Sport Maydon logo

Zolani Tete: Ikki karra jahon chempioni o‘ldirildi

Mdantsane yana motamda. Ikki karra sobiq jahon chempioni, Janubiy Afrikaning eng iste’dodli bokschilaridan biri sanalgan Zolani Tete otib o‘ldirildi.

Sharqiy Kap provinsiyasi politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa juma kuni kechqurun, taxminan soat 18:30 atrofida sodir bo‘lgan. 38 yoshli Tete o‘z uyiga yetib kelgan, darvoza ochilishini kutayotgan paytda pistirma ostida qolgan.

Politsiya vakili brigadir Nobuntu Gantana aytishicha, mashinada Tete bilan birga bo‘lgan 27 yoshli ayol ham hujum nishoniga aylangan. Balaklava kiygan, qurollangan ikki noma’lum shaxs boshqa avtomobildan tushib, ularga qarata o‘q uzgan.

Bosim, vahima, o‘q yomg‘iri. Tete mashinani hovliga haydab kirib, qutulishga uringan. Ammo baribir jon saqlab qololmadi. U olgan jarohatlari sabab hodisa joyining o‘zida vafot etgan.

Yonida bo‘lgan yo‘lovchi ayol bir necha o‘q jarohatini olgan va darhol yaqin atrofdagi shifoxonaga yetkazilgan. U hanuz shifoxonada, ahvoli bo‘yicha batafsil ma’lumot berilmagan.

Hujum sababi — qorong‘ulikda. Tergov endi boshlanmoqda, voqea atrofidagi tafsilotlar hali noma’lum. Hozirgacha biror kishi qo‘lga olingani yo‘q. Gantana ma’lumotiga ko‘ra, ikki gumonlanuvchi hodisa joyidan qochib ketgan, ular hanuz qidirilmoqda.

Zolani Tete ringni yaxshi biladiganlar uchun oddiy ism emas edi. U WBF Flyweight va WBO Bantamweight kamarlari sohibi bo‘lgan, o‘z vazn toifasida eng xavfli zarba egalaridan biri sifatida tilga olinardi. Uning texnikasi, zarba aniqligi va sovuqqonligi uni xalqaro sahnaga olib chiqqan.

Ammo karyerasi silliq kechmadi. 2022 yilda Jason Cunningham ustidan to‘rtinchi raundda nokaut bilan qozongan g‘alabasidan so‘ng, Tete tanasidan stanozolol steroidi aniqlangan. Bu esa uning hayotidagi eng og‘ir zarbalardan biriga aylandi: Buyuk Britaniyaning antidoping agentligi unga to‘rt yillik majburiy diskvalifikatsiya qo‘lladi.

Ringdan chetlatilganiga qaramay, u taslim bo‘lmagan. Tete 2026 yil iyulida diskvalifikatsiya muddati tugashi bilan qaytishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar bor edi. 38 yoshda bo‘lsa ham, u yana ringga ko‘tarilib, karyerasini davom ettirishni, o‘zini qayta isbotlashni niyat qilgan edi.

Endi esa bu rejalarning barchasi Mdantsane ko‘chasida to‘xtab qoldi. Qorong‘u kechada yangragan o‘q ovozlari bilan birga.

Janubiy Afrika boksi o‘zining eng iste’dodli, eng bahsli, eng qiziqarli jangchilaridan birini yo‘qotdi. Tergov javob topishi mumkin. Ammo savol ochiq qoladi: bu kabi iste’dodlar uchun ringdan tashqaridagi dunyo qachongacha bunchalik shafqatsiz bo‘lib qoladi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling