Sport Maydon logo

Spurs va Gakpo o‘rtasida yozgi savdolashuv: Liverpoolning pozitsiyasi

Yozgi oynada allaqon katta pul sarflagan Tottenham, baribir to‘xtash niyatida emas. London klubi endi ko‘zini Premier League ichidan – Liverpool hujumchisi Cody Gakpo tomonga qaratgan.

Standard Sport ma’lumotlariga ko‘ra, Spurs niderlandiyalik yulduzga jiddiy qiziqmoqda, ammo hozircha Liverpool bilan rasmiy muzokara boshlanganicha yo‘q. Klub darajasida telefonlar jim, lekin bozor kayfiyati boshqacha.

Liverpool pozitsiyasi aniq: Gakpo sotuvga qo‘yilmagan. Klub avvalo Mohamed Salah o‘rniga o‘yinchi topishni rejalashtiryapti. Ularning ro‘yxatining eng yuqori pog‘onasida Paris Saint-Germain va Fransiya terma jamoasi vingeri Bradley Barcola turibdi. Uning narxi atigi emas – taxminan £145 million.

Shu fon ortida Gakpo atrofida shovqin tinmayapti. Caught Offside xabariga ko‘ra, futbolchining o‘zi Spurs safiga o‘tish fikriga yopiqligi yo‘q – agar klublar transfer narxida kelisha olsa, u London sari yo‘l olishga tayyor.

Narx masalasi esa alohida jang. Football Insider ma’lumotiga ko‘ra, Liverpool Gakpo uchun taxminan £70 million so‘ramoqda. Bu raqam hozircha faqat belgilangan “tavan”, “qizil chiziq”. Mersisayd klubi bu pozitsiyada qancha vaqtgacha qattiq turishi esa ochiq savol bo‘lib qolmoqda.

De Zerbi to‘xtamaydi: 237 million ketdi, ishning atigi 60 foizi bitgan

Spurs yoz bo‘yi allaqon £237 million sarfladi, olti nafar yangi futbolchini olib keldi. Shunga qaramay, Roberto De Zerbi buni yakun deb hisoblamaydi. Uning o‘zi tan olganidek, klubning transfer rejasi bor-yo‘g‘i 60 foizga bajarilgan, xolos.

Demak, davom bor. Murabbiy yana ikki-uch futbolchi qo‘shishni xohlaydi. Rejada – yangi vinger va ehtimol yana bitta hujumchi. Ana shu nuqtada Gakpo nomi yana oldinga chiqadi.

Tottenham uni chap qanot uchun ideal variant sifatida ko‘ryapti. U nafaqat vinger, balki markaziy hujumchi – klassik “no9” sifatida ham o‘ynay oladi. De Zerbi tizimida bunday ko‘p qirrali futbolchi butun hujum chizig‘ining ohangini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Savol endi bitta: Liverpool Salah o‘rnini topmasdan turib, Gakpo bilan xayrlasha oladimi? Yoki Spurs £70 millionlik devorni yorib o‘tish uchun yanada keskinroq taklif bilan qaytadimi?

Yozgi oyning so‘nggi haftalarida javob aynan shu savdolashuv stolida topiladi.