Sport Maydon logo

Porsche GT3 kelajagi: Prototiplar xavfi

Porsche Motorsport rahbari Thomas Laudenbach GT3 bo‘yicha bahsni jim kuzatib turganlardan emas. U SRO boshlig‘i Stephane Ratel ko‘targan xavotirlarni ochiq qo‘llab-quvvatladi va butun paddokni – ayniqsa yangi ishlab chiqaruvchilarni – toifani asl ildizlariga qaytishga chaqirdi.

IMSA’ning Road America bosqichida gapirgan Laudenbach GT3’ni bugungi yo‘nalishi bilan kelajakdagi xavfli burilish o‘rtasida qolgan sinf sifatida ko‘rmoqda.

“Men uning deyarli barcha fikrlariga qo‘shilaman. U bilan uzoq gaplashdim va qarashlarini to‘liq bo‘lishaman”, – dedi u. “Ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Eshikni ehtimol juda keng ochib yubordik. Bu hamon GT bo‘lishi kerak. Va u arzonroq bo‘lishi kerak”.

GT3 yo‘ldan chiqyaptimi?

Ratel bir necha haftadan beri paddokni bezovta qilayotgan savolni o‘rtaga tashladi: GT3 asl g‘oyasidan uzoqlashmayaptimi?

Uning fikricha, xarajatlar portlab bormoqda, mashinalar esa tobora ko‘proq sof poyga platformasiga o‘xshab, ko‘chadan kelgan sportkar emas, deyarli prototipga aylanyapti. GT3 ilk bor aynan aksincha tamoyilga qurilgandi: avval ko‘chada yuradigan avtomobil, keyin undan poyga varianti.

2028 yildan keyingi avlod bu bahsni yanada keskinlashtiradi. Genesis, Mercedes va Toyota yangi GT3 dasturlarini rejalashtiryapti. Ratel ta’kidlaganidek, bu loyihalar avvalo poyga mashinasi sifatida tug‘ilyapti, so‘nggina cheklangan miqdorda yo‘l versiyalari “moslashtirilmoqda”. Qog‘ozda GT3, amalda esa poyga uchun yaratilgan, ko‘chaga zo‘rg‘a chiqariladigan texnika.

Laudenbach aynan shundan xavotirda.

“Men prototiplarni ko‘rishni xohlamayman. Aksini ko‘rishni istayman”, – dedi u. “Bizda ko‘chada yuradigan mashinalar bor, va shulardan poyga mashinasi chiqaramiz. GT3’ning tabiati shunday. Hozir esa menga yoqmaydigan tendensiyani ko‘ryapman”.

Porsche bu borada, deyarli, “toza qo‘l” bilan turibdi. 911 – brendning yillar davomida bayroqdori, ko‘chada ham, trekda ham. Lekin Laudenbach juda yaxshi biladi: agar raqiblar yangi yo‘l tanlasa, g‘alaba uchun kurashayotgan har bir ishlab chiqaruvchi bir payt kelib shu yo‘lga tushishga majbur bo‘ladi. Shunda butun sinf asl kontseptsiyadan uzilib ketishi mumkin.

“Eshik allaqachon ochilgan, endi mezon kerak”

Laudenbach Ratelning takliflari borasida ham aniq pozitsiyada.

“U yaxshi takliflar berdi”, – deydi u. “Lekin bu biroz sodda qarash, chunki eshik allaqachon ochilgan. Endi choralar va aniq mezonlar belgilash kerak. Boshqalarni boshqa qoidalar bilan ichkariga kiritib bo‘lgan bo‘lsangiz, bu juda murakkab”.

Shunga qaramay, u harakat qilish zarur deb hisoblaydi. Gap faqat texnika haqida emas, butun GT3 modeli – ayniqsa mijoz jamoalar tizimi haqida ketmoqda.

“Men GT prototiplarini GT3 ichida poyga qilayotganini ko‘rishni istamayman. Hozir ishlab chiqaruvchilar xilma-xilligi juda yaxshi. Lekin men bu biznesda yetarlicha uzoqman – hammasi bir zumda qulab tushishi mumkinligini bilaman. Shuning uchun ehtiyot bo‘lishimiz shart”.

Ratel taklif qilgan asosiy yo‘nalishlardan biri – haqiqiy mijoz jamoalarini majburiy ravishda ko‘paytirish. Laudenbach bu fikrni yanada keskinlashtiradi.

“Men hatto ko‘proq mijoz mashinalari bo‘lishi kerak, deb aytgan bo‘lardim. U kamida 30 dedi, ehtimol bundan ham ko‘proq bo‘lishi kerak”, – deydi u.

Uning nazarida, ayrim brendlar GT3’ni faqat qog‘ozda mijoz loyihasi sifatida yuritmoqda. Aslida esa, ular mashinani sotsada, uning atrofida deyarli to‘liq zavod qo‘llovi aylanadi.

“Bu, meningcha, sportning tabiati emas”, – deydi u keskin ohangda.

IMSA’dagi Porsche modeli: zavod soyada, mijozlar sahnada

Laudenbach o‘z dalilini ko‘rsatish uchun hozir turgan maydonni – IMSA’ni misol qilib oladi.

“Bu yerda bizda zavod jamoasi yo‘q, bizda AO va Manthey bor”, – deydi u. “Manthey ham mijoz, ular o‘z brendini AQShda targ‘ib qilmoqchi. Bu ajoyib, menimcha. Biz ishni shunday qilamiz”.

Porsche GT sinflarida bevosita zavod jamoasini tushirmaslikka qat’iy qaror qilgan. Zavod resurslari GTP’da jang qiladi. GT3 esa mijozlar, xususiy jamoalar, o‘z riskini o‘zi ko‘taradigan sportchilar uchun maydon bo‘lib qolishi kerak.

“GT sinflarida zavod qo‘llovi – seriya uchun ham, GT klassi uchun ham juda nozik masala”, – deydi Laudenbach. “Bu yerda AO nima ko‘rsatayotganini ko‘ring. Bu ajoyib poyga. Men zavod jamoasiga muhtoj emasman. Zavod GTP’da bellashmoqda”.

Uningcha, GT3’ning kuchi – aynan shunda. Xususiy jamoalar, haqiqiy mijozlar, ko‘chadan kelgan sportkarlar. Bu model buzilsa, GT3 o‘z ruhini yo‘qotadi.

Laudenbach oxirida bitta sodda, lekin og‘ir gapni aytadi: “Men bu xavotirni juda kuchli bo‘lishaman. Toifa to‘g‘ri yo‘ldan borishiga umid qilaman. Agar u qulab tushsa, bu haqiqiy fojia bo‘ladi”.

Savol esa ochiq qoladi: ishlab chiqaruvchilar g‘alaba ortidan quvib, GT3’ni prototiplar soyasiga sudrab ketadimi yoki paddok o‘z vaqtida tormoz bosib, sinfni yana ko‘chadagi sportkarlarga yaqinlashtira oladimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling