Tottenham yangi mavsumni sardorlarsiz boshlaydi
Premier League yangi mavsumi oldidan Tottenham uchun kutilmagan zarba: jamoa Brentford safariga ikkala asosiy himoyachisiz – Micky van de Ven va Pedro Porro – yo‘l oladi. Ustiga ustak, Pape Matar Sarr ham oxirgi mashg‘ulotlarda son mushagidan jarohat olib, ro‘yxatdan chiqdi.
Bosh murabbiy Roberto De Zerbi juma kungi matbuot anjumanida vaziyatni ochiq aytdi: Van de Ven ham, Porro ham ertangi uchrashuv uchun qaydnomasida bo‘lmaydi. Sarr bo‘yicha esa ehtiyot chorasi tanlandi – jarohat jiddiy emas, lekin murabbiy shtabi mavsumning ilk turida ham tavakkal qilmoqchi emas.
Van de Venning muammosi Avstraliyodagi pre-season paytida boshlangan. De Zerbi bu holatni hatto uzoq parvozni ham eslatib o‘tdi, ammo jarohat “katta muammo emas”ligini ta’kidladi. Shunga qaramay, tibbiy shtab va murabbiylar uni shoshirmaslikka qaror qilgan.
Himoya chizig‘ida esa variantlar bor. De Zerbi qo‘l ostida Marcos Senesi va Ben Davies borligini, ular ertangi o‘yinga tushishga tayyor ekanini aytdi. Biroq Davies, klub ichidagi sardorlik ierarxiyasida uchinchi bo‘lsa-da, Brentfordga qarshi start tarkibida maydonga tushishi kutilmayapti.
Bu yo‘qotishlar fonida yana bir nozik nuqta paydo bo‘ladi: sardorlik masalasi. Van de Ven va Porro – yangi mavsum uchun belgilangan kapitan va birinchi vitse-kapitan – ikkalasi ham safdan tashqarida. To‘rtinchi raqamdagi yetakchi James Maddison hali optimal jismoniy holatiga qaytmagan. Shunday vaziyatda ko‘zlar tabiiy ravishda yosh Archie Gray tomon buriladi.
Klubning ichki yetakchilar ro‘yxatida beshinchi o‘rinda turgan Gray, ehtimol, o‘ng qanot himoyasida Porro o‘rnini bosarkan, birdaniga sardorlik bog‘ichini ham taqib chiqishi mumkin. Yangi mavsumning ilk turida, safarda, bosim ostida – bu yosh futbolchi uchun sinovning eng yuqori darajasi bo‘ladi.
Tottenham uchun bu faqat tarkib muammosi emas, ruhiy sinov ham. Yangi kapitanlarsiz, qayta qurilayotgan jamoa, safarda, jismonan kuchli Brentfordga qarshi. Savol bitta: bu bo‘shliqni kim to‘ldiradi – tajriba egalarimi yoki o‘z so‘zini aytishga shay turgan yangi avlodmi?



