Sport Maydon logo

Velosport yulduzlari Sydney Sweeney reklamasiga qarshi

Professional velopoygachilar dunyo bo‘ylab ko‘plab ayol sportchilar qatorida aktyor Sydney Sweeney ishtirokidagi bahsli reklama roligiga ochiq e’tiroz bildirishdi. Ularning fikricha, bu rolik ayollar sportini yana eski, jinsiylashtirilgan qolipga qaytaradi.

Ikki karra Tour de France g‘olibi Demi Vollering, olimpiya chempioni trek sprinteri Sophie Capewell va gravel bo‘yicha pro Maddy Nutt – barchasi reklama atrofidagi munozaraga o‘z pozitsiyasi bilan qo‘shildi. Ular bu ish ayollar sportini “odatiy” va hurmatga loyiq ko‘rinishga olib kelish yo‘lidagi yillar davom etgan mehnatni kamsitishini ta’kidlashmoqda.

Gap sport tikish kompaniyasi uchun suratga olingan rolik haqida ketmoqda. Unda Sydney Sweeney yalang‘och tasvirlangan, tanasining muhim qismlari faqat sport anjomlari bilan berkitilgan. Reklama ulkan auditoriyaga chiqqan: Sweeney uni o‘zining 25 milliondan ortiq Instagram obunachilariga ulashdi, so‘ng esa bu rolik sport olamida keskin tanqidlar fonida xalqaro darajadagi katta yangilikka aylandi.

“Biz hali ham shu mavzuni tushuntirishga majburmiz”

Demi Vollering Instagram’da yozgan fikrlari bilan ko‘plab sportchilar kayfiyatini aniq ifoda etdi.

“Balki bu suhbatni boshlab bergani yaxshi”, – deb yozdi u. “Lekin ayollar hali ham bu mavzuni tushuntirishga majbur bo‘layotgani achinarli. Juda uzoq vaqt davomida ayollar nimaga QODIR ekanligi bilan tanilishga kurashib kelishdi, faqat tashqi ko‘rinishi bilan emas”.

U davom etadi: “Ko‘plab ayollar bundan charchagan, deb o‘ylayman. Ayniqsa sportda, chunki sport bizga tanamiz haqida butunlay boshqa narsani o‘rgatadi. ‘Qanday ko‘rinaman?’ emas. ‘Nima qila olaman?’ degan savolni.

“Kuchli bo‘lish sizni kamroq ayollik qiladi, degani emas. Siz velosipedda oyoqlaringizda kuch qolmaguncha poyga qilishingiz va baribir chiroyli ko‘ylak kiyishni yaxshi ko‘rishingiz mumkin. Sizda mushaklar bo‘lishi va o‘zingizni ayollikda his qilishingiz mumkin. Siz qudratli ham, nozik ham bo‘lishingiz mumkin”.

Sophie Capewell esa BBC bilan suhbatda qisqa, lekin aniq gapirdi: “Odamlar nimaga norozilik bo‘layotganini oxirigacha tushunmayapti, go‘yo maqsaddan mutlaqo adashishgan”, – dedi u.

Maddy Nutt: “20 yil oldin bo‘lganda ajablanmasdim”

Gravel bo‘yicha yetakchi ismlardan biri Maddy Nutt bu masalaga o‘z uslubida yondashdi. U ijtimoiy tarmoqlarga “Dear Sydney Sweeney, this is what a female athlete looks like” degan yozuv bilan o‘zining poyga va mashg‘ulotlardan lavhalarini joyladi.

Bu yil Traka 560 musobaqasida g‘olib chiqqan, Unbound XL’da esa ikkinchi bo‘lgan Nutt keyinroq Cyclingnews bilan intervyuda reklama haqidagi fikrlarini ochdi.

“Dastlab ko‘rganimda shunchaki shok bo‘ldim, chunki bu juda didsiz edi”, – dedi u. “Ayollar sportining jinsiylashtirilgan davrlaridan allaqachon o‘tib ketganmiz, deb o‘ylagandim. Ayol sportchilarga bo‘lgan hurmat oshgan, ayollar sporti ancha yuqori nufuz va qadriyatga ega bo‘lib boryapti, deb ishonardim.

“Agar bu 20 yil oldin chiqqanida, ajablanmagan bo‘lardim. Bu juda ‘tacky’ kontent, ha, jinsiy obrazlar sotuvni oshiradi, reklamani ‘aqlli’ deb atash mumkin, va atrofidagi backlash uning qamrovini yanada kattalashtiradi.

“Lekin ayol sportchi sifatida bunga boshqa tomondan qarash mumkin: ‘Yo‘q, ayollar sporti aslida mana bunday ko‘rinadi’, deb aytish imkoniyati bu. Vaziyatni teskarisiga o‘girib, ayollar sporti qanchalik oldinga siljiganini baland ovozda aytib berish uchun imkoniyat sifatida ko‘rish kerak”.

“Sportchi tanasi – kuch, bu reklama esa faqat istak”

Bahslarning bir qismi shunday savol atrofida aylanmoqda: Sydney Sweeney roligidan sportchi ayollarning deyarli yalang‘och suratga tushgan kampaniyalari nimasi bilan farq qiladi?

Maddy Nutt bu yerda chegarani aniq chizadi.

“Sportchining o‘z atletik tanasini ko‘rsatishi – bu tanani qabul qilish, o‘zini qadrlash haqida”, – deydi u. “Atletik tanani ko‘rsatish – bu kuch beradigan, ilhomlantiradigan narsa. Bu reklama esa butunlay jinsiy maqsadga qurilgan edi va unda sportchi yo‘q. Bu faqat betting ilovasi jalb qilmoqchi bo‘lgan auditoriyaga yoqish uchun qilingan”.

Shu tariqa, birgina reklama roligi ayollar sportida yillar davomida qozonilgan yutuqlarni yana bir bor sinovdan o‘tkazmoqda. Savol esa ochiq qoladi: sportchi ayollar o‘z mehnati bilan yaratgan hurmat maydonini himoya qila oladimi yoki marketingning eski usullari yana ustun keladimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil