Victor Munoz: Liverpoolda yangi bosim to‘lqini
Andoni Iraola ilk matbuot anjumanidayoq nimani o‘zgartirmoqchi ekanini yashirmadi. Uning gapi aniq edi: “Biz mehnatkash, intensiv va agressiv jamoa bo‘lishimiz kerak.”
Bu niyatning maydondagi timsoli esa – Victor Munoz.
Anfieldga kelgan bosim mashinasi
Yozda Osasuna safidan 34,5 million funt evaziga olib kelingan, 23 yoshli qanot futbolchisi o‘zi ham nima uchun aynan Iraola uni tanlaganini ochiq aytib berdi. El Pais bilan suhbatda undan shu savol so‘raldi va u ikkilanmadi.
“Mening to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ynashim, o‘yinlarni yorib o‘tishga urinadigan uslubim, pressingim va raqibni bo‘g‘ishga harakat qilishim. U qanot futbolchisidan shularni kutadi, va bu qarorni qabul qilishida katta rol o‘ynagan,” – dedi Munoz.
Uning qanday futbolchi ekanini Anfielddagi ilk uchrashuvdayoq ko‘rish mumkin bo‘ldi. Monaco bilan bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida Munoz zaxiradan maydonga tushdi va ilk harakatlaridan birida o‘z qanotidagi himoyachini ortda qoldirib, Kop tomonga shiddat bilan yorib kirdi. Qisqa bo‘lsa-da, umid uyg‘otgan debyut.
Iraola talabi: old chiziqda rahm yo‘q
To‘p raqibda bo‘lsa, Iraola hujumchilaridan nimani xohlashi mutlaqo tushunarli. Buni u Bournemouth davridayoq ko‘rsatgan. Marcus Tavernier o‘tgan mavsumda maydonning oxirgi uchdan bir qismida to‘pni raqibdan tortib olish bo‘yicha Liverpoolning istalgan futbolchisidan ko‘proq marta muvaffaqiyat qozongan.
Evanilson va Junior Kroupi ham shu ro‘yxatning yuqori qismida bo‘lgan. Bu tasodif emas, Iraola falsafasining o‘zagi. Uning Bournemouth jamoasi uch mavsumning har birida Premier League bo‘yicha sprintlar sonida ilk ikki o‘rinni egalladi.
Uning Anfieldga kelish sababi ham shu: Arne Slot davridagi befarqlik, sust pressing va tribuna noroziligini keltirgan passivlikni yo‘qotish. Faqat g‘oya bilan emas, maydondagi futbolchilarni almashtirish orqali.
34 yoshli Mohamed Salah endi avvalgidek tinmay bosim qiladigan o‘yinchi bo‘la olmaydi. Balki buni Munoz uddalashi mumkin. U o‘tgan mavsum LaLiga’da maydonning so‘nggi uchdan bir qismida raqibdan to‘pni 22 marta tortib olgan – bu ko‘rsatkich bo‘yicha undan ko‘proq qilgan atigi olti futbolchi bor edi. Demak, Liverpooldagi yuqori pressing yana qaytmoqda.
La Masia, Real Madrid va Pamplonadagi sakrash
Munoz qiziqarli figura. Bir tomondan, uning futbol ta’limi juda nufuzli. 2014–2017 yillarda Barcelona akademiyasi La Masia’da Fermin Lopez, Alejandro Balde, Xavi Simons kabi ismlar bilan birga tarbiya ko‘rgan. Asosiy poydevor shu yerda qo‘yilgan.
Keyin navbat Real Madridga keldi. U yerda turli yoshlar jamoalari orqali asta-sekin yuqoriga ko‘tarildi va o‘tgan yil LaLiga’dagi debyutini amalga oshirdi – Vinicius Junior o‘rniga zaxiradan maydonga tushdi, raqib esa… Barcelona edi.
Ammo boshqa tomoni ham bor. U Barcelona’da bo‘lgan, lekin ketishga majbur bo‘lgan. Real Madridgacha yetib borgan, ammo imkoniyat uchun Osasuna’ga yo‘l olgan. U hech qachon Ispaniya yoshlar terma jamoalarida o‘ynamagan, ammo bugun Jahon chempioni medali egasi.
CF Damm maslahatchisi Carlos Domenech uni “odatdagi ekstrovert futbolchi emas” deb ta’riflagan. Ispaniya terma jamoasi murabbiyi, Jahon chempioni Luis de la Fuente esa uning kamtarligini alohida maqtadi: “O‘sishning eng yaxshi yo‘li shu.”
Munozning bularni Osasuna safida, Pamplonadagi uncha-da’vogar bo‘lmagan klubda amalga oshirgani statistikasini yanada qadrli qiladi. O‘tgan mavsum LaLiga’da undan ko‘proq dribbling amalga oshirgan atigi uch futbolchi bor edi – Lamine Yamal, Vinicius va Kylian Mbappe.
Burchak zarbalari ishlash bo‘yicha ham u faqat Ispaniyaning ikki gigant klubi futbolchilaridan ortda qoldi. 10 metrdan ortiq “progressive carry”, ya’ni to‘pni oldinga olib chiqish bo‘yicha esa hujumchilar orasida faqat Vinicius undan yuqori ko‘rsatkich qayd etdi.
Bu raqamlar bir narsani ko‘rsatadi: Munoz raqib yarim maydonida tezlik, keskinlik va drayv olib kira oladigan futbolchi. Liverpool undan qarshi hujumlarda qurol sifatida foydalanishni, shu bilan birga zich himoyalarni yorib o‘tishda ham uning fintlari va dribblingiga tayanishni kutmoqda.
Kuch bor, endi qarorlar to‘g‘ri bo‘lishi kerak
Albatta, u moslashishi kerak bo‘ladi. Buni yashirib bo‘lmaydi. Osasuna’da u ma’lum erkinlikka ega edi. U zarbalar soni bo‘yicha ligada ilk o‘ntalikda, ammo gollar bo‘yicha ilk qirqtalikdan tashqarida bo‘ldi. Bu ko‘p urinishlari uzoq masofadan yoki o‘tkir burchaklardan kelganini ko‘rsatadi.
Har bir zarba uchun kutilayotgan gol ko‘rsatkichi (xG/shot) atigi 7,2 foiz. Taqqoslash uchun: Hugo Ekitike – 15,2 foiz, Florian Wirtz – 13,8 foiz, Salah – 12,0 foiz. Liverpoolda imkoniyatlar ko‘proq bo‘ladi, ammo pas variantlari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Munoz endi nafaqat raqibni aldashi, balki to‘g‘ri qaror tanlashi ham shart.
Shu bilan birga, Munoz va Iraola so‘zlarida yana bir yashirin xabar bor: Liverpool ham unga moslashishi kerak. Iraola shunday degan edi: “Shtab bilan yaxshi ishlayotgan narsalar va boshqacha qila olishimiz mumkin bo‘lgan jihatlar haqida gaplashdim. Men buni yaxshiroq emas, boshqacha derdim.”
Salahdan keyingi rock-and-roll
Klub ichida “rock-and-roll” futbolga qaytish istagi sezilib turibdi. Salahning xayrlashuv nutqida tilga olingan shu ibora endi Anfieldning yangi talabiga aylangan. Tribunalar yana baland pressing, shiddatli o‘tishlar va raqibni bo‘g‘ib qo‘yadigan intensivlikni kutyapti.
Endi bu vazifa Iraola zimmasida. U Anfieldga shunday futbolni qaytarishi kerak. Va u buni yolg‘iz qilmaydi – yonida La Masia’dan chiqqan, Pamplonada pishgan, Jahon chempioni medali osilgan, raqibni bo‘g‘ishga odatlangan yangi qanot bor.
Victor Munoz endi bu sahnada. Savol bitta: u Liverpoolning keyingi bosim to‘lqiniga aylanishga tayyormi?


