Zidan davri boshlandi: Fransiya terma jamoasida yangi tartib
Zinedine Zidane nihoyat rasmiy ravishda Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishga tushdi. 2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng tayinlangan afsonaviy yarim himoyachi o‘tgan juma kuni ilk rasmiy tarkibini e’lon qildi. Shu bilan birga, uning kelishi Fransiya futbol federatsiyasi uchun faqat sport qarori bo‘lib qolmadi – butun infratuzilma, ayniqsa xavfsizlik bo‘yicha rejalar ham qayta yozildi.
“Zidane-maniya”ga javob
Zidan uchun endi oddiy murabbiylarga xos protokol yetarli emas. Federatsiya uning zaxira o‘rindig‘idagi har bir lahzasini kuchaytirilgan himoya ostiga oladi. Deschamps davrida ko‘rilmagan darajadagi shaxsiy xavfsizlik tizimi ishga tushirilmoqda.
Gap shunchaki bir-ikki qo‘shimcha qo‘riqchi haqida emas. Unga maxsus tayyorlangan, faqat o‘zi bilan ishlaydigan bodyguard biriktirilgan. Bundan tashqari, o‘tgan oy murabbiylar shtabining bir qismi sifatida tanishtirilgan alohida xavfsizlik xodimi ham bor. U rasmiy raviyda “orqa ofis” a’zosi, amalda esa Zidan atrofidagi butun xavfsizlik operatsiyasining markazida turadi.
L’Equipe xabariga ko‘ra, yangi bosh murabbiy atrofida tashkil etilgan tizim ko‘lami Fransiya terma jamoasi tarixida misli ko‘rilmagan. Nashr yozishicha, Zidan “oldingisidan tubdan farq qiluvchi, Les Bleus uchun ilgari bo‘lmagan darajadagi shaxsiy xavfsizlik rejimidan foydalanadi”.
Bu xalqaro futbol miqyosida murabbiy uchun kamdan-kam uchraydigan daraja. Tizim so‘nggi yillarda yirik turnirlarda Kylian Mbappe kabi superyulduzlar uchun yaratilgan “xavfsizlik pufagi”ni eslatadi.
1998 yildan beri davom etayotgan bosim
Zidan bunday e’tibor va bosimga yot emas. 1998 yilda Fransiyani ilk Jahon chempionligiga olib chiqqanidan beri u mamlakatda nafaqat sobiq futbolchi, balki milliy ramzga aylangan. Harakatlari, safarlari, hatto jamoat joylaridagi ko‘rinishlari ham yillar davomida ehtiyotkorlik bilan rejalashtirilib kelinadi.
Real Madriddagi murabbiylik yillari ham unga ommaviy shov-shuvni qanday boshqarish kerakligini o‘rgatgan. Endi esa bu tajriba yana ishga tushadi, faqat bu safar butun mamlakat timsoli bo‘lgan lavozimda.
Fransiya rasmiylari buni shunchaki ehtiyotkorlik emas, balki zarurat sifatida ko‘rmoqda. Zidan mamlakat bo‘ylab qayerga bormasin, “Zidane-maniya”ni to‘xtatish amri mahol. Shu bois yangi to‘rt yillik mandati davomida ortiqcha chalg‘ituvchi omillar, xavf va tartibsizliklar minimal darajaga tushirilishi kerak.
“Paranoiyaga berilmaymiz”
Shu qadar kuchli xavfsizlik choralariga qaramay, terma jamoa ichida vahima kayfiyati yo‘q. Xuddi shu manbaga ko‘ra, federatsiya ichkarisida aniq pozitsiya bor: “ichkarida biz hech qanday paranoyaga berilishni istamaymiz”. Ya’ni, himoya tizimi kuchaygan, lekin lager ichidagi muhit imkon qadar tabiiy va ishchan bo‘lib qolishi kerak.
Zidan uchun bu muvozanat juda muhim. U o‘yinchilarni haddan tashqari yopiq, bosim ostidagi muhitga tiqib qo‘yishni xohlamaydi. Shu bilan birga, o‘zi atrofidagi shov-shuv terma jamoaning asosiy vazifasi – g‘alabalar va natijalarga – xalaqit berishini istamaydi.
Shu ma’noda, hozirgi tizim – uning shaxsiy mashhurligi va jamoaviy maqsadlar o‘rtasida o‘rtacha yo‘l topish urinishidir.
Endi hammasi maydonga ko‘chadi
Eng muhim savol esa oddiy: himoya halqasi aniq, endi Zidan nimalar qiladi? Javob yaqin haftalarda ma’lum bo‘ladi. U e’lon qilgan ilk tarkib qisqa muddat ichida to‘rt o‘yindan iborat murakkab seriyani o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Yangi davr 25 sentyabr kuni Turkiyaga qarshi uchrashuv bilan boshlanadi. Bu nafaqat Zidan uchun, balki butun Fransiya futboli uchun ramziy start bo‘ladi. Zaxira o‘rindig‘ida endi boshqa figura, boshqa xarizma, boshqa futbol falsafasi.
Shundan so‘ng sinov darhol og‘irlashadi. 28 sentyabr va 5 oktyabr kunlari ketma-ket Belgiya bilan ikki o‘yin kutib turibdi – Yevropaning eng xavfli hujum chiziqlaridan biriga qarshi ilk katta imtihon.
Bu orada, 2 oktyabr kuni, Italiyaga qarshi yuqori darajadagi bahs “sendvich” kabi o‘rtada turibdi. Uch o‘yin, uch xil raqib, lekin bitta umumiy savol: Zidan murabbiy sifatida Fransiyaga o‘yin va natija bo‘yicha yangi daraja bera oladimi?
U futbolchi sifatida bu savolga allaqachon javob bergan – 1998 yilgi Jahon chempionligi, 2000 yilgi Yevropa chempionligi, Real Madrid bilan yulduzli yillar. Endi esa navbat boshqa sahnada. Zidan uchun bu safar nafas olayotgan har bir stadion, har bir safar, har bir matbuot anjumani yanada qattiqroq nazorat ostida bo‘ladi.
Ammo oxir-oqibat, uning haqiqiy “xavfsizlik kafolati” baribir bitta narsaga bog‘liq: Fransiya terma jamoasini yana cho‘qqiga olib chiqishiga. Shu savolga javob esa tez orada maydonda yozila boshlaydi.



