Sport Maydon logo

Raphinha: yangi mavsum va jarohatlardan qaytish

Raphinha uchun bu yoz oddiy ta’til emas. Bu – qutulish, o‘zini oqlash, yana maydon markaziga qaytish yozidir.

Braziliyalik vinger bu hafta Angliyada boshlanadigan “Barcelona”ning yangi mavsum oldi yig‘iniga qo‘shilishga hozirlanar ekan, orqasida og‘ir bir yilni qoldirmoqda: mundial umidlari chilparchin bo‘ldi, mushak jarohatlari takrorlandi, shov-shuvli mish-mishlar tinmadi. Endi esa u hammasini ortda qoldirmoqchi.

Flickning hujumi shakllanmoqda

Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, Hansi Flick tabassum qilish uchun yetarlicha sabab topdi. Anthony Gordon (25) va Karim Adeyemi (24) transferlari bilan birga, 2026–2027-yilgi mavsum uchun chizilgan hujum chizig‘ida yana bir tanish nom turibdi: Raphinha (29).

U yangi futbolchi emas, lekin nemis murabbiyi qo‘l ostida qo‘lga kiritilgan besh sovrinda braziliyalikning izini ko‘rmasdan iloj yo‘q. Flickning “Barcelona”si g‘alaba qozongan har bir frontda u muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qildi.

29-iyul kuni Raphinha Angliyadagi yig‘inga rasman qo‘shilishi kerak. Yig‘in 3-avgustgacha davom etadi va ikki o‘rtoqlik uchrashuvini o‘z ichiga oladi: 31-iyul kuni Birmingham City, 3-avgustda esa Preston North Endga qarshi. Klub uni allaqachon sport shaharchasiga kelib, jamoa bilan birga uchib ketishi ham mumkinligini istisno qilmayapti.

Mundialdan keyingi bo‘shliq

5-iyul. Braziliya 2026-yilgi Jahon chempionatidan Norvegiya (1:2)ga mag‘lub bo‘lib, kutilmaganda erta chiqib ketdi. Oradan uch hafta o‘tdi. Shu vaqt ichida Raphinha mushak jarohatidan forig‘ bo‘ldi, jismoniy holatini tikladi, eng muhimi – mundial atrofida aylanib yurgan og‘ir sarlavhalardan biroz uzoqlashdi.

Al-Hilal tomonidan go‘yoki 80 million yevrolik taklif bo‘lgani, ammo bu taklif futbolchining o‘ziga yetib bormagani haqida yozildi. Raphinha bularning barchasini e’tiborsiz qoldirdi. OAV uni Orlando va Ibiza atrofida, oilasi davrasida dam olayotganini qayd etdi – bu safar ijtimoiy tarmoqlardan emas, ko‘proq o‘zini yig‘ib olish uchun.

Mundialga u Braziliya hujumidagi eng yorqin figuralardan biri sifatida bordi. Ammo guruh bosqichidayoq olgan mushak jarohati hamma rejasini buzdi.

Jarohat qayta urgan lahza

Haiti bilan o‘yinda hammasi bir lahzada o‘zgardi. O‘ng tizzasi orqa tomonidagi son mushagida og‘riq sezgan Raphinha zudlik bilan almashtirildi. Tibbiy tekshiruvlar muammoni tasdiqladi, lekin uni turnirdan butunlay chiqarib yubormadi. Umid qoldi.

Norvegiya bilan hal qiluvchi uchrashuvga kelganda shifokorlar uni o‘ynashga yaroqli, deb topdi. Ammo u butun o‘yin davomida zaxirada qoldi. “Barcelona” futbolchisi uchun bu o‘yin nafaqat mundial, balki butun notekis mavsumning alamli yakuniga aylandi.

Kataloniyada u sentabr va martdagi xalqaro tanaffus atrofida olgan jarohatlariga qaramay, sovrinlar yutdi. Flickning birinchi mavsumida u hujumdagi yetakchilardan biriga aylandi va shunday holatda Jahon chempionatiga yetib keldi. Biroq Frantsiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida olgan jarohat qaytalanishi barcha rejasini yana vayron qildi.

O‘sha o‘ng tizza orqasidagi hamstring uni yana sotdi. Xuddi Braziliya bilan mart oyidagi o‘yinda bo‘lgani kabi. Bu safar u “Barcelona” safidan besh haftaga tushib qoldi, bu esa klubning Copa del Rey va Champions League bilan xayrlashgan davriga to‘g‘ri keldi.

Maydondan tashqaridagi bosim

Mundialdagi umidsizlikka moliyaviy va oilaviy muammolar haqidagi da’volar ham qo‘shildi. Atrofidagi odamlar bu gaplarni rad etishga majbur bo‘ldi. Shov-shuv kuchaydi, ammo aniq tasdiq bo‘lmadi.

Shunga qaramay, Raphinha uchun asosiy front baribir maydon edi. Endi u jarohatlarni ortda qoldirib, Flick qo‘l ostida topgan eng yaxshi formasini qayta tiklashni maqsad qilgan. O‘tgan mavsumda u gollar, golli uzatmalar va umumiy samaradorlik bo‘yicha shaxsiy rekordlarini yangiladi. 2024–2025-yilgi mavsum yakunida uning nomi Ballon d’Or atrofida tilga olingani bejiz emas.

“Barcelona”ning rejasi aniq

Endi klub va futbolchi uchun bitta maqsad bor: mushak jarohatlarining zanjirini uzish. U juda ko‘p o‘yinlarni sog‘inib yubordi, Flick tizimidagi muhim bo‘g‘in esa har safar yo‘qolganida, hujum mexanizmi o‘zgarishga majbur bo‘ldi.

“Barcelona” uning jismoniy tayyorgarligiga alohida yondashadi. Shaxsiy, maxsus dastur ishlab chiqiladi, u orqali Raphinha kuchini qayta tiklashi, o‘zining odatiy portlovchan tezligi va keskir driblingiga qaytishi kerak.

Klub prezidenti Joan Laporta buni so‘z bilan emas, aniq pozitsiya bilan belgilab qo‘ydi: “Biz uning Barcelona’dan ketishini istamaymiz”. Bu gap ortida ikkita xulosa yotadi: birinchisi, Raphinha hali ham loyihaning markazida; ikkinchisi, endi navbat o‘zini yana bir bor isbotlashga kelgan.

Angliyadagi yig‘in, Birmingham City va Preston North Endga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari – bu shunchaki mashg‘ulot emas. Bu Raphinha uchun yangi bosqichning birinchi sahifasi. Savol esa oddiy: u bu safar tanasi bilan kelishib, Flick hujumidagi bosh rolni butun mavsum davomida ushlab tura oladimi?