Sport Maydon logo

Xitoyning FIFA World Cupdagi roli: ishlab chiqarish va madaniyat

Pekin — Xitoy terma jamoasi 2026-yilgi FIFA World Cup yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Mamlakat bo‘ylab millionlab muxlislar uchun bu alamli manzara. Biroq turnirning o‘zi? Devoridan tortib maydon chetidagi monitorigacha, tribunadagi shovqindan tortib shahar transporti tizimigacha — hamma yerda bitta yozuv seziladi: “Made in China”.

Xitoy futbol bozoriga kecha kirib kelgani yo‘q. Yigirma yildan oshiq vaqt avval, 1994-yilda AQShda o‘tgan mundialda ham Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlar muxlislar qo‘lida yurgan. Hozir esa ko‘lam boshqacha: bu safar gap faqat sharflar va bayroqlar haqida emas. Stadionlar, shahar infratuzilmasi, texnologik yurak — barchasida Xitoy izlari bor.

Estadio Azteca – yangilangan gigant va Xitoy muhandislari

Mexico Citydagi afsonaviy Estadio Azteca ochilish uchrashuvini qabul qilishdan oldin tubdan o‘zgardi. Kengroq, zamonaviyroq, tomoshabinga qulayroq stadion yaratish uchun qayta qurish ishlari olib borildi. Bu jarayonning muhim bo‘lagini China Railway Construction Engineering Group bajarib berdi.

Bu faqat bitta arena emas. Mexico City, Monterrey va Guadalajara — Meksikaning uch mezbon shahri. Ularning barchasi mundialga tayyorlanar ekan, rels ustiga qo‘yilgan yangi hayot ham Xitoydan keldi: CRRC ishlab chiqargan 115 ta yengil relsli poyezd ishga tushirildi. Mexico City ko‘chalarida esa muxlislarni stadion va markaziy nuqtalar o‘rtasida tashiyotgan 800 ga yaqin yangi energiyali shuttle avtobuslari qatnaydi, ularning qariyb 95 foizi Xitoyda ishlab chiqarilgan.

Transport, stadion, servis — bu oddiy detallar emas. Bular mundialning yurak urishi, odamlar oqimini boshqaradigan tomirlari.

Ishlab chiqarish qudrati – ko‘rinmas tayanch

Xitoy mahsulotlarining bunday miqyosda ishtirok etishi tasodif emas. Mamlakat bugun dunyodagi eng yirik ishlab chiqarish tizimiga ega, sanoat tarmoqlari bo‘yicha deyarli to‘liq zanjirni shakllantirgan. World Cup esa — murakkab sinov maydoni. Stadion rekonstruksiyasi, transport, xavfsizlik, servis, media infratuzilmasi, texnik ta’minot… Har bir bo‘g‘in uchun alohida yechim kerak.

Ana shu yerda Xitoy ishlab chiqaruvchilari o‘z kuchini ko‘rsatmoqda. Ular standart mahsulot emas, turnir talabiga moslashtirilgan, maxsus buyurtma yechimlarni yetkazib bermoqda. Bir davlat uchun bu biznes, boshqa tomondan esa — global sahnadagi texnologik nufuz masalasi.

VAR ekranlari, serverlar va sun’iy intellekt

Zamonaviy futbol tobora tezlashmoqda, qarorlar esa yanada murakkablashmoqda. VAR endi oddiy yordamchi emas, ko‘p holatlarda o‘yin taqdirini hal qiladigan vosita. Demak, tasvir sifati, hisoblash quvvati, uzluksiz ishlash — hammasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Hisense aynan shu nuqtada maydonga tushdi. Kompaniya VAR uchun yuqori aniqlikdagi displey qurilmalarini taqdim etib, hakamlar brigadasiga maydondagi vaziyatni aniqroq ko‘rish imkonini bermoqda. Qator stadionlarda qarorlar endi aynan Xitoy ekranlarida qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Texnologik frontning yana bir ustuni — Lenovo. Kompaniya 16 ta stadion uchun server va sun’iy intellekt modellari bilan jihozlar yetkazib bermoqda. Bu tizimlar FIFA texnologik va operatsion ehtiyojlarini ta’minlash uchun xizmat qilmoqda: ma’lumotlar oqimi, ishlash barqarorligi, real vaqt rejimidagi tahlillar — bularning bari ko‘rinmaydigan, lekin turnirni ushlab turgan asosiy qatlam.

Bu mahsulotlar ortida esa Xitoyning so‘nggi yillardagi strategiyasi yotadi: texnologik innovatsiyani rivojlanishning bosh ustuvor yo‘nalishiga aylantirish. Natijasi ham ko‘rinib turibdi. World Intellectual Property Organization e’lon qilgan Global Innovation Index 2025 reytingida Xitoy ilk bor dunyoning eng ilg‘or o‘nligiga kirdi.

Labubu – maydonga chiqqan Xitoy brendi

Ochilish marosimida bir lahza bor edi, u nafaqat stadionni, balki ijtimoiy tarmoqlarni ham junbushga keltirdi. Maydonda futbol libosidagi ikki Labubu paydo bo‘ldi. Ular qiyqirib, yugurib, World Cup kubogining nusxasini ko‘tarib sahnani qizdirdi.

Pop Mart’ning The Monsters seriyasiga mansub, yumshoq, tishlari ko‘rinib turgan bu qahramon ilk bor World Cup ochilish marosimida qatnashgan Xitoyning original intellektual mulki sifatida tarixga kirdi. Bu oddiy maskot emas, Xitoy pop-madaniyatining global sahnaga chiqishi edi.

Madaniyat va futbol kesishgan nuqtada endi tobora ko‘proq Xitoy brendlari ko‘rinmoqda. Ular reklama bannerlari bilan kifoyalanib qolmayapti, balki tomoshabin kayfiyatiga bevosita ta’sir qiladigan obrazlar, hamkorliklar, sahna elementlari orqali o‘zini namoyon qilmoqda.

Qahva, terma jamoalar va yangi hamkorliklar

Futbol bugun faqat 90 daqiqa emas, bu — kun bo‘yi davom etadigan tajriba. Stadion atrofi, fan-zonelar, shahar markazlari, muxlislar uchrashuvlari. Shu makonda Xitoy ichimlik brendlari ham faol harakat qilmoqda.

Luckin Coffee va Cotti Coffee kabi kompaniyalar Ispaniya va Argentina terma jamoalari bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Bu kelishuvlar orqali Xitoy brendlari eng yirik futbol sahnalariga, eng talabchan muxlislar auditoriyasiga chiqmoqda. Bir tomonda — Messi va uning jamoasi, boshqa tomonda — Xitoyda pishirilgan qahva. Bu tasvir global futbol iqtisodiyotining yangi manzarasini juda aniq chizib beradi.

Maydonda yo‘q, lekin har yerda bor

Xitoy terma jamoasi bu mundialda qatnashmaydi. Bu fakt o‘zgarmaydi. Ammo stadionlar yoritilishi, muxlislarni olib kelayotgan poyezdlar, hakamlar qarorlarini ko‘rsatayotgan monitorlar, ochilish marosimida yugurib chiqqan Labubu, terma jamoalarning rasmiy hamkoriga aylangan Xitoy qahvaxonalari — bularning barchasi bitta haqiqatni ko‘rsatadi.

Xitoy futbol maydoniga futbolchi sifatida emas, ishlab chiqaruvchi, quruvchi, texnologik hamkor va madaniy brend sifatida kirib kelmoqda.

Savol shuki, bu ko‘rinmas qudrat qachon bir kun milliy terma jamoa sifatida ham maydon markaziga chiqadi?