Silverstone oldida texnik jang: jamoalar qanday yangilanishlar kiritmoqda?
Silverstone yana shovqin-suronga tayyor. Mavsumning to‘qqizinchi bosqichi, ustiga-ustak Sprint haftaligi – demak, jamoalar qo‘lida borini ishga soladi. Kim yangi detallarga tayanadi, kim esa mavjud paketga ishonadi? Paddokdagi asosiy texnik kartalar shundoq ochiq yotibdi.
Mercedes: Avstriya paketiga ishonch
Bir hafta avval Avstriyada yangilanishlar sinovdan o‘tkazildi, endi esa Mercedes ularni chuqurroq tushunishni ma’qul ko‘rdi. Silverstone uchun rasmiy raviyda yangi detal yo‘q. Jamoa mavjud paketdan maksimal foyda olish, sozlamalar va shinalar bilan ishlashni ustuvor qo‘ydi. Demak, tezlik emas, barqarorlik va tushuncha – asosiy maqsad.
Ferrari: orqa qismda mayda, lekin muhim jarrohlik
Ferrari mashinaning orqa burchagini yangiladi. Kengaytirilgan sovitish kirish va chiqish kanallari, pastki deflektordagi o‘zgarishlar va qayta optimallashtirilgan orqa qanotchalar klasteri – bularning barchasi ikki frontga xizmat qiladi: lokal yukni oshirish va sovitishni yaxshilash. Uzun, tez burilishlarga boy Silverstone uchun ayni muddao.
McLaren: peshqadamlar orasida eng faol yangilanish
Oldingi qator jamoalari ichida eng katta texnik ro‘yxat – McLaren qo‘lida. Chempion jamoa old burchak va pol atrofidagi “mebel”ni yangilab chiqdi.
Old tomonda yangi tormoz kanali paydo bo‘ladi. Maqsad aniq: havo oqimini yanada silliq yo‘naltirish va aerodinamik yukni oshirish. Pastda esa qayta ishlangan pol taxtasi – oqim fizikasi yaxshilanishi, umumiy samaradorlik o‘sishi kutilmoqda. Bu trassada har bir km/soat ustunlik qimmat, McLaren esa aynan shu joydan zarba bermoqchi.
Red Bull: katta paketdan keyingi yakuniy sayqallash
Avstriyada yirik yangilanish paketi bilan sahnaga chiqqan Red Bull bu safar ko‘proq sayqallash rejimida. Silverstone uchun yagona o‘zgarish – orqa burchakda.
Orqa g‘ildirak atrofidagi qanotchalar kaskadi qayta ko‘rib chiqildi. Maqsad – yuk xarakteristikasini yanada barqaror qilish va mashinani tinchlantirish. Katta inqilob emas, lekin yuqori tezlikdagi burilishlarda ishonchni oshiradigan, mayda, ammo sezilarli qadam.
Alpine: sukut – bu xavfmi yoki ishonch?
Alpine Silverstone uchun hech qanday yangilanish bildirmadi. Hamma atrofida detallarni almashtirayotgan paytda, fransuzlar mavjud paket bilan kurashadi. Bu qaror – resursni keyingi bosqichlarga tejashmi yoki texnik orqada qolish xavfini ko‘zga tik boqishmi, javobni trek beradi.
Racing Bulls: pol va diffuzorga zarba
Racing Bulls mashinaning pastki qismiga e’tiborni jamladi. Yangilangan pol burchagi va diffuzor geometriyasi – asosiy yangilik. Maqsad bir xil: ko‘proq aerodinamik yuk va balandroq umumiy tezlik.
Orqa burchakda ham yangi oldingi deflektor geometriyasi paydo bo‘ladi. U lokal havo oqimini tartibga solib, pol ishini samaraliroq qilishga xizmat qiladi. Bu kabi o‘zgarishlar ko‘zga uncha tashlanmaydi, lekin davra vaqtida farqni aynan shular beradi.
Haas: Bearman ogohlantirganidan keyin javob
Haas poygachisi Ollie Bearman yaqinda jamoa raqiblar fonida “rivojlanishda ortda qolganini” tan olgandi. Endi navbat texnik bo‘limda.
Silverstone uchun ikki muhim yangilanish bor. Orqa qanot profillari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, lokal yukni yaxshilash maqsad qilingan. Qanot uchlarida esa tashqi bo‘rtmalar paydo bo‘ladi – ular havo oqimini tozalab, mashina atrofidagi oqimni “tartibga solishi” kerak. Haas uchun bu nafaqat tezlik, balki mavsumda yo‘qotilgan sur’atni qaytarish imkoniyati.
Williams: uy poygasi, yangi old qanot
Williams o‘z uy poygasiga sovg‘asiz kelmaydi. Yangi old qanot geometriyasi – jamoaning asosiy yangilanishi. Yangi profillar va qanot uchlari yuzalari lokal yukni oshirish bilan birga, orqa tomondagi detallar bilan havo oqimi o‘zaro ta’sirini yaxshilashi kerak.
Silverstone kabi aerodinamik jihatdan talabchan trassada old qanot – mashinaning xarakterini belgilovchi asosiy qurol. Williams aynan shu joydan foyda izlaydi.
Audi: barqarorlikka tayanish
Audi ro‘yxatida Silverstone uchun yangi detal yo‘q. Jamoa mavjud paketni yanada chuqurroq tushunishga, sozlamalar orqali foyda topishga urinadi. Boshqalar texnik xavfga qo‘l urayotgan bir paytda, ular barqarorlikni tanladi.
Aston Martin: katta reja – Budapeshtga
Aston Martin haqida paddok allaqachon biladi: yirik yangilanish paketi Budapeshtga rejalashtirilgan. Demak, mahalliy trassa bo‘lishiga qaramay, Silverstone uchun mashina deyarli o‘sha holicha qoladi.
Bu qaror jamoaning strategiyasini ochib turibdi: katta sakrashni keyinroq, issiq va sekinroq Hungaroringda amalga oshirish rejalashtirilgan. Silverstone esa, asosan, hozirgi paketni solishtirish va ma’lumot to‘plash maydoni bo‘ladi.
Cadillac: Avstriya paketidan keyin pauza
Cadillac Avstriyada katta yangilanishlar ro‘yxatini ishga tushirgandi. Endi esa pauza – Silverstone uchun yangi detal yo‘q. Bu ularga yaqinda joriy qilingan paketni yanada aniqroq tushunish, kuchli va zaif tomonlarini aniqlash imkonini beradi.
Shunday qilib, kimdir katta texnik zarba izlayapti, kimdir esa allaqachon olib kelingan paketni sinchiklab o‘rganishga bel bog‘lagan. Silverstone esa bitta savolni aniq beradi: yangilanishlar laboratoriyada emas, haqiqiy tezlikda kimga xizmat qiladi?


