Usman Nurmagomedov Long Islandda yana g‘alaba qozondi
Long Islanddagi UBS Arena oktagoni yana bir bor yangi yulduz emas, balki tayyor hukmdorni ko‘rdi. Usman Nurmagomedov PFL New York kechasida yengil vazn kamarini navbatdagi bor himoya qildi va bu safar Archie Colganning mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi.
Raqamlar sovuqqon: Colgan jangga 13-0 bilan, o‘ziga ishongan, bosimni ko‘tara oladigan, “hech kim meni to‘xtata olmaydi” kayfiyatida kirdi. Nurmagomedov esa 22-0 bilan oktagonga qadam qo‘ydi – lekin uning yurishida o‘sha raqamlar emas, chempionga xos sokin ishonch sezilib turardi.
Bosim ostida sinagan Colgan
Dastlabki daqiqalardanoq Colgan tashabbusni qo‘lga olishga urinib, oldinga intildi. U Nurmagomedovning ritmini buzmoqchi bo‘ldi, masofani qisqartirdi, o‘ziga xos bosimini taklif qildi. Ammo chempion bunday ssenariyni ko‘p marta ko‘rgan.
Nurmagomedov oyoq harakati bilan raqibni bo‘sh hududlarga sudradi, zarbalarini o‘qidi, masofani o‘zi xohlagancha boshqara boshladi. Har bir kichik xato – qimmat. Colgan aynan shunday xatoni qildi.
Bir lahza. Bir zarba. Birinchi raund.
Usman Nurmagomedov imkoniyatni kutdi va topdi. Birinchi raunddayoq kuchli zarbalar kombinatsiyasi Colganni ushladi, mag‘lubiyatsiz rekordni esa bir zumda tarixga aylantirdi. Hakam aralashgan paytda hammasi aniq edi: nokaut, birinchi raund, kamar – yana Nurmagomedovda.
Bu nafaqat navbatdagi g‘alaba, balki bayonot edi. 22-0 endi shunchaki chiroyli raqam emas, balki PFL tarixidagi eng qo‘rqinchli seriyalardan biri sifatida ko‘rinmoqda.
Shartnoma yakuni va katta savol
Bu jang Nurmagomedov uchun faqat kamar himoyasi emasdi. Bu uning PFL bilan amaldagi shartnomasidagi oxirgi jang edi. Demak, endi u erkin agent maqomiga yaqin – va butun sport olamida bitta savol yangramoqda.
U endi qayerga boradi?
Nurmagomedov jangdan keyin bu mavzudan qochishga harakat qildi, ortiqcha gapirmadi, kelajak rejalari haqida ochiqchasiga fikr bildirmadi. Lekin eshiklar allaqachon chertilmoqda. Yengil vaznning eng nufuzli sahnasi – UFC 155 funtlik divizioni – haqida yillardan beri gap-so‘zlar yuradi. Endi bu faqat mish-mish emas, real ssenariyga aylanayotgan ko‘rinadi.
Ijtimoiy tarmoqlar portladi. Mutaxassislar, sobiq jangchilar, muxlislar – barchasi bitta fikr atrofida: bu yigit endi bozorning eng talabgir nomlaridan biri. 22-0, chempionlik kamarini himoya qilgan, birinchi raunddagi nokaut, shartnoma yakuni. Bunday kombinatsiya har kuni tug‘ilmaydi.
PFL uchun yo‘qotishmi yoki tarixiy davrning boshlanishimi? UFC uchun esa – yengil vazn taxti uchun yangi, xavfli da’vogar kelish arafasidami?
Usman Nurmagomedov Long Island kechasini shov-shuvli nokaut bilan tark etdi. Endi esa uning navbatdagi qadamini kutayotgan butun divizion, balki butun sport. Savol aniq: 22-0 seriyasi qaysi oktagonda davom etadi?


