UEFA, AFC va CONCACAFdan Infantino’ga tanqid: Ishonch aldov bilan buzildi
Jahon futboli siyosatida kamdan-kam uchraydigan darajadagi ochiq to‘qnashuv. UEFA, Asian Football Confederation (AFC) va CONCACAF dushanba kuni birgalikda bayonot e’lon qilib, FIFA prezidenti Gianni Infantino’ni Jahon chempionati tijoriy huquqlariga ulush sotish bo‘yicha taklif etilgan bitim jarayonidagi xatti-harakati uchun keskin tanqid ostiga oldi.
Ular gapni aylantirmadi. Uch konfederatsiya Infantino “aldov orqali” ishonchni buzganini, o‘zini “jamoaviy manfaatdan yuqori qo‘yganini” ta’kidlab, bo‘lib o‘tgan voqealar yuzasidan to‘liq mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qildi.
“Birlik” shior ostidagi ochiq da’vo
Bayonotning ohangi futbol siyosatidagi odatiy diplomatik iboralardan ancha uzoq. Unda shunday jumla bor: “Futbol kuchi har doim uning birligida bo‘lgan”. Shundan so‘ng esa aniq talab qo‘yiladi – shu birlikka hurmat qaytarilishi, futbolga xizmat qiladigan, uni buyruq ostiga olmoqchi bo‘lmaydigan rahbariyat zarurligi aytiladi.
“Futbolda yetakchilik – mulk emas. Bu hokimiyatni ushlab turish yoki talab qilish haqida emas”, – deb yozadi konfederatsiyalar. Bu fikrlar, albatta, Infantino’ning so‘nggi haftalardagi uslubi va qarorlari tomon ochiq ishora.
Eng keskin nuqta esa shunday ifodalanadi: “Ishonch aldov orqali buzilganda, shaxs unga vakolat bergan jamoaviy tuzilma ustidan o‘zini qo‘yganda, u o‘z burchini tark etgan bo‘ladi”. Bu ibora amaldagi FIFA prezidentiga nisbatan ochiq ayblov sifatida yangradi.
Muvaffaqiyatsiz reja va orqaga chekinish
Infantino atrofidagi bosim aynan shundan keyin keskin kuchaydi: u FIFA musobaqalariga, jumladan, World Cup’lar tijoriy huquqlariga xususiy investitsiya kiritish rejasini taqdim etgan, ammo keskin e’tirozlar fonida bu g‘oyani atigi bir necha kun ichida qaytarib olgan edi.
Reja bekor qilindi, lekin siyosiy zarba joyida qoldi. Endi esa uch yirik konfederatsiya bu jarayon qanday yuritilgani, kimlar jalb etilgani va qarorlar qanday qabul qilingani yuzasidan to‘liq mustaqil tekshiruv bo‘lishini xohlaydi.
Bu – shunchaki ichki ish emas. UEFA, AFC va CONCACAF birgalikda futbol xaritasining katta qismini qamrab oladi. Ularning bunday ohangda chiqishi FIFA markazidagi hokimiyat muvozanatiga bevosita tahdid sifatida ko‘riladi.
FIFA javobi va kuchayib borayotgan ziddiyat
FIFA bu hujumlarni jim kuzatib turgani yo‘q. Shanba kuni tashkilot “ba’zilar tomonidan FIFA va Gianni Infantino’ni obro‘sizlantirishga qaratilgan uyushgan va davomli urinishlar” borligini ma’lum qilib, o‘zini himoya qildi.
Bu bayonotlar ketma-ketligi futbol siyosatida ochiq frontlar paydo bo‘layotganini ko‘rsatmoqda: bir tomonda Infantino va uning islohotlari, boshqa tomonda esa o‘zini chetga surilgandek his qilayotgan yirik konfederatsiyalar.
Savol endi bitta: bu keskin qarama-qarshilik FIFA ichida haqiqiy tekshiruv va tuzilma o‘zgarishlariga olib keladimi yoki bu faqat global futbol hokimiyati uchun navbatdagi, yanada shiddatli kuch sinovining boshlanishimi?


