Sport Maydon logo

Premier League: Arsenal sabrning oxiriga yetmoqda

Premier League yangi mavsum oldidan maydonda emas, sud zallarida ham taranglik kuchaygan. Uch yildan oshiq vaqt davomida havoda muallaq qolayotgan, moliyaviy qoidabuzarlik bo‘yicha yuzdan ortiq ayblov qo‘yilgan Manchester City ishi endi nafaqat muxlislar, balki raqib klublar rahbariyatining ham asabini yemirmoqda.

Shu kayfiyatni bu safar ochiq aytganlardan biri – Arsenal bosh ijrochi direktori Richard Garlick.

“Hammaning xohishi bitta – tezroq aniqlik”

Garlick BBC Sport’ga bergan intervyusida jarayonning cho‘zilib ketganidan noroziligini yashirmadi.

“Bu ancha vaqtdan beri davom etyapti. Liga ham, jamoalar ham keyin nima bo‘lishini bilishni istaydi”, – dedi u. “Bu mening nazoratimdagi narsa emas. Taxmin ham qila olmayman. Faqat yechim juda tez topilishiga umid qilaman”.

Uning bu gaplari tasodifiy emas. Mustaqil komissiya intizomiy eshituvni yakunlaganiga qariyb bir yarim yil bo‘ldi. City ilk bor ayblovlarga uchraganiga esa uch yarim yil to‘ldi. Hali ham hukm yo‘q. Hali ham aniqlik yo‘q.

City esa boshidan beri barcha ayblovlarni rad etib keladi.

Masters murakkablikni ro‘kach qilyapti, klublar esa toqatsizlanmoqda

Premier League bosh ijrochi direktori Richard Masters ham bir kun avval jarayon muddatidan cho‘zilganini tan oldi, lekin qo‘lidan ko‘p narsa kelmasligini aytdi.

U ishni “nihoyatda murakkab” deb ta’riflab, liganing tartiblari qat’iyligini eslatdi: jarayon oxiriga yetishi kerak, boshqa yo‘l yo‘q, degan ma’noda gapirdi.

Ammo kulis ortida kayfiyat boshqacha. So‘nggi 24 soat ichida BBC Sport bilan gaplashgan bir qator klub amaldorlari shaxsiy tarzda noroziligini bildirgan. Ular bu mustaqil jarayon o‘z yo‘liga ketayotganini tan oladi, lekin shu bilan birga, tizimning o‘zi tezkor yechim bera olmayotganidan charchagan.

Bir rahbar ligani “tezroq xulosa chiqaradigan yaxshiroq tizim ustida faol ishlashga” chaqirgan. Yana biri esa 2023–24 mavsumida moliyaviy nizolar bo‘yicha yuridik xarajatlar 45 million funtga chiqib ketgani fonida bunday cho‘zilgan sudlashuvlar narxi tobora xavotir uyg‘otayotganini eslatgan.

Yiliga o‘nlab millionlab funt sud va advokatlarga ketayotgan paytda, natija hanuz yo‘q. Savol esa o‘sha-o‘sha: bu qachongacha davom etadi?

City sarflayapti, yutayapti, qolganlar esa “limbo”da

Raqiblarning noroziligi tushunarli. City maydonda ham, transfer bozorida ham to‘xtashni bilmayapti.

Bu yozgi transfer oynasining o‘zida klub 151 million funt sarfladi. Shundan 116 millioni – klub rekord summasi – Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Elliot Anderson uchun.

2023 yil fevralida ayblovlar qo‘yilgandan beri City yangi futbolchilarga deyarli 700 million funt sarflagan va shu davr ichida olti yirik sovrinni qo‘lga kiritgan.

Raqiblar esa shu orada noaniqlik ichida yashayapti. Qoidalar bir xil bo‘lishi kerak bo‘lgan ligada kimdir moliyaviy frontda hamon to‘liq javob kutayotgan bo‘lsa, boshqalar cheksiz resurs bilan sovrinlarni to‘plab yuribdi. Tabiiyki, sabr tugay boshlaydi.

Arsenal uchun murakkab yoz: kelgan Bruno, kelmay qolgan yulduzlar

O‘z yo‘lida Arsenal ham bozorni titkilab yuribdi, lekin yozgi oynani “muvaffaqiyatsiz va chalkash” deb atashga asoslar yetarli.

London klubi Bruno Guimaraes’ni olib kelishga muvaffaq bo‘ldi, biroq yuqori darajadagi boshqa nishonlar qo‘ldan chiqdi. Vinicius Jr bilan kelishuv amalga oshmadi, Morgan Rogers ham boshqa yo‘lni tanladi.

Garlick baribir ijobiy ohangni saqlayapti. Uning fikricha, klub hali ham jamoani sezilarli kuchaytiradigan futbolchilarni olib kelish imkoniyatiga ega.

“Premier League chempionligi yoki Champions League kubogi uchun kurashayotganingizda, ma’lum darajadagi futbolchilarni olib kelishingiz kerak bo‘ladi. Endi bunday darajadagi futbolchilar hovuzi bir necha yil avvalgiga qaraganda ancha kichik”, – deydi u. “Bizda juda raqobatbardosh tarkib bor. Agar keyingi bir-ikki hafta ichida Arsenal’ni yaxshilaydigan futbolchini qo‘shish imkoniyati tug‘ilsa, bunga albatta qaraymiz”.

Yuqori polkdagi futbolchilar soni kam, raqobat keskin, narxlar osmonda. Shunday sharoitda har bir muvaffaqiyatsiz muzokara, har bir qo‘ldan boy berilgan nishon yana-da og‘irroq seziladi.

Arteta masalasi: tinchlik va ishonch

Shu shovqin ichida klub ichki barqarorlikni ham saqlab qolishi kerak. Ayniqsa, bosh murabbiy Mikel Arteta shartnomasi masalasida.

Chempionlikni qo‘lga kiritgan murabbiy amaldagi kelishuvi bo‘yicha so‘nggi 12 oyga kirgan. Bu odatda tashvish uyg‘otadigan nuqta. Ammo Garlick bu borada ham xotirjam.

“Mikel Arsenal’da bo‘lishni xohlaydi, biz esa Mikel’ni Arsenal’da ko‘rishni istaymiz”, – deydi u. “Bu faqat yangi shartnomaga aylantirish masalasi. Hamma ishonch bilan va xotirjam. Transfer oynasini boshdan kechiryapmiz, Mikel’ning shartnomasi tez orada hal bo‘lishiga ishonaman”.

Yangi kelishuv e’lon qilinishi kutilayotgan bir paytda, Arteta atrofidagi bu xotirjamlik kamdan-kam uchraydigan narsa. Ayniqsa, liga eng yuqori pog‘onasida raqobat bunchalik keskinlashgan bir vaqtda.

Savol ochiq: hukm qachon tushadi?

Garlickning ochiqchasiga gapirishi – o‘zi alohida signal. Yirik klublar rahbarlari odatda bunday masalalarda sukutni afzal ko‘radi. O‘tgan yili sobiq Tottenham raisi Daniel Levy “bu ish juda uzoq cho‘zilib ketdi”, deb aytgandi, xolos. Shundan beri deyarli hech kim baland ovozda gapirmadi.

Endi esa Arsenal rahbari ham sabr kosasi to‘layotganini ko‘rsatdi. U aytayotgan gaplar aslida butun ingliz futboli ichida aylanib yurgan savollarni ovozga chiqarib qo‘ydi: bu ish qachon tugaydi? Qoidalar qachon bir xil qo‘llanadi? Va eng muhimi – Premier League eng yuqori darajadagi raqobatni saqlab qolish uchun bu bo‘shliqlarni qanchalik tez yopadi?

Yangi mavsum boshlanmoqda. Maydonda gollar, tribunada shovqin, ekranlarda drama. Ammo liganing obro‘si uchun eng muhim zarba, ehtimol, hali sud xonasida kutilayotgandir.

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling