Sport Maydon logo

Rodri o‘rnini kim bosadi? Manchester City transfer strategiyalari

Enzo Maresca Manchester City bosh murabbiyi lavozimida atigi olti hafta. Ammo u allaqachon birinchi katta sinoviga yaqinlashyapti.

Rodri atrofidagi shov-shuvlar kuchayib bormoqda. Ispaniyaga qaytishi haqidagi gap-so‘zlar tobora jiddiy tus olyapti. Shartnoma muddati yakuniy yiliga kirgan, Real Madrid qiziqishi ortidan Barcelona tomonidan tushgan 38,5 million funtlik taklif rad etilgan. Bu – bozor bahosi emas, faqat boshlang‘ich nuqta ekanini ko‘rsatadigan raqam.

Trebl yili, 2023-yil. Keyin Ispaniya bilan Yevropa chempioni. Shundan so‘ng esa oldingi xochsimon paychasidagi jarohat Rodri hukmronligini biroz sekinlashtirdi. O‘tgan mavsum City safida u ba’zida eski qudratini eslatdi, yozda esa Ispaniyani Jahon chempionligiga olib chiqqan sardor sifatida yana eng yuqori darajaga qaytdi. Endi u 30 yoshda, obro‘-e’tibori cho‘qqida, bozor qiymati ham shunga yarasha.

Agar u ketishga qaror qilsa, Maresca uchun bo‘shliq ulkan bo‘ladi. Faqat tayanch yarim himoyadagi figura emas, balki yetakchilik, ritm, sovuqqonlik ketadi. Shunday sharoitda savol paydo bo‘ladi: kim Rodri o‘rnini bosishga jur’at qiladi?

Ayman Bouaddi – 18 yosh, Marokash, Lille

Yoz bo‘yi Manchester City va Ayman Bouaddi nomi yonma-yon tilga olinmoqda. Klub marokashlik iqtidor bilan muloqotlar o‘tkazgani haqida xabarlar bor, taxminiy narx – 85 million funt. O‘zi ham bu ko‘chishga ijobiy qarayotgani aytilmoqda.

Bouaddi o‘tgan mavsumda katta sahnaga shov-shuv bilan chiqdi. 2024-yilda Lille tarkibida Champions League doirasida Real Madrid ustidan qozonilgan g‘alabada bosh rolni o‘ynadi, bu esa uni Yevropa futbol xaritasiga qat’iy joylashtirdi. Yozgi Jahon chempionatida ham u o‘zini ko‘rsatdi – endi u shunchaki istiqbolli yigit emas, balki katta bosimga dosh bera oladigan futbolchi sifatida ko‘rilmoqda.

Uning roli – chuqurdan o‘yin boshqaradigan “dirijyor”. Aynan Rodri kabi. To‘pni qabul qiladi, o‘yinni sekinlashtiradi yoki tezlashtiradi, orqa chiziq bilan hujumchilar orasidagi ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Yozda kelgan Elliot Anderson ko‘proq “box-to-box” tipidagi, maydonni kesib o‘tadigan yarim himoyachi bo‘lsa, Bouaddi esa orqada turib, hammasini tartibga soladigan futbolchi bo‘lishi mumkin.

City uchun bu transfer faqat Rodri o‘rnini to‘ldirish emas. Bernardo Silva ketishi ham markazdagi ijodkorlikni kamaytirdi. Bouaddi esa 18 yosh bo‘lishiga qaramay, o‘tgan mavsumda Ligue 1 doirasida 30 o‘yin o‘tkazdi. Bu yosh futbolchi uchun kamdan-kam uchraydigan tajriba. Yoshi kichik, lekin ritmni ko‘tarib olishga allaqachon ulgurgan.

Savol shuki, Maresca darhol tayyor bo‘lgan, yuqori bosim ostida ham xato qilmaydigan tayanchni xohlaydimi yoki sal vaqt berib, o‘z qo‘li bilan shakllantiradigan “proyekt”ni tanlaydimi? Bouaddi ikkinchi toifaga yaqinroq.

Enzo Fernandez – 25 yosh, Argentina, Chelsea

Hozircha Maresca uchun eng real va eng tanish nom – Enzo Fernandez. U bilan Chelsea davrida birga ishlagan, undan nafaqat yarim himoyachi, balki sardor sifatida ham foydalangan. Reece James bo‘lmagan paytda aynan Fernandezni kamarbasta bilan maydonga boshlab chiqqan murabbiy – Maresca.

Shu bois murabbiyning unga bo‘lgan ishonchi shubhasiz. U Enzoni nafaqat texnik, balki xarakter jihatidan ham markaziy figura sifatida ko‘radi. Rodri ketadigan bo‘lsa, City nafaqat tayanchni, balki kiyinish xonasidagi ovozini ham yo‘qotadi. Fernandez bu bo‘shliqni to‘ldirishga qodir nomzod sifatida ko‘rilmoqda.

Ammo bitta katta to‘siq bor: narx. Chelsea uni 120 million funtdan kamiga qo‘yib yubormoqchi emas. City esa allaqachon Elliot Anderson uchun 116 million funt sarfladi. Bunday sharoitda yana bir ulkan transfer qilish – moliyaviy va strategik qaror.

Raqamlar Fernandezni maqtaydi. O‘tgan mavsumda Chelsea safida 54 o‘yinda 15 ta gol, 7 ta golli uzatma. Bu – markaziy yarim himoyachi uchun juda sermahsul ko‘rsatkich. U rostdan ham oldinga yugurishni, raqib jarima maydoniga kirib borishni yaxshi ko‘radi. Maresca qo‘l ostida hech kim Premier League o‘yinlarida undan ko‘proq maydonga tushmadi – bu ham ishonch darajasini ochiq ko‘rsatib turibdi.

Uning paslari ham statistik jihatdan bu ro‘yxatdagi raqiblaridan ustun: muvaffaqiyatli uzatmalar, jarima maydoniga yo‘llangan paslar, uchinchi zonaga yetkazilgan to‘plar soni bo‘yicha Fernandez eng yuqorida. Bunday profil Cityning to‘pni nazorat qilishga asoslangan falsafasiga juda mos tushadi.

Yana bir dramatik chiziq: u yaqinda Argentina bilan Jahon chempionati finaliga yetib bordi, ammo finalda Ispaniyaga qarshi o‘yinda maydondan chetlatildi. Endi u London tomon qaytdi, bu hafta Chelsea mashg‘ulotlariga qo‘shildi. Klub esa uning kelajagi bo‘yicha noaniqlikka chek qo‘ymoqchi: juma kuni, soat 17:00 BST – takliflar uchun yakuniy muddat. Shundan keyin Chelsea uni to‘liq tarkibga qaytarib, asosiy o‘yinchilardan biri sifatida ko‘rishda davom etishni rejalashtirmoqda.

Agar City shu muddatgacha qat’iy qadam tashlamasa, Maresca eng ishonchli variantini qo‘ldan chiqarishi mumkin.

Alex Scott – 22 yosh, Angliya, Bournemouth

Yoz davomida City ko‘z tikkan yana bir nom – Alex Scott. Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi, Bournemouth markazidagi yurak. U klubdan kelgan yangi shartnoma takliflarini rad etmoqda, Premier League raqiblari esa navbat bilan eshik qoqmoqda. Shunga qaramay, uning amaldagi shartnomasi 2028-yilgacha amal qiladi, Bournemouth esa uni qo‘yib yuborish niyatida emas.

Bu pozitsiya qanchalik keskinligini bitta fakt ko‘rsatib turibdi: o‘tgan oy Chelsea Scott uchun 64 million funt taklif qildi, ammo bu taklif rad etildi. Klub hatto keyingi har qanday urinishlarni ham “xush ko‘rmasligini” ochiq bildirdi. Arsenal qiziqishi ham qaytarib yuborilgan.

Scottning o‘yini Maresca falsafasiga juda mos. U to‘pni olib yuradi, chiziqlarni yorib o‘tadi, pressing ostida ham dribblingdan cho‘chimaydi. U energiya olib kiradi, raqib jarima maydoniga uzatmalar qiladi, ikkinchi to‘plar uchun kurashadi, yakkama-yakka duellarda yutishni yaxshi ko‘radi. City to‘pni nazorat qiladigan, ammo ritmni tezlashtirishga ham qodir markaz xohlayotgan bo‘lsa, Scott – tabiiy variant.

Biroq bu yerda ham muammo – narx va mavjud shartnoma. Bournemouth uni kelajakdagi loyiha markazi sifatida ko‘radi va hozircha moliyaviy bosimga bo‘ysunishni istamayapti. City uchun esa bu transfer “zaxira reja”mi yoki Rodri ketgan taqdirda asosiy tayanchga aylanishi mumkin bo‘lgan sarmoyami – mana shu savol hal qiluvchi bo‘ladi.

Maresca oldida uch xil yo‘l turibdi. Bouaddi – kelajakka tikilgan jasur qaror, ulkan potentsial, lekin sabr talab qiladigan loyiha. Fernandez – hozirning o‘zi uchun tayyor yetakchi, murabbiy tizimini yoddan biladigan, lekin juda qimmat variant. Scott – Premier League ritmiga moslashib bo‘lgan, energiyasi baland ingliz, ammo klubidan uzib olish oson bo‘lmagan o‘yinchi.

Rodri kelajagi bo‘yicha qaror qanchalik tez qabul qilinsa, City ham shunchalik tez o‘z yo‘lini tanlashi kerak bo‘ladi. Maresca uchun bu shunchaki transfer bozoridagi bir qadam emas. Bu – uning Manchester City davrini qanday futbolchi bilan boshlashini belgilab beradigan tanlov.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling