Sidney Crosby: 39 yoshda ham NHLning afsonasi
Pittsburgh Penguins sardori Sidney Crosby juma kuni 39 yoshni qarshi oldi. Raqamlar esa bir haqiqatni yana bir bor eslatdi: u hali ham NHLning eng zo‘rlaridan biri.
22-mavsum. Bir xil klub. Bir xil talab: jamoani sudrab olib chiqish. Crosby buni yana uddaladi.
Yoshi ketdi, lekin tezligi yo‘q
5 fut 11 dyuym bo‘yli markaz hujumchi o‘tgan mavsumni yana jamoaning bosh to‘purari sifatida yakunladi. 68 o‘yinda 29 ta gol, jami 74 ochko. Bu – ketma-ket oltinchi mavsumki, Penguinsda eng yaxshi bombardir sifatida mavsumni tugatmoqda.
Eng muhimi – u Pittsburghni uch yillik tanaffusdan so‘ng yana pleyoffga qaytardi. Klub qayta qurilish, savdolar, yoshlar, bosim – hammasi ichida bo‘lgan pallada Crosby baribir o‘z darajasini pasaytirmadi. Aksincha, standartni yana ham balandroq ko‘tardi.
Kuboklar, mukofotlar, tarix
Crosbyni NHL tarixidagi buyuklar qatoriga qo‘yadigan narsa – faqat raqamlar emas, lekin raqamlar ham o‘z so‘zini aytadi.
Uning vitrinasida uchta Stanley Cup: 2009, 2016, 2017. Eng qimmatli o‘yinchi sifatidagi Hart Trophy – ikki marta (2007, 2014). Liga eng yaxshi o‘yinchisi deb hamkasblari tomonidan beriladigan Ted Lindsay Award – uch marta (2007, 2013, 2014). To‘purarlar uchun Art Ross Trophy – ikki marta (2007, 2014). Maurice “Rocket” Richard Trophy – yana ikki marta (2010, 2017).
Liderlik? Bu ham alohida sahifa. 2010 yilda u Mark Messier Leadership Award sohibiga aylandi. Bu sovrin raqamlar uchun emas, kiyinish xonasida, muz ustida va undan tashqarida qanday odam ekani uchun beriladi.
Crosby to‘rt karra birinchi tarkibga kiritilgan all-star. Pleyofflarda esa 2016 va 2017 yillarda ketma-ket Conn Smythe Trophyni qo‘lga kiritib, tarixga yozildi. Buni NHL tarixida faqat ikkita o‘yinchi uddalagan: Mario Lemieux va Sidney Crosby. Ikkalasi ham – Penguins ramzlari.
Lemieux soyasidan – klub tarixining cho‘qqisiga
Dekabr oyida Crosby nihoyat Pittsburgh tarixidagi eng og‘ir rekordlardan birini sindirdi: u Mario Lemieuxni ortda qoldirib, klubning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purari va bombardiriga aylandi.
Hozir u NHL umumiy statistik jadvalida yettinchi o‘rinda – 1 761 ochko bilan. Oldinda yana ikki afsona: Marcel Dionne undan atigi 10 ochko oldinda, Ron Francis – 37 ochko uzoqda. Bu masofa Crosby uchun bir mavsumlik ish.
O‘sha rekord yangilangach, 21 dekabr kuni arenadagi lahza ham tarixga kirdi. Muz ustida o‘yin davom etar, lekin tribunadagi jimlik hammasini aytib turardi. Mario Lemieuxning videomurojaati chiquvdi, zal birdan sukutga cho‘mdi. Crosby keyinroq bu daqiqani “alohida” deb ta’rifladi – aynan shu jimlik, shu hurmat darajasi Pittsburghdagi merosni nechog‘li chuqur ekanini ko‘rsatdi.
Bugun u Penguins tarixida o‘yinlar soni bo‘yicha ham birinchi (1 420), golli uzatmalar (1 107), g‘alaba gollari (104) va o‘yin taqdirini hal qilgan overtime gollari (25) bo‘yicha ham yetakchi.
Ammo Lemieux bilan hisob hali tugagani yo‘q. 2026–27-mavsum oldidan Crosby yana bitta yirik klub rekordini ko‘zlamoqda: Lemieuxning 690 goli. Crosby hozir 654 gol bilan undan 36 ta orqada. Yana bir sog‘lom, kuchli mavsum – va bu raqam ham qulash arafasida.
Kanadaning “Oltin goli” va uch karra oltin meros
Crosbyni boshqa afsonalardan ajratib turadigan jihat – xalqaro sahnadagi yutuqlari.
U uch marta Qishki Olimpiada ishtirokchisi. Ikki oltin, bir kumush medal. Ammo tarixga kirgan lahza bitta: 2010 yil, Vancouver. AQShga qarshi final. Overtime. Crosby – “Golden Goal”. Bu gol kanadaliklar xotirasida faqat natija uchun emas, milliy sport ramzi sifatida yashab qolgan.
O‘tgan yili u Olimpiadada Kanada terma jamoasini ikkinchi marta sardor sifatida boshqardi. To‘rt o‘yinda ikki gol va jami olti ochko qayd etdi. Chorak finalda Czechia himoyachisi Radko Gudas bilan to‘qnashuvdan so‘ng pastki tana qismidan jarohat olib, turnirni erta yakunladi. Lekin u turnirga qadar ham, undan keyin ham Kanada uchun asosiy figura bo‘lib qoldi.
Cole Harbour, N.S. shahrida tug‘ilgan bu hujumchi Triple Gold Club a’zosi: Stanley Cup, Olimpiada oltinlari va 2015 yilgi World Hockey Championshipdagi oltin medali. Yoshligidan boshlab yirik sahnada g‘alaba qilishni o‘rgangan: 2004 yilda World Juniorsda, keyin 2016 World Cup of Hockey, 2025 yildagi 4 Nations Face-Off turnirida Kanada bilan yana kubok ko‘tardi.
Bu yoz u o‘zining to‘rtinchi World Hockey Championship musobaqasida qatnashdi. 10 o‘yinda 1 gol va 10 ochko. Kanada to‘rtinchi o‘rinda qoldi, lekin 39 yoshli sardorning ritmda ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Kelajak: shartnoma tugaydi, lekin Crosby emas
Bitta savol esa hanuz ochiq: 2026–27-mavsumdan keyin nima bo‘ladi?
Crosby hozir ikki yillik, 17,4 million dollarlik shartnomasining so‘nggi yiliga kirib bormoqda. Rasmiy ravishda keyngi qadamlari noma’lum. Lekin bitta narsa ayon: u hali ketyotgani yo‘q.
May oyida u The Athletic nashridan Josh Yohe bilan suhbatda shuni aytdiki, kelasi mavsumdan so‘ng nafaqaga chiqish rejasi yo‘q. U shartnomalar masalasiga yilma-yil yondashmoqchi, o‘ziga ham, klubga ham moslashuvchanlik qoldirishni istaydi. Gap qancha vaqt o‘ynashda emas, jamoa uchun eng to‘g‘ri qarorni tanlashda ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlari sodda, lekin qat’iy: u imkon qadar ko‘proq yil o‘ynashni xohlaydi.
Savol endi boshqacha: Sidney Crosby Penguins bilan yana bir tarixiy bob yozadimi yoki allaqachon tugallanmas afsona bo‘lgan karerasi yangi burilish oladimi? NHLning kelasi ikki yili aynan shu javobni kutmoqda.


