Sport Maydon logo

Roma hujumi uchun yangi nom: Nicolo Tresoldi

Gian Piero Gasperini qo‘l ostidagi Roma yozgi bozorni tinch o‘tkazayotgani yo‘q. Klub rahbariyati murabbiy talab qilayotgan hujum chizig‘ini kuchaytirish yo‘lida qat’iy harakat qilmoqda.

Mason Greenwood va Crysencio Summerville bo‘yicha muzokaralar bu oy boshida boshi berk ko‘chaga kirib qolgandi. Shartlar mos kelmadi, yo‘llar ajraldi. Shundan so‘ng Rim klubi tezda yo‘nalishni o‘zgartirdi va endi nishonda yangi ism bor: Club Brugge hujumchisi Nicolo Tresoldi.

Gasperini yoqtirgan profil

Yosh nemis forvardi Gasperini tasavvuridagi hujumchiga juda yaqin: harakatchan, pressingni yaxshi ko‘radigan, bo‘sh zonalarni topa oladigan futbolchi. Aynan shunday profil murabbiyning hujum falsafasiga mos keladi, shu bois Tresoldi nomi Trigoriada tobora ko‘proq tilga olinmoqda.

Il Tempo nashrining jurnalistlari Filippo Biafora va Lorenzo Pes xabariga ko‘ra, Roma allaqachon Club Brugge bilan rasmiy aloqaga kirishgan. Muzokaralar bor, stol ustida takliflar va talablar turibdi.

Futbolchi tanlovini qildi, lekin…

Eng muhim nuqta: Tresoldi Rimga ko‘chib o‘tish niyatini allaqachon bildirgan. U Serie A, Olimpico va Gasperini qo‘l ostida o‘sish imkoniyatini jozibali deb bilmoqda. Futbolchining roziligi odatda transferdagi eng murakkab to‘siqlardan biri bo‘ladi, Roma bu bosqichni tez yengib o‘tdi.

Ammo Club Brugge hali yon bermayapti. Belgiyaliklar moliyaviy talablarini yuqori darajada ushlab turibdi va hozircha chegirma haqida o‘ylayotgani yo‘q. Rimliklar esa balansni buzmasdan, lekin raqobatchilardan ham ortda qolmasdan bu kelishuvni yopishga urinmoqda.

Endi savol bitta: Roma Brugge talab qilayotgan summaga qanchalik yaqinlasha oladi va Gasperini xohlayotgan hujumchi transfer oynasi yopilishidan oldin Trigoriyada paydo bo‘ladimi?