Sport Maydon logo

Saudi Pro League yangi mavsum: Al-Nassr, Al-Ahli, Al-Ittihad va Al-Hilal yangilanishlari

Saudi Pro League yangi mavsumga kirar ekan, maydon markazi bo‘ylab bo‘ron ko‘tarildi. Uch gigant – Al-Nassr, Al-Ahli va Al-Ittihad – o‘z yuragini yangidan yig‘moqda. Bitta jamoa esa bu to‘lqinni chetdan kuzatyapti: Al-Hilal.

Al-Nassr: Brozovic davri tugadi, Costa sinovi boshlanadi

Al-Nassr safida 2023 yildan beri ilk bor yangi mavsum Marcelo Brozovic’siz boshlanadi. Yillar davomida u jamoaning o‘yin qurilishidagi bosh tayanch, orqa chiziqdan to‘p chiqarishda boshqaruv markazi edi. Endi o‘sha tayanch yo‘q.

Bo‘shliqni to‘ldirish vazifasi Samu Costa zimmasiga tushyapti. U kelishi bilan Al-Nassr faqat bitta o‘yinchini emas, butun chiziqni qayta chizishga urinmoqda. Reja aniq: Costa, Abdullah Al-Khaibari va Angelo bilan yangi uchlik, muvozanatliroq, himoya va hujum o‘rtasida vazifalar aniq taqsimlangan markaz.

Savol esa o‘tkir: tajriba masalasida bu uchlik Brozovic o‘rnini bosoladimi? Ayniqsa, chorak soniyada qaror qabul qilib, pressing ostida to‘pni orqadan oldinga yetkazib beradigan futbolchining o‘rni haqida gap ketganda. Al-Nassr yangi mavsumni aynan shu savol bilan boshlaydi.

Al-Ahli: Kessié ketdi, g‘oya o‘zgardi

Al-Ahli ham markazni sindirib, boshqatdan yig‘ishga qaror qildi. Franck Kessié ketdi – 2023 yildan beri jamoaning ajralmas qismi, eng muhim futbolchilaridan biri edi. Uning ketishi – oddiy transfer emas, butun tizimga urilgan zarba.

Endi yangi kelgan Eduard Spertsyan maydon markazida Valentin Atangana bilan yonma-yon harakat qiladi. Klub esa o‘sha chiziq uchun yana bitta futbolchini olib kelish ustida ishlamoqda. Demak, kelasi mavsumda Al-Ahli markazi butunlay boshqacha ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Bu o‘zgarishning tagida faqat “Kessié o‘rnini to‘ldirish” emas, undan kattaroq maqsad yotibdi. Yangi murabbiy shtabining g‘oyalari, jamoaning ichki chempionat va qit’a miqyosidagi ambitsiyalari uchun ro‘llarni qayta taqsimlash. Ya’ni Al-Ahli bir futbolchini emas, butun o‘yin falsafasini yangilamoqda.

Al-Ittihad: Fabinho sahnadan tushdi, Lopy sahnaga chiqdi

Eng keskin burilish esa, ehtimol, Al-Ittihadda ro‘y berdi. Klub 2023 yildan beri markazni ushlab turgan Fabinho davriga nuqta qo‘ydi. O‘rniga esa Ispaniyaning Almeria jamoasidan Senegal vakili Dion Lopy keltirildi.

Lopy kelishi bilan Al-Ittihad markazi aniq Afrika qiyofasini oldi. Senegal vakili yonida Mali futbolchisi Mohamed Doumbia va Jazoir vakili Houssem Aouar saf tortadi. Uchlikda kuch, pressing, to‘pni yutib olish sifati va texnika bir nuqtaga jamlanmoqda.

Klubning umidi bitta: o‘rtada nihoyat haqiqiy muvozanatga erishish. Fabinho ketishi bilan muhim bob yopildi, Lopy kelishi esa taktik jihatdan butunlay yangi sahifani ochadi. Bu sahifa qanday o‘qilishini esa endi faqat maydon ko‘rsatadi.

Al-Hilal: bo‘ron ichida tinchlik

Bu paytda Al-Hilal butunlay boshqa manzarani eslatadi. Ular markazni buzib tashlamadi, jarrohlik pichog‘ini ishlatmadi, asosiy o‘yinchilarni saqlab qoldi.

Ruben Neves, Sergej Savic, Mohamed Kanno va Nasser Al-Dawsari hanuz jamoaning umurtqa pog‘onasini tashkil etadi. Yillar davomida shakllangan tushunish, katta o‘yinlar tajribasi, bir-birini ko‘rmasdan topa oladigan darajadagi uyg‘unlik – bularning barchasi yangi mavsum arafasida Al-Hilalga sezilarli ustunlik beradi.

Al-Hilal markazini moslashtirish uchun vaqt sarflamaydi. Raqiblar esa ilk turlarda eng yaxshi kombinatsiyani izlab, sinovlar o‘tkazishga majbur. Bu farq turnir jadvalida qanchalik tez aks etadi?

Yangi mavsumga kirib borar ekanmiz, savol shunday: to‘liq yangilangan markazlar tezroq ishlay boshlaydimi yoki barqarorlikni saqlab qolgan Al-Hilal butun ligaga ohang belgilaydimi?