Sport Maydon logo

Rybakina va Swiatek: US Open oldidan kuchlar sinovi

US Open oldidan o‘tkazilayotgan qattiq kortdagi yirik turnir finalida muxlislar xohlagan ssenariy yuzaga chiqdi. Bir tomonda “comeback”larga o‘rganib qolgan Australian Open chempioni Elena Rybakina, ikkinchi tomonda esa nihoyat yana finalga qaytgan sobiq reyting yetakchisi Iga Swiatek.

Swiatek – yomg‘ir, bosim va uchinchi setdagi javob

Iga Swiatek uchun bu yilgi mavsum kutilganidan ham og‘irroq keldi. Trofeysiz o‘tgan oylar, yo‘qotilgan ishonch, savollar. Endi esa u – yilning ilk finalida.

Yomg‘ir sabab bir soatdan ortiq kechikkan yarim finalda u Elina Svitolina bilan to‘qnash keldi. Sakkiz karra yirik turnir chempioni Swiatek kortga chiqqan zahoti ritmni qo‘lga oldi. Birinchi setda hisob 4:0 bo‘lgunga qadar ukrainalik raqib deyarli o‘yinga kira olmadi.

Ammo Svitolina osonlikcha yon bermaydigan tennischi. Birinchi set oxirida Swiatek g‘alaba uchun ikki set-poyntga ega bo‘lgan gembolni ham cho‘zdi, bosimni oshirdi, himoyada chidab berdi. Polshalik baribir setni yopdi, lekin raqibining kayfiyati o‘zgargani ko‘rinib turardi.

Ikkinchi setda aynan shu energiya ishga tushdi. Svitolina tezlikni oshirdi, zarbalari chuqurlashdi, Swiatek esa bir necha bor kechikib qoldi. Setni ukrainalik yashin tezligida qo‘lga kiritdi va uchinchi partiyaga butunlay boshqa kayfiyatda kirdi.

Hal qiluvchi setda esa tajriba va sinovdan o‘tgan xarakter ishga tushdi. Swiatek o‘yin sifatini tiklashga e’tibor qaratdi, xavfli nuqtalarda aniq zarba berdi. Hisob 3:3 bo‘lgan paytda u bosimni keskin oshirdi va Svitolina servisini “love” bilan sindirdi – 5:3. Keyingi gembolni sovuqqonlik bilan yopiqlab, final chiptasini qo‘lga kiritdi.

“Elinaga qarshi har doim og‘ir,” – dedi Swiatek uchrashuvdan so‘ng. U aynan uchinchi setda o‘yinini qayta tiklaganidan mamnunligini ta’kidladi va bu o‘zini o‘zi uchun “katta qadam” ekanini aytdi.

Svitolina uchun bu mag‘lubiyat alamli bo‘ldi. U 2017-yilda aynan Kanadada chempion bo‘lgan, bu mavsumda esa allaqachon Rome turnirida g‘olib chiqib, Dubai finalida to‘xtagan edi. Yana bir WTA 1000 finali eshiklarigacha yetib keldi, ammo Swiatek so‘nggi setda yana bir bor darajasini ko‘rsatdi.

Rybakina – tungi marafon, Gauff ustidan bosim va reyting poygasi

Elena Rybakina esa bu turnirni o‘ziga xos chidamlilik marafoniga aylantirdi. Avval chorak finalda Naomi Osaka ustidan setdan ortda kelib g‘alaba qozondi, endi esa xuddi shunday ssenariy yarim finalda Coco Gauffga qarshi takrorlandi.

Kechasi soat birlarga borib yakunlangan uchrashuvda Gauff ilk setni 7:5 hisobida olib, o‘yin boshida kuchli servis va agressiv qabul bilan ustunlik qildi. Rybakina ham raqibining servisiga qarshi yechim topa olmadi, set oxirida esa o‘z gembolida shoshilib, xatolarga yo‘l qo‘ydi.

Kazaxiston sharafini himoya qilayotgan tennischi tanaffusga biroz asabiy kayfiyatda ketdi, lekin kortga qaytgach, o‘yin butunlay o‘zgardi. U o‘zining so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi setni boshidayoq yaxshi qaytarishlar topishi kerakligini bilardi. Shunday ham bo‘ldi: bir nechta kuchli return o‘yinning oqimini ag‘darib tashladi.

Gauff servisida darz paydo bo‘ldi. Rybakina esa har bir imkoniyatni siqib oldi. 6:2, 6:2 – ikki set ketma-ket bir xil hisobda yakunlandi, lekin raqamlar ortida Gauffning ruhiy charchog‘i va Rybakina bosimi yaqqol sezilib turardi.

Qiziq jihati – Rybakina bu yarim finalga qadar kortda soatlab ter to‘kdi, Gauff esa yarim finalga “walkover” orqali, raqibi maydonga chiqa olmagani sabab chiqdi. Rybakina buni o‘z foydasiga aylantirdi: u aynan ko‘p o‘yinlar va adrenalinning o‘ziga yordam berganini aytdi. Uchinchi setda, muhim ochkolarda “shunchaki siltanib”, 30:30 da “telba” qaytarishlar kiritgani va bularning barisi o‘z foydasiga ishlaganini tan oldi.

Bu g‘alaba Rybakina uchun mavsumdagi uchinchi titul sari yana bir qadam bo‘ldi. U allaqachon Melbourne va Stuttgartda kubok ko‘targan, endi esa Kanadadagi yugurishi uni reytingda 1-o‘rindagi Aryna Sabalenka tomon yaqinlashtirmoqda.

Final: qaytgan Swiatek va to‘xtamayotgan Rybakina

Endi sahnada final. Bir tomonda – nihoyat yana trofey uchun kurashayotgan, Svitolina ustidan muhim ruhiy g‘alaba qozongan Iga Swiatek. Ikkinchi tomonda – kechasi soat birgacha kurashib, ketma-ket ikkinchi marta setdan ortda kelib yutgan Elena Rybakina.

Rybakina US Open oldidan o‘zini eng xavfli raqiblardan biri sifatida ko‘rsatmoqda. Swiatek esa deyarli bir yillik tanaffusdan so‘ng yana kubok ko‘tarish imkoniyatiga ega.

Savol bitta: Kanadadagi bu final – faqat bitta turnirning yakunimi yoki butun US Open mavsumining ohangini belgilaydigan signalga aylanadimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil