoladimi yoki moliyaviy aktiv sifatida bozor qo‘liga o‘tadimi?