Sport Maydon logo

UFC 330 oldidan: Makhachev va Garry o‘rtasidagi intriga

Ertaga kechasi Philadelphia shahridagi Xfinity Mobile Arena oktagonga chanqoq tomoshabinlarni kutib oladi. Bugun esa shu shov-shuvli kechaning birinchi janglari allaqachon boshlangan — 26 nafar jangchi taroziga chiqib, UFC 330 uchun so‘nggi to‘siqni yengib o‘tadi.

Bu safar markazda bitta ism emas, ikkita kamar bor. Lekin karta yuragi baribir bitta to‘qnashuv atrofida uradi.

Makhachev uchun yangi bo‘lim, Garry uchun eng katta sinov

Kunning bosh sahnasi — Islam Makhachev va Ian Machado Garry o‘rtasidagi to‘qnashuv. Makhachev ilk bor yarim o‘rta vazn kamarini himoya qiladi. Raqib esa ayni paytda kuchayib kelayotgan, o‘ziga ishongan va seriyadagi g‘alabalari bilan bu cho‘qqiga chiqqan jangchi.

Garry bu kechaga Carlos Prates va sobiq chempion Belal Muhammad ustidan ketma-ket g‘alabalar bilan kirib kelmoqda. Bu ikki nomning o‘ziyoq irlandiyalik jangchining qanday yo‘l bosib o‘tganini ko‘rsatadi. Endi esa u eng qiyin darajaga ko‘tarildi — Makhachev kamarini tortib olish uchun oktagonga kiradi.

Bu yerda xato qilishga joy yo‘q. Makhachev uchun bu yangi vazn toifasida hukmronlikni rasmiylashtirish imkoniyati. Garry uchun esa — o‘zini elita safida emas, balki tepasida ekanini isbotlash fursati.

Dern – Robertson: yangi chempionlik davrining starti

Kechaning ikkinchi asosiy jangida yana bir kamar o‘rtaga qo‘yiladi. Mackenzie Dern somon vazn taxtidagi hukmronligini boshlash uchun Gillian Robertson bilan to‘qnashadi.

Bu jang texnika, parter va sabr sinovi bo‘lishi aniq. Dern chempion sifatida ilk chiqishida bosim ostida bo‘ladi. Robertson esa bu bosimni o‘z foydasiga aylantirishni yaxshi biladigan jangchilardan. Kamar uchun janglarda bir lahza bo‘shashish ham qimmatga tushadi.

Asosiy karta: tajriba, portlovchi uslub va oxirgi daqiqadagi o‘zgarishlar

UFC 330 haftasi sokin o‘tmadi. Karta ichida almashuvlar bo‘ldi, joylar o‘zgardi, lekin shou og‘irligini yo‘qotgani yo‘q.

Asosiy karta yengil vazn jangidan boshlanadi: uzoq yillardan beri UFC sahnasida yurgan Edson Barboza Esteban Ribovicsga qarshi oktagonga kiradi. Barbozaning oyoq zarbalari har bir kartada alohida voqea. Ribovics uchun esa bu — o‘z nomini kengroq auditoriyaga eshittirish uchun ideal sahna.

Shundan so‘ng o‘rta vaznda Mansur Abdul-Malik va Dustin Stoltzfus to‘qnashuvi keladi. Bu juftlik karta o‘rtasida tempo tushib ketmasligini ta’minlashi kerak.

Hafta davomida eng katta o‘zgarishlardan biri Charles Johnson atrofida yuz berdi. U aslida asosiy kartada Jose Ochoa bilan yengil vazn toifasida jang qilishi kerak edi, biroq Ochoa jarohat sabab turnirdan chiqib ketdi. Johnson raqibsiz qolmadi — endi u DWCS va TUF tajribasiga ega Eduardo Chapolin bilan jang qiladi, lekin bu jang endi asosiy karta emas, prelimlarga ko‘chirildi.

Bo‘shagan o‘rinni esa yengil vazndagi portlovchi juftlik egalladi: Jalin Turner va Kauê Fernandes endi asosiy kartani yakunlovchi jangda oktagonga chiqadi. Bu qaror UFC 330 kechasining yuqori nuqtasi zarbaga boy, tomoshabop jang bo‘lishini anglatadi.

Asosiy kartadagi yakuniy ro‘yxat shunday ko‘rinish oldi:

  • Islam Makhachev – Ian Machado Garry (yarim o‘rta vazn chempionlik jangi)
  • Mackenzie Dern – Gillian Robertson (somon vazn chempionlik jangi)
  • Jalin Turner – Kauê Fernandes
  • Mansur Abdul-Malik – Dustin Stoltzfus
  • Edson Barboza – Esteban Ribovics

Prelimlar: tajribali jangchilar va xavfli yangi to‘lqin

UFC 330 tomoshabinlarni faqat asosiy karta bilan emas, chuqur va mazmunli prelimlar bilan ham ushlab turadi. Jang kechasi jami 12 ta to‘qnashuvdan iborat.

Johnson – Chapolin jangidan so‘ng navbat Chidi Njokuani va Joel Alvarez o‘rtasidagi “featured prelim”ga keladi. Bu juftlik odatda zerikarli janglar qilmaydi, shuning uchun asosiy kartaga o‘tishdan oldingi ohirgi signal aynan shu bo‘ladi.

Prelimlarda uzoq yillik UFC vakillari ham bor. Neil Magny Ramiz Brahimaj bilan oktagonga kiradi. Magny uchun har bir jang — o‘zini yana bir bor qayta ko‘rsatish, reytinglar atrofida qolish imkoniyati. Ramiz uchun esa bu katta ism ustidan g‘alaba qozonib, birdaniga yuqoriga sakrash shansi.

Vicente Luque esa Tresean Gore bilan jang qiladi. Luque yaqinda o‘rta vaznda debyut qilib, UFC 327 kechasida Kelvin Gastelum ustidan birinchi raunddayoq bo‘g‘ish orqali g‘alaba qozongan edi. Endi u yangi vazn toifasida o‘z o‘rnini mustahkamlashga urinadi. Gore esa bu yo‘lni to‘sib qo‘yish niyatida.

Kechaning dastlabki zarbasi yarim o‘rta vaznda chalinadi: Jeremiah Wells Myktybek Orolbai bilan oktagonga kiradi. Aynan shunday ochilish janglari karta kayfiyatini belgilab beradi.

Prelim va erta prelimlar tarkibi quyidagicha:

  • Chidi Njokuani – Joel Alvarez
  • Charles Johnson – Eduardo Chapolin
  • Donte Johnson – Eric McConico
  • Vicente Luque – Tresean Gore
  • Rafael Tobias – Lucas Fernando
  • Neil Magny – Ramiz Brahimaj
  • Jeremiah Wells – Myktybek Orolbai

Tarozi, ertalabki shou va kechaga eltuvchi so‘nggi qadam

Rasmiy tarozi marosimi bugun, 14-avgust, tonggi soat 9:00 da (ET) boshlanadi. Har bir jangchi bu bosqichdan xatosiz o‘tishi kerak. Ayniqsa, kamar uchun jang qilayotgan to‘rtlik uchun bu jarayon alohida ahamiyatga ega: bir gramm xato — bir umr orzu qilingan imkoniyatdan ayrilish demak.

Philadelphia allaqachon tayyor. Endi savol bitta: ertaga kechasi Xfinity Mobile Arena sahnasida yangi davr boshlanadimi yoki amaldagi yulduzlar o‘z taxtini yana bir bor himoya qiladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling