Wolves Traore bilan hujum chizig‘ini kuchaytirdi
Wolverhampton yozgi bozorning sokin ko‘rinishiga ishonmadi. Ular bir zarb bilan hujum chizig‘ini kuchaytirdi: Burkina Faso terma jamoasi yetakchilaridan biri, tajribali qanot futbolchisi Bertrand Traore Molineuxga qo‘ndi.
31 yoshli futbolchi bilan bir yillik shartnoma imzolandi. Bu – uning Angliyaga qaytishi. So‘nggi bekati Sunderland bo‘lgan Traore bunga qadar ikkinchi bor Ajax safida o‘ynab, Yevropa sahnasida o‘zini yana bir bor eslatgan edi.
Tajriba va profil: Peixoto xohlagan futbolchi
Wolves uchun bu transfer oddiy “chuqurlik” emas, aniq rejaga mos tushadigan bo‘lak. Klub hujum chizig‘iga sifatli raqobat qo‘shishni, ayni paytda murabbiy g‘oyasiga mos bo‘lgan futbolchini topishni ko‘zlagan edi.
Traore uchun West Midlands begona emas. U to‘rt mavsum Aston Villa safida to‘p surib, 62 dan ortiq o‘yinda maydonga tushgan va 10 ta gol urgan. Endi esa u sobiq raqib hududiga – Molineuxga qaytib kelmoqda.
Bosh murabbiy Cesar Peixoto yangi futbolchini qo‘lga kiritganidan mamnun. U Traore aynan kerak bo‘lgan pozitsiyani to‘ldirishini ochiq aytib o‘tdi. Murabbiy fikricha, bu transfer tasodifiy emas, ancha vaqtdan beri rejalashtirilgan maqsadli zarba bo‘lgan.
Peixoto uning sifatlarini sanab o‘tdi: birga-bir vaziyatlarda kuchli, chap oyog‘i bilan gol ham ura oladi, ham pas berib hujumni yakunlaydi, bo‘sh zonalarga tez kirib boradi. Hozircha bitta “lekin” bor – Traore yakka tartibda shug‘ullanib yurgani sababli o‘yin amaliyotiga qaytishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Shuningdek, u Wolves o‘yin falsafasini ham asta-sekin singdirib olishi lozim. Biroq murabbiy uchun eng muhimi – u endi qo‘l ostida, Premyer-ligaga qaytish yo‘lida yana bir jiddiy variant paydo bo‘ldi.
Yevropa bo‘ylab sayohat: Chelsea’dan Lyon’gacha
Traore yo‘li Molineuxgacha oddiy kelmagan. U 18 yoshida Chelsea tizimiga kelib qo‘shilgan, dastlabki katta tajribasini esa Niderlandiyada – Vitesse Arnhem va Ajax safida to‘plagan. Aynan Ajax bilan birga u Europa League finaliga qadar yetib borgan.
Keyin navbat Fransiyaga keldi. Ligue 1 dagi uch yillik Lyon davri muvaffaqiyatli o‘tdi. Uning o‘yini Aston Villa e’tiborini tortdi va 2020 yilda Birmingham klubi qanot futbolchisi uchun 17 million funt sarflashga tayyor bo‘ldi. Endi esa o‘sha hududga boshqa rangdagi forma bilan qaytmoqda.
Terma jamoa sardori – kiyinish xonasidagi ovoz
Traore klublar darajasida ko‘p narsani ko‘rgan bo‘lsa, xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga ega. U Burkina Faso terma jamoasi safida 90 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan, yaqinda Afrika Millatlar Kubogida jamoasini sardor sifatida maydonga boshlab chiqqan.
Wolves uchun bu raqamlar shunchaki statistika emas. Chempionship marafonida tajribali, xalqaro bosimni ko‘rgan futbolchining kiyinish xonasidagi so‘zi, maydondagi sovuqqonligi juda muhim bo‘ladi. Ayniqsa, yosh futbolchilar uchun.
Chempionship bosimi va Premyer-liga orzusi
Wolves bu transfer bilan bir narsani aniq ko‘rsatdi: ular Chempionshipni “oraliq bekat” deb ko‘rmayapti, bu liga qanchalik og‘irligini yaxshi tushunishadi. Klub sakkiz yil davomida Premyer-ligada to‘p surib, 2017-18 yilgi Chempionship chempionligidan keyin yuqori divizionda mustahkam o‘rnashgandi. O‘tgan mavsumdagi tushish esa klub uchun og‘ir zarba bo‘ldi.
Hozirda Wolves besh turdan so‘ng ikki g‘alaba, ikki durang va bitta mag‘lubiyat bilan 8 ochko jamg‘argan va jadvalda to‘qqizinchi o‘rinda bormoqda. Bosim allaqachon sezilmoqda.
Peixoto bunga aniq ishora qildi: yakshanba kuni Birmingham bilan 2:2 hisobidagi o‘yin yana bir bor Chempionshipning naqadar og‘irligini ko‘rsatdi. U har bir pozitsiyada kamida ikki futbolchi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi – o‘yinlar soni ko‘p, ritm baland, jarohatlar va diskvalifikatsiyalar doimo xavf solib turadi.
Shu manzarada Traore transferi boshqacha ko‘rinadi. Bu shunchaki tajribali ism emas, balki Chempionshipning murakkab taqvimi va Premyer-ligaga qaytish rejasida muhim bo‘g‘in. Endi savol bitta: Burkina Faso sardori Molineuxni yana yuqori sahnaga olib chiqishga ulgura oladimi?



