Xorvatiya va Portugaliya o‘yini: VAR va ofsayd bahslariga tugadi
Oxirgi daqiqalar. Umid, shovqin, gol… va bir lahzada hammasi chilparchin bo‘ldi.
Xorvatiya Portugaliyaga qarshi o‘yinda hisobni tenglashtirdim, deb o‘yladi. Zaxiradan tushgan hujumchi Matanovic jarima maydoni ichida to‘pga intildi, darvozaga yo‘llangan zarba to‘rni topdi, xorvatlar zaxira o‘rindig‘i o‘rnidan otilib turdi. Ammo quvonch uzoqqa cho‘zilmadi.
VAR sahnaga chiqdi. Monitor ortidagi chiziqlar, burchaklar, kadrlarga bo‘lingan epizod. Va nihoyat, sovuq hukm: ofsayd. Gol bekor.
Bu qarorni hal qilgan narsa esa ko‘zga ko‘rinmas darajadagi teginish bo‘ldi. Hakamlar tizimi to‘p ichidagi chip orqali Matanovicning eng yengil kontaktini ham qayd etdi. Maydonda u o‘zi ham ishonchsiz edi – tegdimmi yo‘qmi? – lekin texnologiya ikkilanmadi.
Renato Veiga to‘pga oyoq tekkizgan epizod ham vaziyatni o‘zgartirmadi. Hakamlar bu holatni ataylab o‘ynalgan pas emas, shunchaki yo‘nalishni o‘zgartirgan rikoshet deb baholadi. Shuning uchun ham dastlabki ofsayd qarori kuchida qoldi, Xorvatiyaning kechki dramasi esa VAR monitorida muzlab qoldi.
Portugaliya 2:1 hisobini ushlab qoldi. Xorvatiya esa yana bir bekor qilingan gol, ustunlar, ofsaydlar va qo‘yilgan penalti haqida o‘ylab, maydonni og‘ir qadamlar bilan tark etdi.
Matanovic: “Sochlarim bilan sezgandek bo‘ldim”
Matanovic o‘yindan keyin epizodga qayta-qayta fikran murojaat qilayotganini yashirmadi. U dastlab to‘pga umuman tegdimmi yoki yo‘qmi, bilmaganini aytdi. Hakam esa unga aniq javob bergan: to‘p ichidagi chip eng kichik teginishni ham qayd etgan, demak, ofsayd.
Hujumchi o‘z holatini shunday tasvirladi: u, go‘yoki, sochlarida yengil tegishni sezgandek bo‘lgan. Lekin yuz foizga ishonchi bo‘lmagan, shuning uchun hakamdan so‘ragan. Javob esa keskin bo‘lgan – texnologiya o‘z so‘zini aytgan.
Matanovicning so‘zlarida alam ochiq sezildi. U ikkinchi bo‘limdagi o‘yin uchun jamoani maqtadi, Xorvatiya ko‘proq narsaga loyiq bo‘lganini ta’kidladi. Penalti epizodini hali ko‘rmaganini aytarkan, “agar shunday penalti qo‘yilsa…” degan ohangda gapirdi va jamoasining omadsiz kunini sanab o‘tdi: uchta bekor qilingan gol, ustunga tekkan zarba, VAR qarorlari.
Maydonga tushgan paytdan boshlab o‘zini yaxshi his qilganini, jamoa ritmni topganini aytdi. Ammo aynan shuning o‘zi ham og‘riqli: yaxshi o‘yin, kuchli bosim, lekin baribir mag‘lubiyat. U baribir bir nuqtaga qaytdi – bu og‘riydi, lekin oldinga qarash kerak, hujumda o‘ynashni davom ettirish va e’tiborni Yevropa chempionatiga qaratish lozim.
Dalicning g‘azabi: “Biz uchun hech narsa yo‘q edi”
Matanovic chalkash bo‘lsa, Zlatko Dalic ochiqchasiga g‘azabli edi. Bosh murabbiy hakamlik haqida gapirganda so‘zini tiyib o‘tirmadi.
Uning fikricha, hakamlar Xorvatiyaga na himoya, na adolat berdi. Dalic o‘yinda jamoasi foydasiga deyarli hech qanday to‘xtatish, hech qanday kichik foul ham chalinmaganini ta’kidlab o‘tdi. Uningcha, hakamlik sifati past bo‘lgan, lekin baribir mag‘lub bo‘lgan jamoa sifatida u ko‘p gapirish huquqiga ega emasligini ham tan oldi.
Shu bilan birga, Dalic raqibni hurmat bilan tabrikladi, Portugaliyaga turnirning qolgan qismida omad tiladi. Lekin ikkinchi bo‘limga kelganda ohangi o‘zgaradi: u Xorvatiya o‘yinni o‘z tomoniga og‘dirganini, ko‘plab imkoniyatlar yaratganini, yakunda bunday natijaga loyiq bo‘lmaganini qat’iy aytadi.
Murabbiy o‘z futbolchilaridan faxrlanishini yashirmadi. Ular so‘nggi daqiqagacha kurashdi, ritmni oshirdi, raqibni bosim ostida qoldirdi. Dalic oldingi ikki o‘yinda ba’zi lahzalarda omad ularga kulib boqganini eslatib o‘tdi – bu safar esa o‘sha omad Portugaliya tomoniga o‘tdi.
Shu kecha esa hammasiga chipli to‘p, VAR chizig‘i va bir necha millimetr hal qiluvchi teginish yakun yasadi. Endi savol bitta: Xorvatiya bu alamni ichida qanday hazm qiladi va Yevropa chempionatiga qanday ruhda kirib boradi?


