Tom Aspinall: Islam Makhachevning jangidagi yutqazishini tasavvur qila olmayman
UFC 330 oldidan og‘ir vazn chempioni Tom Aspinall navbatdagi katta jang borasida fikr bildirdi. U bu safar asosiy voqea – Islam Makhachev va Ian Machado Garry o‘rtasidagi UFC yarim o‘rta vazn chempionlik bahsini tahlil qildi.
“Bu – Islamning so‘nggi yillardagi eng og‘ir jangi bo‘ladi”
Aspinall o‘zining YouTube kanalida chiqish qilib, Makhachev – Machado Garry jangini shunday tasvirladi. Uningcha, bu titul himoyasi oddiy kechmaydi.
U Ian Machado Garry’ning uslubini Makhachev uchun noqulay deb hisoblaydi. Irlandiyalik jangchi uzun qo‘l-oyoqlari, masofani his qilishdagi mahorati va harakatchanligi bilan ajralib turadi. Aspinall aynan shularni alohida urg‘uladi: Garryni kamdan-kam holatlarda yerga yiqitish mumkin, uni pastga tushirganingda ham ushlab turish oson emas.
U Garry haqida gapirar ekan, uning bo‘yi balandligi, chaqqonligi, yuqori darajadagi zarba texnikasi va masofani aniq baholashi haqida to‘xtaldi. Yana bir muhim jihat – yoshligi va “yurilgan masofa”ning kamligi: katta jarohatlar, ko‘p zarbalar, charchatib qo‘yadigan ur-to‘polon janglar hali orqasida emas. Yangi, yangicha nafas, toza resurs.
Shu bois Aspinall nazarida, stil nuqtai nazaridan Machado Garry Makhachev uchun “yomon juftlik”. Ammo gap bu yerda tugamaydi.
“Gap ketayotgan odam – Islam Makhachev”
Aspinall baribir e’tiborni bir nuqtaga olib keladi: oktagonga kiradiganlardan biri – Islam Makhachev. U Makhachevni hozirgi paytda “pound-for-pound” reytingida birinchi o‘rin uchun asosiy nomzod deb biladi. Uning fikricha, Makhachev raqibni qo‘lga olgan zahoti hammasi tugaydi.
Aspinall Makhachevning so‘nggi janglaridagi bosh tepaga yo‘llagan zarbasini eslatib, uning arsenalida endi nafaqat kurash, balki xavfli “stand-up” ham borligini ta’kidladi. Ha, yoshi o‘sib bormoqda, lekin u hali ham cho‘qqida, hali ham prime bosqichida, deydi u.
Shu bilan birga, Aspinall bu jangni ikkala tomon uchun ham oson kechmaydigan, murakkab sinov deb biladi. U Makhachev uchun ham, Machado Garry uchun ham bu oson sayr emasligini ochiq aytadi. Biroq yakuniy fikrga kelganda, u bir nuqtada qat’iy turadi: u Islamning yutqazishini hech qanday ssenariyda tasavvur qila olmayapti.
Aspinallning o‘zi ham qaytishga hozirlik ko‘ryapti
Tom Aspinallning o‘zi esa uzoq tanaffusdan keyin oktagonga qaytishga hozirlik ko‘rmoqda. U oxirgi bor UFC 321 turnirida jang qilgan edi. O‘sha kecha Ciryl Gane bilan bahs muddatidan oldin to‘xtatilgan, ko‘zga tushgan barmoq sababli natija “No Contest” deb e’lon qilingan.
Shundan keyin Aspinall ko‘ziga operatsiya qildirib, deyarli bir yilni tiklanishga sarfladi. Endi esa u to‘liq mashg‘ulot jarayoniga qaytdi, lagerga kirib bo‘lgan, kuzda Gane bilan revansh jangini qo‘lga kiritish umidida ishlayapti.
UFC 330 esa unga tomoshabin sifatida boshqa rakursdan qarash imkonini beradi. Og‘ir vazn chempioni tribuna ortidan kuzatadi: yarim o‘rta vaznda taxt uchun bo‘ladigan jangda Islam Makhachev o‘z hukmronligini yana bir bor tasdiqlay oladimi yoki Ian Machado Garry uzoqdan kelayotgan yangi to‘lqin sifatida hamma hisob-kitoblarni buzib tashlaydimi?



