Rodri transferi: Barcelona va City muzokaralari davom etmoqda
Yozgi bozorning eng shov-shuvli hikoyalaridan biri yakuniga yaqinlashmoqda. FC Barcelona va Manchester City o‘rtasidagi Rodri transferi bo‘yicha muzokaralar keskin tezlashgan, tomonlar endi faqat narx borasida yakuniy chiziqqa yaqinlashyapti.
Bir narsa allaqachon ravshan: futbolchi tanlovini qilib bo‘ldi. Rodri Real Madrid taklifini rad etdi va o‘z xohisini ochiq aytdi – u Blaugrana libosini kiyishni istaydi. Shundan keyin jarayonning sur’ati keskin oshdi.
Barcelona ikkinchi zarbani berdi
Katalon klubi dastlab Rodri uchun 50 million yevro taklif qilgan edi. Premier League chempionlari bunday raqamni ko‘rib ham o‘tirmadi – Angliyadagi xabarlarga ko‘ra, Manchester City taxminan 70 million funt sterling, ya’ni 80 million yevro atrofida so‘rayotgani aytilgan.
Shu bois ilk taklif tezda rad etildi. Lekin bu – eshik yopildi, degani emas edi. Tomonlar hafta oxirigacha suhbatni davom ettirish, City talabiga yaqinlashadigan ikkinchi taklifni shakllantirishga kelishib olgan edi. Shunday ham bo‘ldi.
SPORT ma’lumotiga ko‘ra, Barcelona endi ikkinchi taklifini rasman tayyorlab bo‘ldi: 65 million yevro, ustiga 5 million yevro bonuslar. Umumiy paket – 70 million yevro. Bu ilk taklifdan keskin sakrash. City belgilagan chegaradan biroz past, lekin allaqachon jiddiy asosga ega summa.
Har ikki klub ham bitta narsani tushunib turibdi: futbolchining istagi borasida hech qanday bahs yo‘q. Operatsiyani cho‘zishning ma’nosi qolmayapti.
Citydan navbatdagi qadam kutilmoqda
Endi navbat Manchester City tomonida. Kutilishicha, ingliz klubi ham moliyaviy talablarini biroz yumshatishga majbur bo‘ladi. 80 million yevro atrofidagi boshlang‘ich narx – muzokara uchun start nuqtasi edi, lekin bozor realiyati, futbolchining pozitsiyasi va vaqt bosimi bu raqamni pastga tortyapti.
Barcelona tomoni esa o‘z chegarasiga yaqinlashib qoldi. Klub ichkarisida bu ikkinchi taklifni deyarli yakuniy deb qarashmoqda: faqat kichik tuzatishlar, bonuslar tuzilmasi yoki to‘lov muddatlari bo‘yicha o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, xolos.
Katalonlar transferni bugun-ertaga yopishni rejalashtirgan. Ularning stolida ko‘p variant qolmagan, ammo taklif allaqachon City uchun ham jiddiy o‘ylab ko‘radigan darajaga yetdi.
Rodri qarorini qilib bo‘lgan
Rodri o‘z frontida ishni allaqachon tugatgan. U La Liga chempioni bilan to‘rt yillik shartnoma borasida kelishib bo‘lgan va endi faqat klublar o‘rtasidagi kelishuvni kutyapti.
Yana bir muhim detal: u Manchesterga qaytib, Enzo Maresca qo‘l ostida mavsumoldi yig‘inida qatnashishni istamaydi. Shuning uchun ham transferning tezroq yakunlanishi Rodri uchun ham, Barcelona uchun ham strategik ahamiyatga ega.
Maresca omma oldida Rodrini mashg‘ulotlarga qaytadi, degan ohangda gapirgan bo‘lsa-da, kulis ortida boshqa manzara: transfer tobora yaqinlashayotgani aytilmoqda.
Endi savol bitta: Barcelonaning 70 million yevrolik paketi City rahbariyatini Rodridan voz kechishga ko‘ndira oladimi yoki ingliz klubi o‘z yulduzini ushlab qolish uchun oxirigacha qarshilik ko‘rsatadimi?



