Volta a Portugal’da Finlay Tarlingning halokati
Volta a Portugal’ning sakkizinchi bosqichi sport bayrami bo‘lishi kerak edi. Melgaço va Fafe o‘rtasidagi 166,8 kilometrlik yo‘l, pelotonning navbatdagi taktik jangiga sahna bo‘lishi kutilgandi. Ammo poyga yo‘li bir zumda musobaqadan motam maydoniga aylandi.
19 yoshli britaniyalik iqtidor, NSN Development Team tarkibidagi Finlay Tarling halok bo‘ldi. Portugaliya va Fransiya OAV xabarlariga ko‘ra, u pelotonga qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan, poyga bilan bog‘liq bo‘lmagan avtomobil urib ketishi oqibatida jiddiy baxtsiz hodisaga uchragan.
Musobaqa tashkilotchilari qisqa, ammo og‘ir bayonot bilan chiqdilar. Volta a Portugal em Bicicleta nomidan ular Finlay Tarlingning vafotini chuqur qayg‘u bilan e’lon qilib, Melgaço–Fafe bosqichi davomida yuz bergan halokat oqibatida yosh velosipedchi hayotdan ko‘z yumganini tasdiqlashdi. Portugaliya velosport federatsiyasi bilan birga ular Tarling oilasi, jamoadoshlari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirdi.
Bu nafaqat bir bosqich, balki butun poyga ruhiyatini o‘zgartirgan lahza bo‘ldi. 23 kilometr qolganida sakkizinchi bosqich to‘liq neytrallashdi. Podium marosimi bekor qilindi. Natijalar, reytinglar, taktik hisob-kitoblar – barchasi bir chetga surildi. Yo‘lning so‘nggi qismini esa Tarlingning jamoadoshlari bir saf bo‘lib, bir-biriga yelkadosh bo‘lib bosib o‘tishdi. Bu natijadan ko‘ra ko‘proq ma’no kasb etadigan, sukutdagi hurmat edi.
Finlay Tarling so‘nggi yillarda Britaniya velosportida eng istiqbolli yoshlar qatoriga qo‘shilib ulgurgandi. U trek va shosseda parallel ravishda o‘sib bordi, ayniqsa, yakka poygalarda (time trial) o‘zini ko‘rsatdi. Bu yozda Britaniya milliy chempionatining 23 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi yakka poygasida uchinchi o‘rin – uning salohiyati haqida yetarlicha so‘zlab turardi.
U avvaliga Israel-Premier Tech Academy tarkibiga qo‘shilgan, keyin esa loyiha NSN Development Team nomi ostida qayta brendlangach, shu jamoa bilan yo‘lini davom ettirgan. Yevropa yo‘llarida u tobora kuchli yakka poygachi sifatida tanila boshladi. Volta a Portugal’ning Lissabondagi prolog bosqichida 11-o‘rin – 19 yoshli sportchi uchun e’tiborga molik natija edi. Bu poyga unga yana bir sakrash tramplini bo‘lishi kerak edi. Bo‘lmadi.
NSN Development Team yurakni ezuvchi so‘zlar bilan chiqdi: ular Finlay Tarlingning vafotini “yurakni tilka-pora qiluvchi xabar” deya atashdi. Jamoa uni nafaqat sportchi, balki “o‘g‘il, aka va ko‘plar uchun do‘st” sifatida eslab, ota-onasi Michael va Dawn, akasi Josh va Finlayni do‘st deb bilgan har bir insonga hamdardlik bildirdi.
Bu fojia velosportning eng yuqori darajasigacha yetib bordi. Xalqaro velosipedchilar ittifoqi – UCI ijtimoiy tarmoqlarda Tarlingning o‘limidan “chuqur qayg‘uga tushgani”ni yozib, sakkizinchi bosqich davomida yuz bergan halokat oqibatida yosh britaniyalik sportchi hayotdan ko‘z yumganini tasdiqladi.
Portugaliya bosh vaziri Luís Montenegro ham sukut saqlamadi. U ham ijtimoiy tarmoqlarda Tarling oilasi va jamoasiga hamdardlik bildirib, bu xabar mamlakatni “chuqur larzaga solganini” ta’kidladi. Davlat darajasidagi bu munosabat, poyga oddiy sport tadbiri emas, balki butun mamlakat kuzatayotgan voqea ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Bu yo‘lda, Volta a Portugal karvoni har yili minglab tomoshabinlar orasidan o‘tadi. Bu safar esa yo‘l chetidagi jimlik ham boshqacha bo‘ldi. Har bir tomoshabin, har bir kuzatuvchi, har bir sportchi bir savol bilan qoldi: tezlik, raqobat va xavf yonma-yon kechadigan bu sportda yana qanday choralargina yosh hayotlarni asrab qola oladi?



