Sport Maydon logo

Verstappen yangi shartnoma bilan Red Bull poygachisi sifatida qoladi

Max Verstappen va Red Bull o‘rtasidagi yangi kelishuv bir yildan oshiq davom etgan mish-mishlar, taxminlar va siyosiy o‘yinlarga nuqta qo‘ydi. Qog‘ozda hammasi o‘sha-o‘sha: Verstappen baribir Red Bull poygachisi. Ammo bu imzo haydovchilar bozorining xaritasini boshqatdan chizib berdi.

Kim yutdi, kim yutqazdi? Tarozining ikkala pallasi ham aniq ko‘rinib turibdi.

G‘olib: Red Bull

Moliyaviy tafsilotlar oshkor qilinmaydi, lekin bir narsa aniq: bu shartnoma Red Bull’ga arzon tushmagan. Devor ortida bu summani Tinch okeani bo‘yidagi kichik davlat yalpi ichki mahsulotiga qiyoslayotganlar ham bor. Ustiga-ustak, Verstappen’ga F1 dan tashqari poyga loyihalarini sinab ko‘rish bo‘yicha qo‘shimcha erkinliklar berilgani ham ehtimolga juda yaqin.

Lekin Red Bull nuqtayi nazaridan savol bitta: bunga arzidimi? Javob ham bitta: albatta.

Birgina imzo bilan ular so‘nggi yillarda siyosiy ichki to‘qnashuvlar, “brain drain” va raqiblarning bosimi ostida qaltirab turgan gigantdan yana o‘zining eng katta boyligini ushlab qolgan gigantga aylandi. Verstappen – nafaqat Red Bull’ning, balki butun peleton bo‘ylab istalgan jamoa orzu qiladigan eng katta aktiv.

2027-yilgi texnik reglament ostida yaratiladigan mashina muvaffaqiyatsiz chiqsa, albatta, mish-mishlar qayta tiriladi. Lekin hozircha bu Red Bull uchun ulkan g‘alaba, jamoaning F1 elitasidagi maqomini uzoq yillarga mustahkamlovchi signal.

Mag‘lub: Carlos Sainz, Oscar Piastri va “orzu qiluvchilar”

Verstappen shartnomasi e’lon qilinishidan bir kun oldin Carlos Sainz’ning Williams bilan bitimi rasman tasdiqlangani tasodifga o‘xshamagan. Bu kelishuv endi yanada “bo‘sh qolgan joy yo‘q ekan, bo‘lmasa shu yerga o‘tirib turaman” degan qarorga o‘xshay boshladi.

Sainz Verstappen o‘rniga Red Bull’da asosiy nomzod bo‘larmidi? Ehtimol yo‘q. Lekin har qanday katta siljish bozorni harakatga keltirardi, yuqori qismdagi o‘rinlar qayta taqsimlanardi. Agar Verstappen F1’dan ketganida yoki boshqa jamoaga o‘tganida, “katta to‘rtlik” ichida kichik bo‘shliq paydo bo‘lardi, Sainz esa aynan o‘sha bo‘shliq uchun navbat boshiga juda yaqin turardi.

Endi esa eshik yopildi. Faqat o‘rtamiyonalar uchun emas.

Agar, masalan, Oscar Piastri McLaren’da o‘zini yetarlicha qadrlanmayapti deb his qilgan bo‘lsa va Red Bull’da jamoa yetakchisiga aylanish g‘oyasi uni ozgina bo‘lsa-da o‘ylantirgan bo‘lsa, bu yo‘l ham endi uzoq muddatga berkitildi. Red Bull tomoniga umid bilan qarab turgan har qanday haydovchi bitta haqiqatni biladi: bu jamoaga borish – Verstappen’ga qarshi kurashish degani. Bu esa ko‘p karera uchun xavfli o‘yin.

G‘olib: Laurent Mekies

Red Bull’da Laurent Mekies davri hali uzoq tarix emas, ammo bahsli bosqich bo‘ldi. 2025-yil oxiridagi natijalar kuchli edi, 2026 ham halokatli emas. Shunga qaramay, ba’zi kuzatuvchilar, jumladan Edd Straw, bu davrda Red Bull o‘zini “maxsus” qilgan ruhni yo‘qotish arafasida turganini ta’kidlab kelardi.

Biroq bitta fakt bor: Mekies davridagi Red Bull Verstappen’ni ushlab qoldi.

Muhandislar va kalit figurali xodimlar ketayotgani fonida bu yanada ahamiyatliroq. Gianpiero Lambiase McLaren tomon yo‘l olmoqda, bosh muhandis Paul Monaghan haqida Cadillac bilan bog‘liq xabarlar tarqalgan. Shunday sharoitda ham Max Verstappen shu garajda qolishni ma’qul ko‘rdi.

Eng qiziq nuqta: aynan Christian Horner davridagi Red Bull bunday shartnomani eplolarmidi, degan savol ochiq qoladi.

Mag‘lub: Aston Martin

Aston Martin 2026 uchun allaqachon boshqa frontlarda kurashmoqda. Adrian Newey boshchiligidagi aerodinamika inqilobi, Honda dvigatelining raqobatbardosh darajaga chiqishi – bu jamoa oldidagi real vazifalar. Ularning ustiga yana “yulduz haydovchi ovlash”ni qo‘shish mantiqan ham, amalda ham qiyin edi.

