Sport Maydon logo

Ryan Garcia va Conor Benn: Portlovchi jang Las Vegasda

Las Vegas ko‘p narsani ko‘rgan. Ammo T-Mobile Arena tomon yonma-yon kirib kelayotgan Ryan Garcia va Conor Benn manzarasi – shubhasiz, eng ziddiyatli, eng portlovchi sahnalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Bu oddiy jang emas. Bu – WBC yarim o‘rta vazn chempionlik kamari uchun kurash. Va ringdan tashqaridagi shov-shuvlari ularning ring ichidagi qobiliyatlari bilan teng darajada tilga olinadigan ikki bokschi to‘qnashuvi.

Garcia – Amerika ijtimoiy tarmoqlarining superyulduzi, hozirda kamar egasi va ancha katta ommaviy profilga ega. Benn – afsonaviy familiya sohibi, tinimsiz mehnat qiladigan, shubhalanuvchilarni jim qilishga qattiq bel bog‘lagan britaniyalik.

Raqamlar shunday: Garcia – 25-2, 20 nokaut. Benn – 25-1, 14 to‘xtatib qo‘yish bilan. Statistikaga qarasangiz, yuqori darajadagi ikkita jangchi. Ammo bu faqat yuzasi.

Ikkalasining ham nomiga soya tushirgan dopinga oid mojarolar bor.

Benn 2022-yilda clomifene uchun ikki marta ijobiy tahlil topshirgach, faoliyati izdan chiqdi. Garcia esa 2024-yilda Devin Haney ustidan qozongan g‘alabasidan so‘ng ostarine bo‘yicha ijobiy test bergach, bir yilga diskvalifikatsiya qilindi.

Endi esa shu bo‘ronli boblar o‘rnini bokschilik bozoridagi eng yirik imkoniyatlardan biri egallamoqda. Xabarlarga ko‘ra, umumiy gonorar qariyb 30 million dollar atrofida. Demak, har ikkisi ham sakkiz xonali chek olish arafasida.

Bu raqamlar Conor Benn atrofidagi bahs-munozaralarga qaramay, uning tijoriy jozibasi qanchalik kuchli ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.

Bennni esa bundan ham shaxsiyroq narsa haydayapti. U otasi Nigel Benn yo‘lidan borishni, bir paytlar katta Benn merosining ajralmas qismiga aylangan WBC kamarini qo‘lga kiritishni xohlaydi.

G‘alaba Conorga ilk jahon chempionlik unvonini beradi. Va britan bokschiligi tarixidagi eng taniqli oilaviy hikoyalardan biriga yangi sahifa qo‘shadi.

Bosim ikki tomonni ham kesadi

Benn uchun bu jangda nafaqat ruhiy, balki jismoniy sinov ham nihoyatda keskin. U bir necha yildirki 147 funtlik yarim o‘rta vazn limitida ringga tushmayapti, so‘nggi janglarida ancha og‘ir vaznlarda harakat qilgan.

Endi esa yana shu chegaraga tushish – tanani qiynagan, mashaqqatli jarayon. Shunga qaramay, Benn chempionlik limitini bajardi va nihoyatda og‘ir o‘tgan lagerdan faqat intizom olib chiqqanini ta’kidladi.

Garcia bu vazn masalasini jang taqdirini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan omil deb biladi.

Amerikalik raqibining organizmi bu keskin “sushka”dan tezda tiklana oladimi, degan savolni ochiq qoldiryapti. U Benn jang davomida zarbalarga yanada sezgir bo‘lib qolishi mumkinligini aytib kelmoqda.

Garcia o‘zi ham bosim ostida. U Mario Barrios ustidan qozongan g‘alabadan keyin qo‘lga kiritgan WBC kamarini ilk bor himoya qiladi. Yana bir sust, ishontirmaydigan chiqish – allaqachon tomoshabinlar va mutaxassislar orasida bahsli bo‘lib ulgurgan faoliyatiga yana ko‘proq savollar qo‘shishi aniq.

Shu o‘zgaruvchanlik, shu barqarorlik yo‘qligi bu to‘qnashuvni yanada qiziqarli qiladi. Garcia – chaqqon, portlovchi tezlikka ega, aniqligi va tabiiy atletikasi bilan ajralib turadi. Benn esa – bosim ostida orqaga chekinmaydigan, agressiv, chidamli jangchi. Ikkalasidan ham ehtiyotkor, uzoq “razvedka” raundini kutish qiyin.

Ruhiy jang allaqachon boshlangan. Garcia Bennni oldinga tashlanishiga ishonyapti, uni qarshi zarbalar bilan kutib olishga hozirlanmoqda. Benn esa birinchi gongdan boshlab shiddat va tajovuz va’da qilgan.

Pul ulkan, kamar bebaho, e’tibor esa shafqatsiz bo‘ladi. Ammo 30 million dollarlik xabar qilinayotgan gonorardan ham muhimroq narsa bor: shanba oqshomidagi bu jang ikkala bokschiga ham o‘z karerasining keyingi bobini o‘zi yozish imkonini beradi.

Kimdir nihoyat o‘zini oqlaydi. Kimdir esa savollardan qochib qutula olmaydi.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil