Sport Maydon logo

Pirlo Italiya terma jamoasi murabbiyligidan chetlatildi

Andrea Pirlo Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga endi nomzod emas. Buni u o‘zi tasdiqladi. Ammo bu safar taktika yoki natijalar emas, balki siyosat va qimor homiyligi uning yo‘lini to‘sdi.

Fonbet atrofidagi bosim

Pirlo Rossiyaning Fonbet bukmeker kompaniyasi bilan tuzgan homiylik shartnomasi sabab tanqidlar markazida qoldi. Bir qator italiyalik siyosatchilar fikricha, Rossiya bilan urushayotgan Ukraina tomonida turgan mamlakatda terma jamoa bosh murabbiyi bunday hamkorlikka ega bo‘lmasligi kerak.

Pirlo esa o‘zini oqlashga urindi. Instagram’dagi yozuvida u shunday deb yozdi: kecha kechqurun o‘zi Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun endi nomzod emasligini eshitganini ma’lum qildi. U avvalroq Fonbet bilan kelishuvni Birlashgan Arab Amirliklaridagi ishiga bog‘lab, bu hamkorlikni “faqat tijoriy va sportiy maqsadlarga” xizmat qiladi, deb ta’kidlagan edi. Uningcha, bu bitimga siyosiy ma’no yuklash – u hech qachon aytmagan va o‘ziga xos deb bilmaydigan qarashlarni unga yopishtirish bilan barobar.

Ammo bu izohlar siyosiy maydondagi shubhalarni tarqatmadi. Aksincha, bahs yanada keskinlashdi.

Maldini qo‘lladi, siyosatchilar qarshi chiqdi

Yangi tayinlangan FIGC texnik direktori Paolo Maldini Pirlo nomzodini ochiq qo‘llab-quvvatlagan edi. Futbol nuqtayi nazaridan qaralsa, bu tandem ko‘plarga jozibali ko‘ringan: maydonda ham, tashqarisida ham katta tajriba, katta nomlar. Ammo siyosiy shamol boshqa tomonga esdi.

Yevropa Parlamenti vitse-prezidenti Pina Picierno ijtimoiy tarmoqlarda juda keskin fikr bildirdi. Uningcha, ketma-ket mag‘lubiyatlar va yana bir bor Jahon chempionati yo‘llanmasidan quruq qolganidan so‘ng, Italiya futboliga “madaniy, axloqiy va boshqaruv inqilobi” zarur edi. Picierno fikricha, Pirlo tanlovi bu yo‘nalishning butunlay teskarisi.

Senat rahbari Ignazio La Russa ham shubhasini yashirmadi. U Ansa axborot agentligiga bergan fikrida Pirlo murabbiy sifatida “zulmatga sakrash” ekanini aytdi. La Russa Pirlo o‘yinchi sifatida buyuk bo‘lganini tan oldi, lekin terma jamoa boshqaruvi – mutlaqo boshqa mas’uliyat, degan ishorani berdi.

Azione partiyasi yetakchisi Carlo Calenda esa yanada keskinroq nutq ishlatdi: 2022 yildan keyin Rossiyani targ‘ib qilgan yoki qilayotgan hech kim milliy lavozimni egallamasligi kerakligini ochiq aytdi. Shu jumla atrofida bahs faqat sport maydonidan chiqib, to‘liq siyosiy maydonga ko‘chdi.

FIGCning murabbiy qidiruvi va yo‘qolgan imkoniyat

FIGC aslida Pirloga darhol murojaat qilmagan. Avval ular Gennaro Gattuso o‘rniga katta kalibrdagi nomlarni qidirdi. Pep Guardiola va Carlo Ancelotti – federatsiya ro‘yxatidagi birinchi variantlar bo‘lgan. Har ikki murabbiy ham turli sabablarga ko‘ra Italiya terma jamoasiga kelmadi, shundan so‘ng Pirlo nomi jiddiy muhokamaga chiqa boshladi.

Pirlo Dubai United bilan amaldagi shartnomasini tark etishga tayyor edi. Uning uchun bu lavozim – nafaqat professional sakrash, balki ramziy qaytish, Azzurri bilan yangi bob yozish imkoniyati edi. Lekin Fonbet bilan hamkorlik siyosiy maydonda juda qimmatga tushdi. Natijada, futbol federatsiyasi ham, siyosiy doiralar ham bir savolga duch keldi: murabbiy tanlovida chiziq qayerda chiziladi – maydondami yoki tashqarisidami?

Javob aniq bo‘ldi. Pirlo chetda qoldi.

Endi kim? Eski tanishlar yana kun tartibida

Endi FIGC yana tanish yo‘lga qaytmoqda. Roberto Mancini va Antonio Conte nomlari yana kun tartibiga chiqdi. Har ikkisi ham avval Italiya terma jamoasini boshqargan, tizimni biladigan, bosimni his qilib ko‘rgan murabbiylar.

Mancini – Yevropa chempionligi sovrindori, ammo keyingi inqiroz va ketma-ket omadsizliklar uning davrini chiziq tortib qo‘ydi. Conte – intizom va intensivlik timsoli, lekin federatsiya bilan ishlash oson bo‘lmagan xarakteri hamon yodda.

Italiya futboli navbatdagi burilish nuqtasida turibdi: ketma-ket uchinchi Jahon chempionati yo‘llanmasiz, siyosiy bosim ostida qolgan murabbiy tanlovi, muxlislar sabr kosasi esa allaqachon to‘lib-toshgan.

Savol endi bitta: Azzurri uchun navbatdagi davrni kim boshlaydi – eski yo‘lga qaytishmi yoki nihoyat haqiqiy yangilanishmi?