Sport Maydon logo

Vinicius kelajagi: Real Madrid va Arsenal o'rtasidagi raqobat

Braziliyalik qanot futbolchisi yoz bozorining eng yirik hikoyalaridan biriga aylanib bormoqda. Bir tomonda – 2018 yildan beri uyiga aylangan Madrid, boshqa tomonda – katta sahnaga navbatdagi yulduzni olib chiqishga chanqoq London klubi.

Gap, albatta, Vinicius haqida ketmoqda. Uning shartnomasi yana 12 oyga yetar‑yetmas qoldi, va aynan shu pallada Arsenal uni nishonga oldi. London klubi hali rasmiy taklif yuborganicha yo‘q, ammo ichkaridan kelayotgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ular Madridni tark etishga majbur qilishi mumkin bo‘lgan darajada ulkan maosh taklif qilishga tayyor.

Bu oddiy qiziqish emas. Bu – “marquee signing” izlayotgan klubning bayonoti.

Madridda muzlagan muzokaralar

Real bilan yangi shartnoma borasidagi muzokaralar o‘tgan mavsumdayoq to‘xtab qolgan edi. Shunga qaramay, klub uni uzoq muddatga bog‘lab qo‘yish fikridan qaytgani yo‘q. Yaqin kunlarda tomonlar yana bir bor stol atrofida o‘tirishi kutilmoqda.

Hozircha esa bir nozik chiziq paydo bo‘ldi: Vinicius pre-sezon mashg‘ulotlariga qaytmaydi. U Valdebebasga, odatda oy oxirigacha qaytishi kerak edi, lekin yangi kelishuv imzolanmaguncha, klub bazasiga qadam qo‘ymaydi. Qaror keskin, lekin aniq: avval kelajak, keyin mashg‘ulot.

Shu bilan birga, u yozda transferni “majburiy” qilish kayfiyatida emas. Aksincha, hozircha Real bilan shartnomani uzaytirish tarafdori ekani aytilmoqda. Talab qilayotgan maoshi bilan klub taklifi o‘rtasidagi farq katta emas, ammo kim birinchi bo‘lib yon berishi – mana shu savol hamon ochiq.

Yangi bosh murabbiy Jose Mourinho esa o‘z pozitsiyasini yashirmayapti: Viniciusni qo‘yib yuborish rejada yo‘q. Bunday o‘yinchi bilan birinchi mavsumni boshlashni xohlaydigan murabbiy uchun bu tabiiy istak.

Arsenalning katta zarbaga bo‘lgan ehtiyoji

Arsenal uchun bu yoz allaqachon biroz achchiq ta’m bilan boshlandi. Morgan Rogers bo‘yicha poygada Chelsea oldinga o‘tib ketdi, Londonning qizil tomoni esa “yulduzli” transfer bilan javob qaytarishga majbur bo‘lib qoldi.

Shu fon’da Vinicius nomi Emirates atrofida tobora ko‘proq tilga olinmoqda. Unga bo‘lgan qiziqish – strategik. Bu nafaqat maydondagi kuchayish, balki raqiblarga, ayniqsa ichki raqiblariga beriladigan signal ham bo‘ladi.

Ammo bir katta to‘siq bor: maosh. Vinicius hozir haftasiga taxminan 400 ming funt atrofida ishlab topadi va yana oshirishni so‘ramoqda. Bunday raqamlar hatto Premyer-ligadagi eng badavlat klublarni ham o‘ylashga majbur qiladi. Arsenal bu bosimga chiday oladimi yoki klub ichidagi maosh tuzilmasini buzishdan cho‘chiydimi – hozircha noma’lum.

Raqobat va ichki balans

Real bu orada yana bir qanot o‘yinchisini yakunlash arafasida. Klub talabgir ivoriyalik iqtidor Yan Diomande bilan kelishuvga yaqin. U uchala hujum chizig‘ida ham o‘ynay olishi bilan qiziqish uyg‘otgan.

Shunga qaramay, Madrid ichkarisida Diomande transferi Vinicius kelajagiga bevosita ta’sir qilmasligi ta’kidlanmoqda. Klub uni o‘rniga emas, hujumdagi variantlarni ko‘paytirish uchun olib kelmoqchi. Bu esa yana bir narsani ko‘rsatadi: Real hali ham Viniciusni loyihaning markazida ko‘rmoqda.

Shunday bir pallada Arsenal sahnaga chiqmoqda. Rasmiy taklif yo‘q, lekin rejalar tayyor, raqamlar esa og‘ir.

Endi hammasi bir necha savolga borib taqaladi: Real va Vinicius maosh bo‘yicha o‘rtada uchrashadimi? Mourinho so‘zini o‘tkazadimi? Yoki Emirates nihoyat o‘sha katta yozgi zarbani topdimi?

Javoblar kelasi haftalarda, ehtimol bir necha kun ichida futbol bozorining eng yirik hikoyalaridan birini belgilab beradi.