Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi Gianni Infantino bo‘yicha shikoyatni rad etdi
Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (IOC) Gianni Infantino ustidan tushgan shikoyatni ko‘rib chiqmaydi. Sabab aniq: bu ish IOC vakolat doirasidan tashqarida, deya ma’lum qilindi.
Masala oddiy sport bahsidan ancha yiroq. Inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi FairSquare guruhi Infantino IOC nizomini buzganini iddao qilib, uni siyosiy betaraflik qoidalariga rioya qilmagani uchun shikoyat qilgan edi. Ularning ta’kidlashicha, Fifa prezidenti AQSh prezidenti Donald Trumpga nisbatan “bayonotlar yoki boshqa aniq qo‘llab-quvvatlash ifodalari” orqali betaraflik tamoyilidan chekingan.
Bu da’vo ortida esa bitta epizod turibdi. Jahon chempionati paytida Donald Trump Infantino bilan bog‘lanib, AQSh hujumchisi Folarin Balogun olgan qizil kartochka masalasini qayta ko‘rib chiqishni so‘raganini tan olgan edi.
Balogun Bosniya va Gersegovinaga qarshi 2:0 hisobidagi g‘alabada maydondan chetlatilgan, natijada Belgiyaga qarshi 1/8 final uchrashuvini o‘tkazib yuborishi kutilayotgan edi. Avtomatik tarzda beriladigan bir o‘yinlik diskvalifikatsiya unga tatbiq etilishi kerak edi.
Ammo Trumpning aralashuvi ortidan vaziyat keskin o‘zgardi. Diskvalifikatsiya 12 oyga “muzlatib qo‘yildi”. Rasmiy izoh berilmadi, faqatgina intizomiy jazoni kechiktirishga imkon beradigan qoidaga ishora qilindi, xolos.
Natijada Balogun Belgiyaga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshladi. Uchrashuv esa AQSh uchun og‘ir yakun topdi: 1:4 hisobida mag‘lubiyat.
Gianni Infantino 2020 yildan beri IOC a’zosi sanaladi. Olimpiya nizomining ikkinchi bo‘limida aniq yozilgan: “IOC a’zolari hukumatlar, tashkilotlar yoki boshqa tomonlardan o‘z harakati va ovoz berish erkinligiga aralashishi mumkin bo‘lgan hech qanday topshiriq yoki ko‘rsatmalarni qabul qilmaydi”.
Shu asosda FairSquare Infantino bu tamoyilni buzgan, deb hisoblaydi. IOC esa bunga boshqacha qaradi. Qo‘mita bayonotida shunday deyiladi: shikoyat Fifa rahbariyatining boshqaruv qarorlari, hukumatlar bilan aloqalari va sport qoidalarini qo‘llashiga taalluqli bo‘lib, bularning barchasi IOC axloq kodeksi qo‘llaniladigan doiradan tashqarida.
Yana bir muhim fon bor: bu bayonot Norvegiya futbol federatsiyasi (NFF) Balogunning avtomatik diskvalifikatsiyasini to‘xtatish qarori yuzasidan Fifa axloqiy qo‘mitasiga rasmiy shikoyat berishni o‘ylab ko‘rayotgani ma’lum bo‘lganidan keyin, atigi bir kun o‘tib paydo bo‘ldi.
NFF prezidenti Lise Klaveness BBCga yo‘llagan bayonotida bu qaror federatsiyada “jiddiy tashvish” uyg‘otganini aytgan. Shikoyat berish-bermaslik bo‘yicha yakuniy qaror navbatdagi ijroiya kengashi yig‘ilishida qabul qilinadi.
Norveglar bunga qadar ham Fifa tomonidan birinchi marta topshirilgan Peace Prize mukofotining Donald Trumpga berilishi yuzasidan alohida shikoyat yuborgan.
Endi esa markazda boshqa savol turibdi: Fifa ichki axloqiy mexanizmlari bu bosim va shubhalar fonida qanday ishlaydi – va Infantino davridagi boshqaruv qarorlari yana qanchalik sinovga tortiladi?


