Real Madrid: Manuel Ángel va David Jiménezning kelajagi
Valdebebas ichkarisida mashg‘ulotlar avvalgidek qattiq. Lekin Manuel Ángel ham, David Jiménez ham bitta narsani aniq biladi: ularning ertasi endi Real Madrid bilan bog‘lanmaydi. Ular to‘xtamasdan ishlayapti, ammo ko‘zlari boshqa manzilda — Ispaniya La Liga va Segunda klublari, shuningdek, Yevropaning turli ligalaridan tushayotgan takliflarda.
Akademiya bitimlaridan tushgan tushum allaqachon 199 million yevroga yetdi va bu rekord. Endi navbat shu ikkilikka. Jacobo Ortega transferidan keyin ular ketish ro‘yxatida keyingi bo‘lib turibdi. Shu sababdan klub ularni Castilla tarkibidan chetga oldi: na o‘rtoqlik uchrashuvlari, na rasmiy o‘yinlar. Xavf juda oddiy — kichik jarohat ham hal qiluvchi transferni buzib qo‘yishi mumkin. Bu ehtiyot chorasi haqida Ispaniya nashri “AS” xabar berdi.
Manuel Ángel: o‘yinni boshqaradigan miya
Manuel Ángel aslida o‘tgan yozdayoq ketishi mumkin edi. Uni bir nechta klub jiddiy ta’qib qildi. Eng ko‘p qistaganlardan biri Levante bo‘ldi, Aston Villa ham o‘z imkonini sinab ko‘rdi. Biroq u yana bir mavsumga qolishni tanladi.
O‘tgan mavsumda u Álvaro Arbeloa qo‘l ostida sardorlik bog‘ichini taqdi, keyin López de Lerma davrida ham yetakchi bo‘lib qoldi va yakuniga kelib tobora ko‘proq birinchi jamoa bilan shug‘ullana boshladi. 7 ta o‘yin, 129 daqiqa. Qog‘ozda bu ko‘p emasdek ko‘rinadi, lekin uning uchun shu vaqtning o‘zi yetarli bo‘ldi: u allaqachon yuqori darajaga tayyor ekanini ko‘rsatdi.
22 yoshda, bo‘yi 170 sm. Manuel 2014 yilda Real Madrid akademiyasiga qo‘shilgan va bugun Arbeloa boshchiligidagi mashhur “trebl avlodi”ning eng yorqin vakillaridan biri sifatida tilga olinadi. Bu guruhga Nico Paz, Gonzalo, Palacios va Jacobo Ramón ham kiradi. Arbeloaning o‘zi uni “o‘yinning yo‘nalishini butunlay o‘zgartirib yuboradigan futbolchi” deb ta’riflagan.
U maydonda katta ko‘rinmaydi, ammo markazni o‘ziga bo‘ysundiradi. Aql bilan, ritmni his qilish bilan, ikki oyog‘ini birdek ishlatish mahorati bilan. Standart vaziyatlarda ham o‘ng, ham chap oyog‘i bilan zarba beradi. Valdebebasda hazil qilishadi: “O‘zi ham qaysi oyog‘i yetakchi ekanini bilmaydi!”
12 yil “La Fábrica” devorlari orasida o‘tdi. Endi esa unga bo‘lgan qiziqish real takliflarga aylanishi kutilmoqda. Bu safar u qarorni cho‘zmaydi — yangi bob ochilish arafasida.
David Jiménez: Arbeloaning maydondagi o‘ng qo‘li
Agar Manuel Ángel akademiyaning “miyasi” bo‘lsa, David Jiménez — uning “qo‘li”. Xususan, o‘ng qanoti. U ham o‘sha trebl avlodidan, o‘sha g‘alabali mavsumda deyarli 20 ta golli uzatmaga yaqinlashgan futbolchi.
Valdebebasdagilar uni bekorga “Arbeloaning maydondagi o‘ng qo‘li” demaydi. Yana bir ta’rif bor: “akademiyadagi eng zo‘r o‘ng oyoq”. U klassik himoyachi emas, hujumkor full-back. Raqib maydon yarmida doimiy tahdid, standartlarda asosiy ijrochi, to‘p bilan esa markaziy yarim himoyachidek xotirjam.
Akademiya ichida uni shunday ifodalaydi: “Oldinga borayotganda bor kuchi bilan yorib o‘tadi, yetakchi xarakteriga ega, zarba va to‘p bilan muomalada Carvajalni eslatadi”. Uning qat’iyati, xarakteri va maydondagi agressivligi bolalikdagi buti bo‘lgan Arbeloa bilan juda o‘xshash. Keyinchalik aynan shu odam unga eng katta suyanchiq bo‘ldi.
2004 yilda tug‘ilgan, 2013 yildan beri klub tizimida. Bo‘yi — 1,70. O‘tgan mavsumda u birinchi jamoa safida so‘nggi 153 daqiqasini o‘tkazdi, shundan 91 daqiqasi Xabi Alonso qo‘l ostida. Murabbiylar shtabida bu daqiqalar iz qoldirdi. Endi u Real Madrid “pufagi”dan tashqariga sakrash uchun yetarli tajribaga ega. Faqat uchqun kerak. Valdebebasda hamma bu uchqun tez orada yonishini kutyapti.
200 million yevrolik yoz: “La Fábrica” oltin koniga aylandi
Manuel Ángel va David Jiménez transferlari amalga oshishi bilan Real Madrid akademiyasi yozgi tushum bo‘yicha tarixiy marrani buzib o‘tadi. Klub allaqachon 199 million yevrodan oshgan raqamni qayd etdi, Jacobo Ortega uchun olingan 10 million esa bu summani yuqoriga surib qo‘ydi. Endi esa chegaradan o‘tish masalasi faqat vaqtga qarab turibdi.
Valdebebasda bu haqida anchadan beri gap bor edi. “Tarixiy yoz” degan ibora ichkarida hazil emas, reallikka aylanmoqda. Klub ko‘plab futbolchilar bo‘yicha kelajakdagi sotuvlardan ham foiz saqlab qolgan, bu esa “La Fábrica”ni nafaqat futbolchi, balki moliyaviy aktiv yetishtiruvchi tizimga aylantirmoqda.
Hozirgacha sotilgan futbolchilar ro‘yxati o‘ziyoq hammasini aytib turibdi: Nico Paz (60 million yevro), Gonzalo (40 million), Víctor Muñoz (20,5 million), Gila (15 million), Álvaro Rodríguez (12,5 million), Álex Jiménez (12,5 million), Palacios (10 million), Jacobo Ortega (10 million), Fran García (4 million), Mario Martín (3 million) va Fran González (3 million). Yana Sisteró, Yáñez va Juan Martínez kabi nomlarga ham jiddiy qiziqish bor.
“La Fábrica” o‘n yillar davomida Real Madrid uchun sport maydonida tayanch bo‘lib kelgan bo‘lsa, bugun u moliyaviy maydonda ham asosiy ustunlardan biriga aylanmoqda. Savol bitta: bu yoz rekordlari ertaga Bernabéu gazonida qanday futbolchilar bilan qoplanadi?



