Rooneyning shou haqidagi fikri: "Eng yoqimli qismi – tugagani edi"
MetLife Stadiumdagi dunyo chempionati finali tanaffusi futbol tarixiga kirdi. Ammo Wayne Rooney uchun – yaxshi ma’noda emas.
Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsda FIFA tanaffusni maxsus shou uchun cho‘zib, odatdagi 15 daqiqani deyarli ikki baravariga – 27 daqiqadan oshirib yubordi. Maydon markazida Madonna, Shakira, Justin Bieber va boshqa yulduzlar, tribunalarda esa hayajon, sahnada lazerlar, raqslar, karnaval kayfiyati.
Rooneyga esa bularning bari bir zumda yoqmadi.
“Ochig‘ini aytsam, eng yaxshi qismi – tugagani edi”
40 yoshli sobiq hujumchi finalni BBC studiyasida Joe Hart va Micah Richards bilan birga sharhlab turardi. Tanaffusdagi shou tugagach, olib boruvchi Gabby Logan ulardan tomoshaning eng yoqqan lahzalarini so‘radi.
Rooney ko‘p o‘ylamadi.
“Ochig‘ini aytsam, men uchun eng yaxshi qismi – u tugagani edi”, – dedi u. “Ularning ko‘pini yoqtiraman, lekin bu shou… bema’ni edi. Umuman ruhimni ko‘tarmadi, faqat futbol qaytishini xohlab o‘tirdim. Burna Boy yoqadi, Bieber yoqadi, Shakira yoqadi, lekin bu juda xira bo‘ldi”.
Studiyada kayfiyat birdan o‘zgardi. Richards kulib, sobiq jamoadoshini “kayfiyatsiz” deb atadi, lekin Rooney fikridan qayrmadi. Logan esa suhbatni hazil bilan yakunlab, BBC efiridagi reklama roligiga ishora qilib: “Bizda yana bir narsa bor – halol sharhlar”, deb qo‘shib qo‘ydi.
11 daqiqalik sahna, 27 daqiqalik tanaffus
Bu shou oddiy konsert emasdi. FIFA prezidenti Gianni Infantino bu g‘oyani o‘tgan yilning o‘zidayoq e’lon qilgan, sahna kontseptsiyasi esa Coldplay yetakchisi Chris Martin tomonidan tuzilgan edi.
Stadion markaziga Madonna’ni Braziliya afsonalari Ronaldo va Ronaldinho olib chiqdi. Sahna atrofida rang-barang dekor, yorug‘lik shoulari, tribunalar bo‘ylab telefon chiroqlari yaltirardi. Janubiy Koreyaning mashhur guruhi BTS chiqdi, sahnada Muppets va Sesame Street qahramonlari ham ko‘rindi.
Ammo bu ulkan spektaklning narxi bor edi: futbolchilar va murabbiylar uchun odatdagi 15 daqiqalik tanaffus 27 daqiqadan ortdi. Super Bowl uslubidagi bu yondashuv jahon chempionati finali uchun mutlaqo yangi tajriba bo‘ldi.
Keane: “Bizga unchalik yoqmadi, stadiondagilarga – ha”
ITV efirida o‘tirgan Roy Keane ham shouni maqtab yubormadi. U ham kayfiyatni aniq ifodaladi:
“Biroz antiklimaks bo‘ldi, lekin o‘ylaymanki, stadiondagilar bizdan ko‘ra ko‘proq zavq olishdi. Lekin baribir Shakira’ni ko‘rish yoqimli”, – dedi u.
Bir tomonda – yulduzlar paradiga aylangan tanaffus, boshqa tomonda – ekranga mixlanib, futbolning ikkinchi bo‘limini kutayotgan sobiq futbolchilar. Ayniqsa Rooney kabi maydonni sahnadan ustun qo‘yadigan avlod vakillari.
Maqsad – shou emas, mablag‘ yig‘ish
Shou ortida esa aniq tashabbus yotardi. Tanaffusdagi tomosha FIFA Global Citizen Education Fund dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etildi. Maqsad – butun dunyo bo‘ylab bolalar uchun ta’lim va futbolga kirishni kengaytirish yo‘lida 100 million AQSh dollari yig‘ish.
Final kuni yulduzlar oqimi faqat tanaffus bilan cheklanib qolmadi. O‘yin oldidan yopilish marosimida Tom Cruise, Robbie Williams, Jennifer Hudson kabi nomlar sahnaga chiqdi. Nicole Scherzinger, Laura Pausini, IShowSpeed, Post Malone va Swae Lee ham start hushtagi chalinishidan avval tomoshabinlarni “qizdirib” berdi.
Ammo baribir eng ko‘p muhokama qilingani – futbol emas, tanaffusdagi shou bo‘ldi. Ayniqsa Rooneyning qisqa, lekin og‘ir hukmidan keyin.
FIFA uchun bu – futbolni global shou-biznes markaziga yanida yaqinlashtirish yo‘lidagi navbatdagi qadam. Savol esa ochiq qoladi: tribunalar va ekran ortidagi millionlar bunday finalni xohlayaptimi yoki Rooney kabi, hammasidan ko‘ra tezroq ikkinchi bo‘limni kutyaptimi?