Endi esa, hatto AMR shassisi katta sakrash qilsa ham, Verstappen bozordan tushib ketgan sharoitda “elit” haydovchilar tarkibini yig‘ish uchun oddiy tugmani bosish imkoniyati yo‘q.

Verstappen’ni bu jamoaga jalb qilish qanchalik real bo‘lgani savol ostida. Ko‘pchilik bunga ishongani yo‘q, balki o‘zi ham. Lekin uning harakati bozorni siljitib yuborishi, Aston Martin esa shu to‘lqindan foydalanib, boshqa yulduzni qo‘lga kiritishi mumkin edi.

Endi esa eng kuchli haydovchilar deyarli qarorlarini qabul qilib bo‘lgan. Fernando Alonso poygadan ketgach, Aston Martin ehtimol yana o‘rta qismdan yechim izlashga majbur bo‘ladi.

Albatta, bularning hammasi mashina haqiqatan ham chempionlik darajasiga chiqsa, degan shart bilan.

G‘olib: George Russell

George Russell uchun eng katta soya – Verstappen’ning Mercedes o‘rindig‘iga da’vo qilish ehtimoli edi. Gap aynan uning o‘rindig‘i haqida ketardi: Kimi Antonelli 2026-yil startida shunchalik kuchli taassurot qoldirdiki, bu borada hech qanday shubha qolmadi.

Endi bu xavf yo‘qoldi.

Russell uchun hozircha eng to‘g‘ri joy – aynan Mercedes. U chempion bo‘lishni xohlasa, bitta yo‘l bor: Antonelli ustidan jamoa ichida ustunlikni qaytarib olish va Mercedes’ning raqobatbardosh darajasi tushib ketmasligiga umid qilish. Eng real, eng “osonroq” yo‘l – shu.

Bu 2026-yilda ro‘y berishi qiyin. Ammo 2027? Nega yo‘q? Eng muhimi – endi uni zudlik bilan almashtirish ma’noga ega bo‘lgan yagona haydovchi, Verstappen, bozordan uzilib qoldi.

Mag‘lublar: boshqa Red Bull haydovchilari

Bu yerda ikkita qatlam bor.

Birinchidan, Isack Hadjar, Arvid Lindblad, ehtimol Liam Lawson va Formula 2’da porlayotgan Nikola Tsolov kabi nomlar uchun maqsad yanada murakkablashdi. Red Bull Racing’dagi bo‘sh o‘rinlar soni bittaga kamaydi, umuman tizim bo‘ylab rotatsiya ehtimoli qisqardi.

Ha, agar Verstappen ketganida, Red Bull katta ehtimol bilan tashqaridan yulduz jalb qilishga urinardi. Lekin baribir, bo‘sh o‘rin – imkoniyat, u esa endi yo‘q.

Ikkinchidan, bu yoshlar baribir bir kun Verstappen’ga qarshi chiqishga majbur bo‘ladi. Barchamiz bilamiz: F1’da karerani izdan chiqarishning eng tez yo‘llaridan biri – pik formasidagi Verstappen bilan bir jamoada bo‘lish.

G‘olib: Formula 1 o‘zi

Verstappen’ning yangi shartnomasi – F1’ning o‘zi uchun ham ishonch votumi.

U mavsum davomida hozirgi qoidalar, poyga formati va umumiy yo‘nalishdan ko‘ngli to‘lmayotganini ochiq aytdi. Uning to‘liq reglament siklini oxirigacha “sabr qilib” o‘tirishi ko‘pchilikka ishonchsiz tuyulgan.

Shunga qaramay, u qolishni tanladi.

Demak, sport o‘zining eng kuchli, eng ta’sirchan haydovchisidan ayrilish degan eng katta sharmandalikdan qutuldi. Verstappen tanqidlarini davom ettiradi, albatta. Lekin u baribir shu paddock ichida bo‘ladi, start chizig‘ida bo‘ladi – bu esa F1 uchun eng muhim jihat.

Mag‘lub ham: Formula 1

Ammo bu medalning ikkinchi tomoni ham bor.

Bir paytlar F1’da haydovchilar jamoa almashtrishi oddiy hol edi. Har qish – yangi intriga, yangi juftliklar, yangi hikoyalar. Hozir esa bunday o‘zgarishlar kamyob hodisaga aylanib bormoqda.

Lewis Hamilton’ning Ferrari’ga o‘tishi bozorni titratib yuborgan noyob lahza bo‘ldi, lekin umumiy tendensiyani o‘zgartirmadi. Bugungi yo‘nalish boshqacha: ham top-haydovchilar, ham o‘rta qismdagilar uzoq muddatli shartnomalar orqali moliyaviy xavfsizlikni tanlamoqda, jamoalar esa buni ta’minlashga qodir.

Natija? Peletonning yuqori qismi deyarli muzlab qolgan.

Ferrari’da Hamilton yoshi bo‘yicha savollarni uyg‘otadi, Red Bull’da esa faqat ikkinchi o‘rindiq atrofida “aylanma eshik” saqlanib qolgan. Qolgan top-jamoalar o‘rindiqlari o‘rta muddatli istiqbolda deyarli yopiq.

Bugungi shartnoma realiyati va yangi jamoaga moslashishning murakkabligi F1 haydovchilar bozorini beisboldagi 15 yillik superkontraktlarga yaqinlashtirib qo‘ydi. Savol esa o‘tkir: bu “muzlagan” yuqori qism tomoshaboplikni uzoq muddatda qanday ta’sir ostida qoldiradi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling